Milliy armiya – Yangi O‘zbekiston barqarorligini ta’minlashning ishonchli kafolati

02.12.2024 01:56

«Milliy armiyamiz va xalqimizning faol hamkorligi tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining ishonchli kafolatiga, chinakam jasorat va matonat maktabiga aylanmoqda».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni
Shavkat Mirziyoev

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston armiyasi murakkab va shu bilan birga sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Qurolli Kuchlar mustaqillikni ishonchli ta’minlash, respublikada demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish kafolatiga aylandi.
So‘ngi yillarda Qurolli Kuchlarda olib borilgan tub islohotlar natijasida mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xavfsizlik va barqarorlikni, chegaralar daxlsizligini ta’minlay oladigan, shuningdek xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal qilishga qodir mobil, ixcham va yuqori texnologik milliy armiyamiz shakllandi.
Bugungi kunda armiyamiz jismoniy, ma’naviy, ilmiy jihatdan tayyor, shuningdek zamonaviy qurollardan foydalanish bo‘yicha ilg‘or bilim, ko‘nikmalarga ega.
Avvalambor, tarixan qisqa davrda, O‘zbekiston Respublikasining harbiy siyosatini belgilovchi, qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yanada oshirish imkonini beruvchi bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bunday hujjatlar sirasiga O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida», «Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida», «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida», shuningdek mudofaa sohasidagi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan bir qator farmon va qarorlar va harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasida xalqaro shartnomalar kiradi.
Mudofaa doktrinasi davlatning mudofaa sohasidagi siyosatini va harbiy qurilishini belgilaydi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha asosiy yo‘nalish va zamonaviy yondashuvlarni aks ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa siyosati quyidagi printsiplarga asoslanadi:
boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno;
xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmaslik;
boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimoliy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik va Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda qatnashmaslik;
mudofaaning etarli darajada bo‘lishi;
harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi;
yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish;
Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona to‘g‘risidagi shartnoma printsiplariga sodiqlik;
o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
xalqning ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga va o‘ziga xos madaniy tamadduniga tayanish.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi umum e’tirof etilgan xalqaro huquq normalariga amal qilgan va milliy qonunchiligiga asoslangan holda tinchliksevar va pragmatik harbiy siyosatni olib bormoqda.
Shu bilan birga, kontseptual strategik hujjatlar doirasida (Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi, «O‘zbekiston-2030») murakkab xalqaro vaziyat, qurolli to‘qnashuvlar o‘choqlar, terrorizm va radikal ekstremizmning kengayishi sharoitida O‘zbekiston Respublikasining harbiy va siyosiy rahbariyati qo‘shinlarning harbiy tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda:
Birinchidan, Prezidentimiz tashabbusi bilan «Xalq va armiya bir tanu-bir jon» tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur sektorlar armiya bilan mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi, hududiy mudofaa masalalarida hal etuvchi organ bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlar ilg‘or tajribasi asosida harbiy kadrlar tayyorlash tizimi qayta tashkil etildi va optimallashtirildi.
Xususan, yangi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari harbiy instituti va Oliy harbiy aviatsiya maktabi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Qurolli Kuchlarning tibbiyot Akademiyasi tashkil etilib, qisqa vaqt ichida innovatsion qurilmalar va jahon darajasidagi texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy o‘quv-moddiy baza bilan jihozlandi.
Shuningdek, «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari esa professional kadrlar tayyorlanadigan maskanlarga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, so‘nggi yillarda ilmiy salohiyat 4 % dan 56,7 % ga etkazildi.
Uchinchidan, mudofaa sanoati majmuasi faol rivojlantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi tashkil etildi va ayrim turdagi qurol-yarog‘ va texnika turlarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilindi va mahallliylashtirildi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda «Arslon» transportyorlari, «Tarlon-M» va «Qalqon» engil zirhli avtomashinalari, shuningdek «Lochin» uchuvchisiz uchish apparatlari harbiy texnikalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
«Arslon» zirhli transporteri NATO standartlariga muvofiq mamlakat Qurolli Kuchlari uchun maxsus ishlab chiqarilgan. Ushbu zirhli transportyor zamonaviy jangovar modulga ega bo‘lib, kunduzi ham, kechasi ham har qanday iqlim sharoitida jangovar vazifalarni bajara oladi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda qo‘shinlarning zamonaviy qurollar bilan ta’minlanganlik darajasi 45 foizni tashkil etdi. O‘z navbatida, sohadagi izchil islohotlar O‘zbekiston armiyasining jangovar qudratini 2 barobar oshirdi.
To‘rtinchidan, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Yurtimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida so‘nggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan ta’minlandi. Harbiy xizmatchilarni ish bilan ta’minlash va tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari ham e’tibor markazida qolmoqda.
Shuningdek, 2018-2024 yillarda 6 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriyatiga davlat granti asosida tanlovsiz o‘qishga kirish uchun vazirlikning tegishli tavsiyanomasi berildi.
2021-2024 yillar davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolaridan 4000 dan ortig‘i monomarkaz, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda o‘quv maskanlarida kasbga yo‘naltirildi.
Beshinchidan, Qurolli Kuchlar mamlakatimiz aholisini, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida muhim institut va samarali kuchga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan «Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz» tamoyili asosida harbiy qismlarning eshiklari jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar uchun keng ochib berildi.
Harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida muntazam ravishda «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik», «Qo‘mondon va yoshlar», «Harbiy qismda bir kunim!» loyihasi bo‘yicha «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlari, shuningdek yoshlar, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirokida «Uch avlod uchrashuvi» kabi harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doimiy ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Oltinchidan, horijiy davlatlar bilan harbiy hamkorlik mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashning muhim elementidir.
Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar har yili imzolanadigan harbiy hamkorlik Rejalari asosida amalga oshiriladi. Xususan, AQSh, GFR, Frantsiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Koreya, XXR, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya davlatlari, shuningdek MDH, ShHT va TDT doirasida harbiy sohanining turli yo‘nalishlarida hamkorlik o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida muhim xalqaro harbiy tadbirlar faol o‘tkazilmoqda, bu ham mamlakatimiz va Milliy Qurolli Kuchlarimizning jahon sahnasidagi obro‘sini oshirishga xizmat qilmoqda.
2022-2024 yillar mobaynida yurtimiz hududida MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashi muvofiqlashtirish qo‘mitalarining bir qator yig‘ilishlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bosh shtab boshliqlarining konferentsiyalari o‘tkazildi. 2024- yilning o‘zidayoq qabul qilingan Harbiy hamkorlik rejalari doirasida 400 dan ortiq birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda (2021- yilda bunday tadbirlar soni 300 yaqin edi).
Ma’lumki, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbuslari qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi. Natijada mintaqadagi harbiy hamkorlik va xavfsizlik sohasidagi munosabatlar darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoevning mintaqa davlatlari Xavfsizlik Kengashlari kotiblarining muntazam yig‘ilishlarni o‘tkazish taklifini bildirdi va ushbu tashabbusga muvofiq, joriy yilning may oyida Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, joriy yilning 9 avgustida Ostona shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash kontseptsiyasini ishlab chiqishni ilgari surdi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekiston mintaqani yagona xavfsizlik makoni sifatida ko‘rayotganligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan «Markaz», «Hamkorlik» kabi ikki va ko‘p tomonlama harbiy o‘quvlar amaliyotlarini olib bormoqda. Shuningdek, jangovar tayyorgarlik tadbirlari doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston) birinchi marta Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida «Birlashish-2024» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazdi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi faol harbiy hamkorlik tendentsiyasini mustahkamlanyotganidan dalolat beradi.
Harbiy ta’lim sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni ham alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Agar 2021-2024 o‘quv yillarida Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikasining 28 nafar harbiy xizmatchilari tahsil olgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yillarida qo‘shni davlatlarning 107 nafar harbiy xizmatchilarini o‘qitish va malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Harbiy sohadagi mintaqaviy hamkorlik – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Umuman olganda, Umuman olganda, Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo‘mondonining bevosita rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan kompleks harbiy qurilish chora-tadbirlari O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hech shubhasiz, mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xavfsizlik va barqarorlikni, chegaralar daxlsizligini ta’minlay oladigan, shuningdek xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal qilishga qodir milliy armiyamiz shaklllantirishda olib borilayotgan tub islohotlar yanada kuchayib, zamonaviy tizim tarzida takomillashib boradi.

Narimon Nabiev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar
instituti etakchi ilmiy xodimi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net