I XALQARO HUNARMANDCHILIK FESTIVALI RAMZI TASDIQLANDI

23.04.2019 14:24

Bu haqda Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Rabimqulovning ta’kidlashicha, 2018 yil dekabr oyida festivalning ramzi (logotipi)ni tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilish belgilangandi.

Mazkur topshiriqni o‘z vaqtida, sifatli bajarish maqsadida festivalning ramzini tayyorlash bo‘yicha ijodiy tanlov o‘tkazish nizomi ishlab chiqildi. Unda tanlov muddati, hakamlar hay’ati raisi, a’zolari tasdiqlandi va ijodiy tanlov e’lon qilindi. Tanlovda professional ijodkorlar bilan birgalikda yoshlar, ayniqsa, kollej hamda maktab o‘quvchilari ham faol ishtirok etdi. Loyihalar taqdim qilish soni chegaralanmaganligi sababli ayrim ishtirokchilar bir nechta logotip loyihalarini topshirdi.

Ma’lum qilinishicha, loyihalarning 98 foizi elektron tarzda taqdim etildi. Natijada 145 nafar muallifdan 202 ta logotip loyihalari kelib tushdi.

Tanlov yakunlari bo‘yicha tanlab olingan 5 dona loyiha ustida mualliflar bilan hamkorlikda ish olib borildi va yakuniy logotip tayyorlanib, festivalning tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etildi. Natijada Baxtiyor Eshmatov ishi g‘olib deb topildi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda festival veb-saytini o‘zbek, rus, ingliz tillarida http://handicrafters.uz yaratdi.

Veb-saytda festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandlik mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar joylashtirildi. Shuningdek, festivalda ishtirok etishni istagan xorijlik va mahalliy hunarmandlar ushbu sayt orqali onlayn tarzda ariza berishlari va ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ayni paytda 15 davlatdan 90 nafar hunarmand ro‘yxatdan o‘tdi. Ro‘yxatga olish ishlari davom etmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net