«Sirdaryo navolari» ashula va raqs ansambli Malayziyada bo'lib o'tgan xalqaro madaniyat festivalida ishtirok etdi

24.10.2023 17:45

/"Dunyo" AA/.  O'zbekiston davlat filarmoniyasining Sirdaryo viloyati bo'limi huzuridagi «Sirdaryo navolari» ashula va raqs ansambli shu yil 20-22-oktyabr kunlari Kuala-Lumpur shahrida o'tkazilgan «Living Arts Culture Festival – 2023» xalqaro madaniyat va san'at festivalida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festival Malayziya turizm, san'at va madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'at milliy departamenti tomonidan har yili tashkil etiladi. Tadbirdan ko'zlangan maqsad Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi bo'yicha YUNESKO reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan ijro san'atini ommalashtirishdan iborat.

 

Joriy yilgi xalqaro madaniy tadbirda 20 dan ortiq davlat vakillari o'zlarining milliy san'atlarini namoyish etishdi. 

 

«Sirdaryo navolari» ashula va raqs ansamblining mazkur festivalda ishtiroki O'zbekiston elchixonasi ko'magida tashkil etildi.

 

Festivalda o'zbek xalqining boy madaniy merosi, an'anaviy raqs va ashula san'ati namoyish qilindi. Jumladan, madaniy dasturdan YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan "Lazgi" Xorazm raqsi, Baxshichilik san'ati namunalari joy oldi.

 

Tadbirlar doirasida mahalliy aholi va xorijiy mehmonlar ko'p tashrif buyuradigan diqqatga sazovor joylarda, xususan Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti va shahar savdo-ko'ngilochar markazlarida shou va fleshmoblar tashkil qilindi. Shuningdek, O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi. Keng jamoatchilik Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilishi va ikki mamlakat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani haqida xabardor qilindi.

 

Ta'kidlash kerakki, «Sirdaryo navolari» ashula va raqs ansambli ijrosidagi milliy o'zbek raqslari, kuy va qo'shiqlar Malayziya jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

 

Konsertlarda, shuningdek, Malayziyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ham ishtirok etishdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net