MUBORAK RAMAZON OYINI MUNOSIB TARZDA OʻTKAZISH TOʻGʻRISIDA

02.05.2019 15:37

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Tobora rivojlanib, chiroy ochib borayotgan jonajon Vatanimizda milliy va diniy qadriyatlarimizga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada mustahkamlash, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-muruvvat ramzi boʻlib kelayotgan muborak Ramazon oyini munosib oʻtkazish, ushbu oyda islom dinining tinchlik, bagʻrikenglik, shukronalik kabi olijanob gʻoyalari hamda insonparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish maqsadida:

1. 2019 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 6 may kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarimiz ruhida har tomonlama munosib oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda:

joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan insoniylik, maʼnaviy poklik, shukronalik fazilatlarini eʼzozlash, hozirgi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjixat boʻlib yashashga daʼvat etadigan hamda ulgʻayib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan maʼrifiy tadbirlar va targʻibоt ishlarini tashkil etishga;

muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulugʻlovchi ushbu fazilatli oyda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                  Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri,

 

2019 yil 1 may

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net