Kambagʻallikni qisqartirishga bagʻishlangan II xalqaro forum ishtirokchilariga

20.05.2023 12:40

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Oʻzbekiston zaminida ikkinchi bor oʻtkazilayotgan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha xalqaro forumda ishtirok etayotgan Siz, aziz mehmonlarni samimiy qutlab, barchangizga oʻzimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor qilaman.

Hozirgi tahlikali dunyoda kambagʻallikni qisqartirish masalasi oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri ekanini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Bu muammoga ilgʻor tajriba va yangi yondashuvlar asosida birgalikda yechim topish hamda ularni hayotga izchil tatbiq etish bugun har qachongidan ham dolzarbdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida oʻtkazilayotgan mazkur anjuman kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan yangi gʻoyalar va amaliy choralar ishlab chiqish boʻyicha foydali xalqaro muloqot maydoniga aylandi, deb aytishga barcha asoslar bor.

Ushbu platforma mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish maqsadida boshlagan ulkan islohotlarimizni yanada boyitib, katta ijobiy oʻzgarishlarga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida oʻtgan bir yilda mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga pasayib, 1 million fuqaro kambagʻallikdan chiqarilganini alohida taʼkidlash lozim.

Bunday natijalarga erishishimizda aholini zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularga munosib ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli
va uzoqni koʻzlagan siyosatimiz hal qiluvchi omil boʻlmoqda.

Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish orqali mamlakatimizdagi 2 million 300 mingdan ziyod muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar ijtimoiy himoya bilan toʻliq qamrab olindi.

Tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston ijtimoiy davlat, deb eʼlon qilinib, inson qadrini yanada ulugʻlash va aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha davlatning konstitutsion majburiyatlari alohida muhrlab qoʻyildi.

Shu bois, kambagʻallikni qisqartirish borasida boshlagan keng koʻlamli ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqib, bundan buyon ham barcha yoʻnalishlarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida islohotlarni qatʼiy davom ettiramiz.

Eng avvalo, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishning “drayveri” boʻlgan xususiy sektor va tadbirkorlik uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berish, ularni izchil qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi. Xususan, ishsiz fuqarolarni oʻqitish va ishga joylash tashabbusini bildirgan faol tadbirkorlarga “ijtimoiy kontrakt” tizimi asosida qoʻshimcha imtiyozlar paketi taqdim etiladi.

Ikkinchidan, “ijtimoiy reestr” tizimi doirasida kambagʻal oilalarni individual yondashuv asosida manzilli qoʻllab-quvvatlash dasturlarini jadal davom ettiramiz.

Uchinchidan, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini toʻliq amalga oshirish maqsadida nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar, nuroniylar, alohida eʼtiborga muhtoj aholi qatlamlariga mahallaning oʻzida yuzdan ortiq ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Toʻrtinchidan, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida aholi oʻzi tanlagan loyihalarga “ochiq byudjet” tizimi orqali ajratilayotgan mablagʻlar hajmi keskin koʻpaytiriladi.

Beshinchidan, inson kapitalini rivojlantirish uchun har bir shaxsning sifatli taʼlim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanish huquqlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizni tobora kengaytiramiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi forumga nufuzli xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlardan 100 dan ortiq taniqli ekspertlar tashrif buyurgani ushbu masalaga qiziqish va eʼtibor nechogʻliq katta ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Albatta, Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha oʻz oldiga qoʻygan yuksak marralarni amalga oshirishda jahon hamjamiyati bilan olib borayotgan yaqin hamkorligini davom ettirishdan manfaatdordir.

Forum doirasida ishlab chiqilgan yangi yondashuvlar va taʼsirchan yechimlar kelgusida amaliy hayotga samarali tatbiq etiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sogʻliq, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda omadlar, anjuman ishiga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net