HINDISTON TASHQI ISHLAR VAZIRI BILAN UCHRASHUV

13.01.2019 11:52

2019-yilning 12-yanvar kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi.

Suhbat chog‘ida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 30-sentabr – 1-oktabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi va Hindiston rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralari natijalari O‘zbekiston-Hindiston muloqotining barcha jabhalariga yangi jo‘shqinlik berish uchun ikki mamlakat rahbarlarida siyosiy iroda mavjudligini tasdiqladi.

Vazirlar tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining “Vibrant Gujarat – 2019” Xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etishi va rejalashtirilayotgan oliy darajadagi muzokaralarning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

2019-yilgi ikki tomonlama tadbirlar yuzasidan fikr almashish doirasida parlamentlar va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, tashkil etilgan O‘zbekiston-Hindiston Ishbilarmonlar kengashi va Toshkent shahridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish markazi maydonida ishbilarmon doiralari va moliya institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qizish bildirildi.

Vazirlar transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan transafg‘on tranzit koridorlarini ochishdan manfaatdorlik izhor etdilar.

Yuqorida qayd etilgan va boshqa mintaqaviy masalalar Samarqand shahrida ochilayotgan Afg‘oniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvida muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan Hindiston o‘rtasidagi hamkorlikning yangi shakli kooperatsiyani mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, har bir ishtirokchi davlatning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochishiga vazirlar ishonch bildirdilar.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Suhbatda Hindiston Elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net