Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida to?qimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari, Toshkent viloyatida ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etiladi

18.01.2023 10:01

/“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentning  «Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatga ko‘ra,  keyingi 5 yilda yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,1 baravarga va eksport ko‘rsatkichini 2,6 baravarga oshirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, gilam va uy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali yangi bosqichga olib chiqish maqsadlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar 3 yil muddatga yillik 4 foiz stavkada ajratiladi. Mablag‘lar gazlama, trikotaj mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarni uzluksiz aylanma mablag‘ bilan taʼminlash uchun yo‘naltiriladi.

Tijorat banklarida 100 million AQSH dollari miqdorida, 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada va qolgan davr uchun yillik 5 foiz stavkada gazlama, gilamchilik, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga kredit liniyalari ochiladi.

 Bunda imtiyozli kreditlar mahsulot umumiy hajmining 50 foizi miqdorida eksportni taʼminlash bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilish, o‘z mablag‘lari, shu jumladan bino-inshootlar, aylanma mablag‘ ishtirokini kamida 30 foiz qilib belgilash va kredit majburiyatlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklar mavjud emasligi  mezonlari bo‘yicha beriladi.

Bundan tashqari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga elektr energiyasi isteʼmoli uchun bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinadi.

Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga MHXS asosida yuritishni joriy qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 25 ming dollardan ko‘p bo‘lmagan miqdori qoplab beriladi. Ushbu xarajatlar korxona tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining qarz mablag‘lari o‘rnatilgan tartibda jalb qilinganidan keyin qoplab beriladi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 3 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi:

-eksport hajmi 5 mln dollargacha bo‘lganda - 1 mln dollargacha;

-eksport hajmi 5 mln dollardan 10 mln dollargacha bo‘lganda - 2 mln dollargacha;

-eksport hajmi 10 mln dollardan 15 mln dollargacha bo‘lganda - 3 mln dollargacha;

-eksport hajmi 15 mln dollardan 20 mln dollargacha bo‘lganda - 4 mln dollargacha;

-eksport hajmi 20 mln dollardan ortiq bo‘lganda - 5 mln dollargacha.

Shu bilan bir qatorda, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 100 ming AQSH dollarigacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida to‘qimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari hamda Toshkent viloyatida to‘qimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net