2018-yilning 24-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Yaponiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Nobuaki Ito bilan uchrashdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston – Yaponiya kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi, 2018-yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilindi.
Ta’kidlanganidek, yakuniga yetib borayotgan yilda ikki tomonlama munosabatlar hamkorlikning deyarli barcha sohalarida izchil rivojlanib bordi. Tokio shahrida O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalarining 14-majlisi hamda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi parlamentlararo forumning 2-majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbekistonning Yaponi fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilishi joriy yilning yanvar-noyabr oylarida Yaponiyadan mamlakatimizga tashrif buyurgan turistlar sonini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 48%ga oshishiga xizmat qildi.
Suhbat davomida 2019-yildagi oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar jadvali hamda boshqa qo‘shma tadbirlar borasidagi takliflar tinglandi va fikr almashildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.