MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING NAVBATDAGI YIG?ILISHI BO?LIB O?TDI

08.01.2020 10:55

TOSHKENT, 8 dekabr'. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri MSK matbuot xizmati ma'lumotiga tayangan holda.

 

Kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Cenati a'zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlarining qo‘shma majlisini chaqirish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sayloviga oid ayrim hujjatlarning namunalarini tasdiqlash masalalari o‘rin oldi. Yig‘ilishni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov olib bordi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq Senat a'zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlisini chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari e'lon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat a'zolarini saylash uchun qo‘shma majlislar o‘tkazilishini e'lon qiladi.

 

Ushbu qoidalarga muvofiq majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislarini

 

2020 yil 16-17 yanvar' kunlari o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Qarorga muvofiq hududlarda qo‘shma majlislarni o‘tkazish muddatlari, joyi va Markaziy saylov komissiyasidan ishtirok etuvchi mas'ullar haqidagi reja-jadval tasdiqlandi.

 

Kun tartibidagi ikkinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sayloviga oid ayrim hujjatlarning namunalarini tasdiqlash haqidagi qaror loyihasi va uning ilovalari atroflicha muhokama qilinib, qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari sayloviga doir saylov byulletenlarining, bayonnomalarning hamda boshqa hujjatlarning namunalarini tasdiqlaydi.

 

Ushbu qoidaga asosan, yig‘ilish qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari sayloviga doir “Saylov byulleteni”, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari qo‘shma majlisining bayonnomasi, shuningdek xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari qo‘shma majlisi Maslahat kengashi yig‘ilishining hamda Sanoq komissiyasi bayonnomasining namunalari tasdiqlandi.

 

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir. Senat a'zolari (senatorlar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda - olti kishidan saylanadi.

 

Senatning o‘n olti nafar a'zosi fan, san'at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

 

Senat ishi yalpi majlislarga va uning qo‘mitalari majlislariga to‘planadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi. Senatning vakolat muddati - besh yil. Vakolat muddati tugagach, Senat yangi chaqiriq Senati ish boshlagunga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

 

Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Senat a'zosi bo‘lishi mumkin. Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida Senat a'zosi va Qonunchilik palatasi deputati bo‘lishi mumkin emas.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net