BBC: “TOLIBON” HARAKATI DELEGATSIYASINING O?ZBEKISTONGA TASHRIFI – MAMLAKAT DIPLOMATIYASI VA TASHQI SIYOSATINING JIDDIY MUVAFFAQIYATIDIR

14.08.2019 11:43

Avval xabar qilinganidek, joriy yil avgust oyining boshida “Tolibon” harakatining Doha shahridagi siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurib, Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish maqsadida mamlakatda tinch siyosiy jarayonlarni ilgari surish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

 

 

BBC O‘zbek xizmati bugungi kunda Fransiyada istiqomat qilayotgan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning mazkur voqea yuzasidan fikrlarini berdi.

 Quyida ushbu intervyu matni havola qilinmoqda.

 “Mullo Abdul G‘ani Birodar boshchiligidagi toliblar delegatsiyasining O‘zbekistonda bir necha kun bo‘lishi, Toshkentda, Samarqandda va Buxoroda muzokaralar olib borishi, hayit namozini o‘qishi - O‘zbekiston diplomatiyasi va tashqi siyosatidagi jiddiy muvaffaqiyatlardan, deb hisoblayman. Agar e’tibor bersak, avvalgi davrda O‘zbekiston toliblar bilan va Afg‘onistondagi jarayonlar to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishdan tiyildi. O‘zbekistonning o‘sha davridagi reputatsiyasi shunday ediki, toliblar ham O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borishdan bosh tortar edi. O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgargach va Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, O‘zbekistonning tashqi dunyodagi reputatsiyasi anchagina yumshadi, jumladan, musulmon dunyosida ham, va natijada bugungi kunda O‘zbekiston toliblar bilan muzokaralar olib borish orqali bir qancha yo‘nalishlarda muvaffaqiyatga erishdi, deb aytishimiz mumkin.

 Birinchidan. Shu paytgacha toliblar bilan postsovet hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni faqat Moskva olib borayotgan edi. Mana bugungi kunda postsovet hududidagi eng katta musulmon jamiyati hisoblanmish O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni va muzokaralarni yo‘lga qo‘ymoqda va olib bormoqda.

 Ikkinchidan. Demak O‘zbekistonning tashqi dunyodagi, jumladan, musulmon dunyosidagi reputatsiyasi shu qadar og‘ir ediki, musulmon davlatlari va xalqaro islomiy aktorlar O‘zbekiston bilan munosabatlarni umuman shakllantirishdan bosh tortardi, O‘zbekistonga faqatgina shubha va salbiy bir ko‘z bilan qarar edi. Bugungi kundagi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar va repressiv mashinaning to‘xtalishi tashqi dunyodagi boshqa musulmon aktorlarga, jumladan, toliblarga ham O‘zbekistonga ijobiy ko‘z bilan qarash imkoniyatini bermoqda. Bu O‘zbekistonning kelajakdagi ijtimoiy barqarorligi va, umuman, O‘zbekistonning global ijobiy reputatsiyasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

 Uchinchidan. O‘zbekiston shu paytgacha geosiyosiy masalalarda, tashqi siyosatda, jumladan, Markaziy Osiyoda ham, yoki tashqi tashabbuslarni bloklovchi bir maqomda bo‘lib keldi, yoki geosiyosat va xalqaro siyosatning jiddiy subyekti emas, hech bo‘lmaganda, mintaqada ko‘proq obyekti bo‘lib keldi. Mana bugungi kunda O‘zbekiston, rasmiy Toshkent xalqaro maydonda, Markaziy Osiyo va undan kattaroq bir mintaqada geosiyosiy subyekt sifatida o‘zining kun tartibiga ega bo‘lishga va o‘zining strategiyasini qo‘lga kiritishga hamda shakllantirishga harakat qilmoqda. Bu O‘zbekiston tashqi siyosatining, mening nazarimda, jiddiy muvaffaqiyati”.

 

 

 

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net