KICHIK SANOAT ZONALARI FAOLIYATINI MUVOFIQLASHTIRISH VA BOSHQARISHNI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

22.06.2019 16:59

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

 

Yangi raqobatbardosh ishlab chiqarishlar va kichik korxonalarning rivojlantirilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha uzluksiz ravishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida 150 ta kichik sanoat zonasi tashkil qilingan boʻlib, ularning hududida har yili jami 1,7 trillion soʻmdan ortiq qiymatdagi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmiga ega boʻlgan 1 691 ta kichik korxona faoliyat yuritadi va 27 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratildi.

 Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ularning ishtirokchilari uchun faoliyat yuritish sharoitlarini sifat jihatidan yaxshilash va mahsulotlarni sotishga koʻmaklashish, investitsiyalar jalb qilinishini faollashtirish, avvalambor, foydalanilmayotgan, faoliyat yuritmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida tashkil qilinayotgan importbop mahsulotlarni chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarishlarning joriy etilishini jadallashtirish, ushbu asosda yangi turgʻun ish joylari tashkil etilishini taʼminlash va aholi daromadini oshirish maqsadida:

 1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida davlat muassasasi shaklidagi kichik sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyalarni (keyingi oʻrinlarda – direksiyalar) har bir kichik sanoat zonasiga direksiyalarning masʼul xodimlarini biriktirgan holda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda yangi tashkil qilinayotgan direksiyalarning roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

 2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi “Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5621-son Farmoni bilan kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga quyidagi huquqlar berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

 oʻz mablagʻlari hisobiga qurilgan binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ga mulk huquqini belgilangan tartibda rasmiylashtirish;

 rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlashni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirgan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan kundan boshlab kamida 3 yil muddat oʻtgandan keyin, binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ni xususiylashtirish;

 investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni toʻliq bajargan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 5 yil muddat oʻtgandan keyin, oʻzlariga berilgan binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ni xususiylashtirish.

 3. Belgilab qoʻyilsinki:

 a) kichik sanoat zonalari faqatgina transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjud yoki oʻtkazish oson boʻlgan faoliyat yuritmayotgan korxonalar negizida va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer maydonlarida tashkil qilinadi;

 b) yer uchastkalarini berish, kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirish uchun investitsiya loyihalarini tanlash va joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar tuman (shahar) hokimining yer uchastkasini berish toʻgʻrisidagi alohida qarorini qabul qilmagan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining maʼmuriy kengashlari (keyingi oʻrinlarda – maʼmuriy kengashlar) bayonnomalari shaklida rasmiylashtiriladi;

 v) kichik sanoat zonasi ishtirokchisi tomonidan investitsiya loyihasini kichik sanoat zonasida joylashtirilgan kundan eʼtiboran uch oy mobaynida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmaganligi, shuningdek, obyektdan shartnomada koʻrsatilgan maqsadga nomuvofiq foydalanilganligi shartnomaning bir tomonlama tartibda bekor qilinishiga asos boʻladi;

 g) kichik sanoat zonasi ishtirokchisi tomonidan investitsiya loyihasini amalga oshirish obyektiv sabablarga koʻra shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda yakunlanmagan boʻlsa yoki oxirgi 6 oy mobaynida ishlab chiqarish faoliyati amalga oshirilmagan boʻlsa, maʼmuriy kengash unga loyiha amalga oshirilishini tezlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlagan holda qoʻshimcha muddat taqdim etilishi yoxud shartnoma bekor qilinishi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi mumkin;

 d) binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ni xususiylashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 oʻz mablagʻlari hisobiga rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlash ishlari olib borilgan binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)da, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan kundan boshlab kamida 3 yil muddat oʻtgandan keyin – rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlash ishlarining xarajatlari chegirib tashlangan holda belgilangan tartibda aniqlanadigan baholash qiymati boʻyicha;

 investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni toʻliq bajargan taqdirda (ishtirokchining shaxsiy mablagʻlari hisobiga rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlash ishlari olib bormagan holda), biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan kundan boshlab kamida 5 yil muddat oʻtgandan keyin – besh yil mobaynida teng ulushlarda toʻlovlarni kiritish huquqi berilgan holda belgilangan tartibda aniqlanadigan baholash qiymati boʻyicha.

 4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

 a) maʼmuriy kengashlar va direksiyalar bilan birgalikda uch oy muddatda:

 respublikaning barcha hududlaridagi kichik sanoat zonalarini inventarizatsiya qilish va ularning faoliyatini oʻrganish hamda natijasi boʻyicha ularning har biri keyinchalik faoliyat yuritishi maqsadga muvofiqligi haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishini;

 kichik sanoat zonalari ishtirokchilari bilan tuzilgan binolar va inshootlarning ijarasi toʻgʻrisidagi shartnomalarni, zarur hollarda, belgilangan tartibda foydalanilmayotgan va maqsadga nomuvofiq foydalanilayotgan binolar va inshootlarni qaytarish chora-tadbirlarini koʻrgan holda yoki qoʻshimcha loyihalarni joylashtirish hisobiga ulardan oqilona foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqqan holda qayta koʻrib chiqilishini;

 belgilangan muddatlarda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi boshlanishini taʼminlamagan kichik sanoat zonalari ishtirokchilari bilan investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimlarning bekor qilinishini;

 ishlab chiqarishning qisqa muddatlarda foydalanishga topshirilishini koʻzda tutgan holda orqada qolayotgan loyihalar boʻyicha tarmoq jadvallarining ishlab chiqilishini taʼminlasin;

 b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi orqada qolayotgan tumanlar va shaharlarda hududning salohiyati, raqobatdagi ustuvor yoʻnalishlari, tabiiy va mehnat resurslaridan kelib chiqib, ularning ixtisoslashuvini belgilagan holda yangi kichik sanoat zonalarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

 v) Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda yangi tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonalari hududlarida talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutgan holda hududlar kesimida transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

 g) ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, elektron va internet nashrlarini jalb qilgan holda mamlakatning kichik sanoat zonalari, investitsiya kiritishning afzalliklari va yaratilayotgan imtiyozli sharoitlar, kichik sanoat zonalari hududlaridagi mavjud boʻlgan infratuzilma, taklif qilinayotgan xizmatlar, shuningdek, amalga oshirilishi tavsiya etilayotgan investitsiya loyihalari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarning doimiy asosda nashr etilishini tashkil etsin.

 5. Belgilab qoʻyilsinki:

 maʼmuriy kengashlar kotibining kichik sanoat zonalari faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishga oid funksiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalari boshliqlari zimmasiga yuklatiladi;

 direksiyalar direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish maʼmuriy kengashlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

 kichik sanoat zonalarining arxitektura-rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, shu jumladan, yer uchastkalarini tanlash va ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining byudjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari hisobiga loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda taʼminlanadi;

 direksiyalar kichik sanoat zonalari hududlarining arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilar boʻlib qatnashishga haqli.

 6. Kichik sanoat zonalari direksiyalari 2022-yil 1-iyulga qadar yer soligʻi va mol-mulk soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.

 7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda kichik sanoat zonalari hududlarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etsin.

 8. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining tegishli mahalliy byudjetlari mablagʻlari hisobiga kichik sanoat zonalarining boʻlinish chegarasigacha zaruriy tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilmasining kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik subyektlarini joylashtirishga oid ishlab chiqilgan loyihalarga binoan qurilishini va modernizatsiya qilinishini taʼminlasin.

 9. Quyidagilarga:

 Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorovga – ushbu qaror bilan qoʻyilgan vazifalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash doirasida vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish uchun;

 Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjayevga – maʼmuriy kengashlar tomonidan kichik sanoat zonalari hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirishga investitsiya talabnomalarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi hamda ular boʻyicha qarorlar qabul qilinishi, shuningdek, kichik sanoat zonalarining salohiyatidan samarali foydalanilishi, loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi va joriy etilishi uchun;

 Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S.Sultanovga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga– qurilishning oʻz vaqtida tugatilishi, modernizatsiya va kichik sanoat zonalari ishtirokchilarini tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilmaga ulanishi, ularning obyektlari real ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

 10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki

 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

 ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda Kichik sanoat zonalari toʻgʻrisida yangilangan nizom loyihasini;

 qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

 11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                       Sh.MIRZIYOYEV

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net