BOSHOQLI DON YETISHTIRISHNI YANADA RAGʻBATLANTIRISH BOʻYICHA QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA

28.11.2018 12:52

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Respublikada boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirish, yuqori sifatli urugʻlik materiallarini tayyorlash, agrotexnologiyaning ilgʻor usullarini qoʻllash hamda fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, respublikada yetishtirilayotgan boshoqli don hosilini keskin koʻpaytirishda toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar va oʻz yechimini kutayotgan jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan: 

birinchidan, boshoqli don ekinlarini ekish uchun yerlarning sifatsiz tayyorlanishi, urugʻlikning belgilangan muddatdan kech ekilishi, agrotexnik tadbirlarning qoʻpol ravishda buzilishi, talab qilingan moddiy-texnik resurslar va mablagʻlar zarur miqdorlarda hamda oʻz vaqtida yetkazib berilmasligi oqibatida kutilgan hosil olinmayapti; 

ikkinchidan, joylardagi masʼullar va fermerlar tomonidan boshoqli don hosilini yetishtirishda kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlarini bajarish birinchi darajali masala sifatida qaralib, hosildorlikni oshirish va qoʻshimcha daromad olish choralari koʻrilmayapti; 

uchinchidan, respublikada yetishtirilayotgan boshoqli don hosilining umumiy hajmi va fermer xoʻjaliklari ixtiyorida qolayotgan qismini aniq hisob-kitob qilish mexanizmi ishlab chiqilmagani oqibatida olingan yalpi hosil boʻyicha hisobоtlar toʻgʻri yuritilmayapti; 

toʻrtinchidan, sugʻoriladigan unumdor yer maydonlarining har gektaridan 40 sentnerdan yuqori hosil olgan fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish, aksincha, undan past hosildorlikka erishgan fermer xoʻjaliklariga nisbatan keskin choralarni koʻrish tartibi ishlab chiqilmagani sababli sugʻoriladigan maydonlardan samarali foydalanish taʼminlanmayapti. 

Boshoqli don ekinlarini parvarishlash boʻyicha belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz muddatida oʻtkazish hisobiga kafolatlangan hosil olinishini taʼminlash, yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishishda fermer xoʻjaliklari masʼuliyatini yanada oshirish hamda ularni ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2019-yil hosili uchun sugʻoriladigan va lalmi maydonlarga ekilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosilining prognoz hajmlari toʻgʻrisidagi takliflari 1-14-ilovalarga muvofiq maʼqullansin. 

Qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan sugʻoriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish “yerga nisbatan xiyonat” deb baholanib, yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha choralar koʻrilishi belgilab qoʻyilsin. 

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir hafta muddatda 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlariga sugʻoriladigan yerlarda boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga yagona yer soligʻini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlik har gektariga 30 sentner va undan past boʻlganida 2 barobar, 31 sentnerdan 40 sentnergacha boʻlganida 1,5 barobarga koʻpaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllash tartibini kiritsin. 

3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davergeodezkadastr qoʻmitasi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosili hajmlarining hisobini yuritish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining 2019-yil hosili uchun yetishtiriladigan 3-sinfli yumshoq bugʻdoyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining oʻrtacha narxini (keyingi oʻrinlarda xarid narxi deb ataladi) 1 200 000 soʻm miqdorida belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda boshoqli don xarid narxnomasini tasdiqlasin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga yetkazsin. 

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, 2019-yil hosilidan boshlab: 

a) qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan sugʻoriladigan maydonlarda yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qoʻllaniladi. 

Bunda, boshoqli don hosildorligi har gektaridan: 

41 sentnerdan 50 sentnergacha boʻlganida – 10 foiz; 

51 sentnerdan 60 sentnergacha boʻlganida – 20 foiz; 

61 sentner va undan yuqori boʻlganida – 25 foiz xarid narxiga ustama; 

aksincha: 

30 sentner va undan kam boʻlganida– 25 foiz; 

31 sentnerdan 40 sentnergacha boʻlganida – 15 foiz xarid narxiga chegirma bilan davlat xaridi uchun qabul qilingan donning umumiy hajmi hisob-kitob qilinadi. 

b) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan boshoqli don hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratiladigan imtiyozli kredit davlat xaridi uchun yetkazib beriladigan boshoqli don qiymatining 100 foizigacha (tayyorlov korxonasi tomonidan boʻnak tariqasida yetkazib berilgan urugʻlik qiymatini inobatga olgan holda) yillik 5 foiz miqdorda (shundan, bank marjasi – 1,5 foiz) beriladi. 

6. Belgilab qoʻyilsinki, oldindan bilish, oqilona choralar bilan oldini olish mumkin boʻlmagan favqulodda xususiyatga ega hodisalar (qurgʻoqchilik, tabiat hodisalari va boshqa fors-major holatlar) oqibatida boshoqli don ekinlaridan kutilgan hosil olinmagan taqdirda hamda ushbu holatlar Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha hududiy komissiya tomonidan tasdiqlanganda, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxida hisob-kitob qilinadi. 

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda sugʻoriladigan maydonlarda 2019-yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash boʻyicha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan “yoʻl xaritalari” 15-17-ilovalarga muvofiq. 

8. Boshoqli don yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida sifatli oʻtkazish va kafolatlangan hosil olishni tizimli tashkil etish boʻyicha Respublika Ishchi guruhlari 18-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. 

Respublika Ishchi guruhlariga mazkur qarorga 15-17-ilovalarda tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”da belgilangan tadbirlardan kelib chiqib, har bir fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarni alohida yozma ravishda tayyorlab, fermerlarga yetkazish va uning ijrosini taʼminlash yuklatilsin. 

9. Quyidagilar: 

Respublika Ishchi guruhlari rahbarlari (B.T.Yusupov, A.J.Vaxabov, R.N.Raxmatov, U.Ya.Xalilov), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati (O.B.Isayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar 4 ta sektor rahbarlari –kafolatlangan boshoqli don hosilini yetishtirishda fermer xoʻjaliklari tomonidan agrotexnik tadbirlar, shu jumladan, mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, sugʻorish, begona oʻt, zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish, suspenziya sepish hamda boshqa tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishiga; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.S.Sultonov, “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati (M.Yu.Fayziyev), “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati (A.A.Abdullayev), “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati (O.B.Isayev) – kafolatlangan boshoqli don hosilini yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yonilgʻi-moylash mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalar zaxirasi yaratilishiga hamda moddiy-texnik resurslarni agrotexnik kartalardan kelib chiqib, toʻliq hajmda va oʻz vaqtida fermer xoʻjaliklari dalasiga yetkazib berilishiga; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (I.A.Urazkulov), “Agrobank” ATB (R.Oʻ.Mamatqulov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlarining sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari, ATB “Agrobank”ning hududiy va tuman boʻlimlari rahbarlari – boshoqli don ekinlarini yetishtirish xarajatlarining oʻz vaqtida moliyalashtirilishiga, fermer xoʻjaliklari tomonidan mablagʻlardan mustaqil va maqsadli foydalanilishini taʼminlashga hamda davlat ehtiyojlari uchun yetkazib berilgan boshoqli don uchun yakuniy hisob-kitoblar 2019-yil 1-sentyabrga qadar toʻliq amalga oshirilishiga; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari N.S.Otajonov, Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, hududiy boshqarmalar va tuman boʻlimlari boshliqlari, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ (M.A.Karimov), “Oʻzagromashservis” aksiyadorlik jamiyati (R.M.Xaitov) – kafolatlangan boshoqli don hosilini yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun mavjud qishloq xoʻjaligi texnikalari toʻliq jalb qilinishiga, sifatli mexanizatsiya xizmatlari koʻrsatilishiga, oʻrim-yigʻim ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilishiga hamda yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari muddatida yetkazib berilishiga; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari R.N.Raxmatov, Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (U.Ya.Xalilov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar prokurorlari, Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiyaning hududiy boʻlinmalari rahbarlari – yonilgʻi-moylash mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalarning agrotexnik kartalardan kelib chiqib, toʻliq hajmda va oʻz vaqtida yetkazib berilishi hamda xizmatlar sifatli koʻrsatilishi, bu borada tuzilgan shartnomalar majburiyatlari toʻliq bajarilishi, moddiy-texnik resurslar talon-taroj qilinishi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan asossiz ravishda ularning narxi oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatilishiga shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda: 

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda ichki bozorda bugʻdoy, un va non mahsulotlari narxlari keskin oshib ketishining oldini olish va respublika hududlaridagi narxlarining barqarorligini taʼminlash hamda bugʻdoyni qayta ishlash sohasida raqobatni kuchaytirish; 

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda davlat xaridi uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga talab qilingan mineral oʻgʻitlar miqdori va ularning narxini belgilash; 

sugʻurta kompaniyalari bilan birgalikda xorijiy davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda, davlat xaridi uchun yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

11. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini hamda boshoqli don yetishtirish va davlat xaridi uchun sotib olishda bozor mexanizmlari keng joriy etilishini yoritish yuzasidan koʻrsatuvlar, maqolalar va mavzuli dasturlarni tashkil etsinlar. 

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A.Qoʻchqorov, A.S.Sultonov, N.S.Otajonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari R.N.Raxmatov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklatilsin.

 

Oʻzbekiston Respublikasining  Bosh vaziri                                                                  A.N.ARIPOV

 

Toshkent shahri,
 2018-yil 27-noyabr

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net