AQSHNING KOLUMBIYA UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK O?RNATILDI

18.07.2019 10:01

TOSHKENT, 18 iyul. /«Dunyo» AA/. 2019-yilning 16-iyul kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kolumbiya universitetining Davlat muassasalari boshqaruvchi kadrlarini tayyorlash markazi (The Picker Center) direktori Uilyam Emiki bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga tayanib “Dunyo” axborot agentligi.

 Kolumbiya universiteti – AQShdagi eng qadimgi ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 1754-yilda asos solingan. AQShning eng yaxshi sakkiz universiteti ro‘yxatiga kiradi. Bitiruvchilar orasida taniqli olimlar, jamoatchilik va siyosat xodimlari, jumladan, AQShning 3 nafar prezidenti, xorijiy davlatlarning 29 nafar rahbarlari hamda 96 ta Nobel mukofoti sovrindorlari mavjud.

 Uchrashuv davomida moliya sohasida davlat va xususiy tashkilotlarda ishlaydigan kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

 Professor Uilyam Emiki qayd etganidek, Kolumbiya universitetining ilmiy jamoasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Universitetning vasiylik kengashi Kolumbiya universiteti va O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligi o‘rtasida ta’lim va moliya sektorida boshqaruv kadrlarini uzluksiz o‘qitish tizimini joriy qilish sohasida hamkorlik taklifini qo‘llab-quvvatladi.

 O‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra Kolumbiya universiteti va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi o‘rtasida ta’lim dasturlarini amalga oshirish va moliyaviy savodxonlikni oshirish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

 Memorandum boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasidagi uzoq muddatli tizimli hamkorlikni nazarda tutadi. Hujjat doirasida qo‘shma iqtisodiy tadqiqotlar va boshqa akademik faoliyat yo‘nalishlari sohasida hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Moliyaviy savodxonlikni oshirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, ma’ruza, uchrashuv, seminar, simpozium va konferentsiyalar o‘tkazish shaklida ilm almashish ikki tomon manfaatlariga javob beradi.

 Memorandumni amalga oshirishning dastlabki qadami sifatida Uilyam Emikining joriy yil kuzida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va davlat organlarining moliyaviy-iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan boshqaruvchi xodimlari uchun bir qator seminarlar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Kapital bozorini rivojlantish agentligi Kolumbiya universitetining moliya va investitsiya sohalari bo‘yicha doktorlik darajasini olayotgan talabalari uchun “Capstone Projects” tadqiqot dasturida hamkor sifatida kiritiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net