MAGATE BOSH DIREKTORI YUKIYA AMANO AES QURILISHI JARAYONIDA TEXNIK VA EKSPERT YORDAMINI KOʻRSATISHGA TAYYORLIGINI BILDIRDI

01.02.2019 15:57

“Oʻzatom” agentligining matbuot xizmati maʼlum qilishicha, joriy yilning 31 yanvar kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi Vena shahrida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentligi (MAGATE) bosh direktori Yukiya Amano bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish, eng avvalo, mamlakatimizda atom energetikasi sohasi, tibbiyot va qator boshqa yoʻnalishlarda rivojlanish bosqichlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Avval maʼlum qilinganidek, oʻtgan yilning oktyabrida Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berilganidan boshlab “Oʻzatom” agentligi tomonidan ushbu yoʻnalishda bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlash zarur. Bu esa Oʻzbekistonning MAGATE talablari va tavsiyalari bilan bevosita bogʻliqdir.

Yukiya Amano MAGATE ning mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishi jarayonida texnik va ekspert yordamini koʻrsatishga, radiatsion va yadroviy xavfsizlikni taʼminlash va kuchaytirish, shuningdek, texnik hamkorlik doirasida loyihalarning amalga oshirilishiga tayyorligini bildirdi.

Mamlakatimizda AES qurilishi nafaqat iqtisodiy barqarorlikni taʼminlaydi, balki taʼlim tizimini takomillashtirish, yadro-muhandislik fanlar, qurilish sanoati va energetika rivojlanishi uchun ham mustahkam zamin yaratadi.

Uchrashuvda agentlikning bosh direktoriga istalgan paytda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif buyurish haqidagi taklif xati topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, poytaxtimizda MAGATE ekspertlari ishtirokida navbatdagi seminar oʻtkazilishi kutilmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net