Sifatli taʼlim – barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning eng qisqa yoʻlidir

06.11.2024 09:05

Strategik islohotlar jarayonida Oʻzbekiston oʻz oldiga ulkan maqsad va rejalarni qoʻygan. 

Ularni hayotga tatbiq etish uchun Oʻzbekistonga jadal islohotlar surʼatiga mos yetuk kadrlar, mutaxassislar zarur.

Shuning uchun ham, Oʻzbekistonda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatida sifat oʻzgarishlari roʻy bermoqda.

Mamlakatda tarixan qisqa muddatda taʼlim tizimida amalga oshirilgan islohotlar tahlili asosida quyidagi ijobiy tendensiyalarni koʻrsatmoqda.

Birinchidan, taʼlim sohasiga yondashuv tubdan oʻzgardi. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” shiori asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Maktablarda ish yuklamasi maqbullashtirilib, oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish amaliyoti bekor qilindi. Bu borada anʼanaviy yondashuvlardan voz kechilib, zamonaviy texnologiyalar, ilgʻor xorijiy tajriba faol joriy etila boshlandi.

Ikkinchidan, taʼlim tizimidagi islohotlarning asosini – jamiyatda oʻqituvchining maqomini oshirish, ularga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirish tashkil etdi.

Bu borada oʻqituvchilarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularga imtiyozli kreditlar ajratish, olis hududlarda ishlayotgan pedagoglar uchun ustamalar joriy etish belgilandi.

Uchinchidan, Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga va taʼlim sohasidagi zamonaviy tendensiyalarga mutanosib huquqiy makon yaratildi. Jumladan, pedagog-oʻqituvchilarning huquqiy maqomi birinchi marotaba mamlakatning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida qatʼiy belgilab qoʻyildi. Unga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi” (52 modda)[1]. Shuningdek, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Bundan tashqari, Asosiy Qonunimizda taʼlim sohasida davlatning alohida majburiyatlari sifatida imkoniyati cheklangan bolalarning sifatli bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlar nazarda tutilgan. Jumladan, Konstitutsiyaning 50 moddasida taʼlim muassasalarida alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim taʼminlanishi toʻgʻrisida ijtimoiy norma kiritildi.

Toʻrtinchidan, tizimda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keng qamrovli strategik islohotlar amalga oshirildi. Sohaga oid dolzarb vazifalar konseptual va strategik hujjatlarda oʻz aksini topmoqda.

Xususan, 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, “Raqamli Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” shular jumlasidandir.

Ahamiyatlisi, ularning asosini yoshlar salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning taʼlim-tarbiyasi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish tashkil etmoqda. Zero, ulugʻ maʼrifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning: «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir», degan soʻzlari barcha davr uchun dolzarbdir.

Beshinchidan, statistik maʼlumotlarga koʻra, hozirda Oʻzbekiston aholisi 37 mln. nafarni tashkil etmoqda. Demograflarning prognozlariga koʻra, 2030-yilga borib mamlakat aholisi 40 mln. kishidan oshadi. Ayni paytda, mutaxassislar aholi oʻsishi dinamikasini, jumladan undan yoshlar ulushining oʻsib borishi “demografik dividend” davri deya baholashmoqda va ularning fikricha, bundan oqilona foydalanish kelgusida mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida “inson qadri” taʼminlash, pirovard natija sifatida esa inson kapitalini rivojlantirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu davr talabidir. Zero, har qanday islohotning natijadorligi sifatli va zamonaviy taʼlim olgan, yuksak salohiyatli mutaxassislarga bogʻliqdir. Boshqacha aytganda, inson kapitali – har qanday modernizatsiya va iqtisodiy muvaffaqiyatning eng muhim poydevoridir.

Taʼlim sohasidagi davlat siyosatining yana bir muhim yoʻnalishi – bu yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratishdir. Uzoq yillardan buyon maktab bitiruvchilarining 50%i mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotgani oʻz yechimini kutayotgan muammolardan biri edi.

Mazkur masalani hal etish maqsadida 2023-yildan boshlab yangi dastur amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, har bir viloyatda
1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etildi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi.

Oltinchidan, sifatli taʼlim — mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi eng samarali va qisqa yoʻldir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida “Taʼlim sifatini oshirish - Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning yagona toʻgʻri yoʻli” deya taʼkidlab, 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilgan edi.

Yettinchidan, soʻnggi yillarda davlat byudjetidan taʼlim sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar miqdori ortib borish tendensiyaga ega boʻlmoqda. Jumladan, 2021-yilda oliy va oʻrta taʼlim tizimiga 2,9 trln. soʻm, xalq taʼlimiga 22,1 trln. soʻm ajratilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkichlar mos ravishda 4,1 trln. va 25,8 trln. soʻmni tashkil qilgan.

Umumiy hisobda taʼlim shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan koʻprogʻini tashkil etmoqda. Xususan, ushbu islohotlar uchun davlat byudjetidan xarajatlar soʻnggi 6 yilda 4,3 baravarga oshirildi.

Shu bilan birga, xalq taʼlimi tizimini isloh qilish jarayonida oʻrta maktab oʻqituvchilarining ish haqi 3 baravarga oshirilib, maktablarga malakali mutaxassislarni jalb qilishga erishildi. Buning natijasida 2016/2017 oʻquv yilida oliy maʼlumotli oʻqituvchilarning ulushi 81,8% ni tashkil etgan boʻlsa, 2020/2021 oʻquv yilida ushbu koʻrsatkich 87,8% ga yetdi.

Bundan tashqari, mamlakatning olis tumanlarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida ularga har oyda 50% miqdorida qoʻshimcha ustama haq toʻlash boʻyicha aniq mezonlar belgilandi. Shuningdek, maktab oʻqituvchilariga uy-joy, avtotransport, maishiy texnika vositalari va boshqalar uchun imtiyozli kreditlar berish amaliyoti joriy etildi.

Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni koʻtara olmaydi, ammo qanchalik ogʻir boʻlmasin, buning uchun zarur mablagʻ va resurslar ajratilmoqda. Oʻzbekiston Rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun qoʻyilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, taʼlim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini taʼkidlamoqda.

Sakkizinchidan, sohadagi islohotlar qisqa muddatda oʻzining ijobiy natijasini bera boshladi. Jumladan, agarda 2017-yilda Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim bilan atigi 27% bolalar qamrab olingan boʻlsa, soʻnggi yetti yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 74% yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bogʻchaga bormoqda.

Shuningdek, soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari soni
210 taga (taqqoslash uchun: 2016-yilda – 77 ta), qamrovi esa 42% ga yetdi. Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Xorijiy mamlakatlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida 64 ta yangi kasb boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning (AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Finlyandiya, Koreya, Hindiston, Singapur Rossiya va h.k.) nufuzli oliy oʻquv yurtlarining filiallari ochildi.

Umuman olganda, islohotlar natijasida oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar soni 2,2 baravarga oshdi. Xususan, 2016-yilda 268,3 ming talaba tahsil olgan boʻlsa, 2023-yilda ularning soni 1,03 mln. nafarga yetdi.

Toʻqqizinchidan, ushbu sohadagi boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, boshqaruvning zamonaviy shakllarini joriy etish, taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning oʻxshash va oʻzaro bir-birini takrorlovchi funksiyalarini muvofiqlashtirish hamda ularning faoliyatini samarali taʼminlash maqsadida Oliy taʼlim hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi negizida - Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha taʼlim va Xalq taʼlimi vazirligi birlashtirilib Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tashkil etildi.

Oʻninchidan, taʼlim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak oʻqituvchilarning alohida oʻrni va taʼsiri borligi hisobga olinib, koʻrilgan aniq chora-tadbirlar natijasida 44 ming nafardan ortiq erkak oʻqituvchi xalq taʼlimi tizimiga qaytdi.

Shuningdek, iqtidorli yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha yangi tizim joriy etildi. Jumladan, yuqori malakali mutaxassislarni xorijda tayyorlash, iqtidorli va istiqbolli davlat xizmatchilarini izlab topish, tanlash va ragʻbatlantirish, yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga koʻmaklashish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tashkil etildi.

Bugungi kunda 504 nafardan ortiq jamgʻarmasi stipendiatlari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida taʼlim olmoqdalar.

Bundan tashqari, iqtidorli bolalarni aniqlash, taʼlim jarayoniga ilgʻor texnologiyalar, uslublar va xorij tajribasini keng joriy etish, ularni oʻqitish va tarbiyalashda yaxlit tizim yaratish, isteʼdodli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida davlatimiz Rahbarining 2019-yil 20-fevralda “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Bugungi kunda mamlakatning barcha hududlarida Prezident maktablari samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Misol sifatida 2024-yilda Toshkentdagi Prezident maktabi oʻquvchisi Abdulaziz Sobirov dunyo reytingida Top 5 talikka kiruvchi Garvard universitetiga 354 ming dollar miqdoridagi grant bilan oʻqishga qabul qilinganini koʻrsatish mumkin.

Bu boradagi ishlarning mantiqiy davoim sifatida 2024-yilda Prezident maktablari taʼlim dasturi yana mingta maktabda boshlanishi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, mamlakatda Ijod maktablari, Abu Ali Ibn Sino,
M. Ulugʻbek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Mamlakat taʼlim tizimi sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan eng soʻnggi islohotlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani boʻldi (02.02.2024-y. PQ-54-son).

Loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

- taʼlim sohasini isloh qilish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish;

- xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini taʼminlash;

- yetakchi ekspertlar, konsultantlar, maslahatchilar va jamoatchilikni keng jalb qilgan holda taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

- taʼlim turlari va darajalari oʻrtasida uzviylikni va uzluksizlikni taʼminlash, davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarning oʻzaro hamjihatlikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

- taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati madaniyatini shakllantirish, oʻquv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishda vazirlik va idoralarga har tomonlama koʻmaklashish;

- maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash;

- oʻquvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv metodikalarini ishlab chiqish.

- tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), oʻquvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etish;- taʼlim sifatini nazorat qilish yoʻnalishida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, xorijiy va xalqaro baholash tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish[2].

Taʼkidlash kerakki, bugun Oʻzbekistonda islohotlar ortga qaytmas tus olgan boʻlib, taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar ularning asosini tashkil etadi. Ahamiyatlisi, sohadagi islohotlar strategik xarakterga ega boʻlib, davlat muntazam tarzda ularni zamonaviy tendensiyalar asosida takomillashtirib borish maqsadida yaqin istiqbolda oʻz oldiga katta vazifalarni qoʻygan. Xususan:

- maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning toʻliq qamrovini taʼminlash.

- umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish. Uning doirasida olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun bepul avtobuslarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

- umumiy oʻrta taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish. Xususan, 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qoʻllanmalar va mobil ilovalar yaratish.

- barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kasb-hunarlarga oʻrgatish kurslarini joriy etish. Jumladan, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning taʼlim metodikasini barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻquv jarayonlariga joriy etiladi.

- umumiy oʻrta taʼlimni rivojlantirish jarayoniga xususiy sektorni faol jalb qilish jumladan nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari sonini 1 000 taga yetkazish.

- kelgusi besh yilda nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 1 trln. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish. 2024-yildan boshlab har yili davlat-xususiy sheriklik asosida kamida 100 tadan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari qurilishi boʻyicha shartnomalar tuzish.

- nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan oʻquvchilar ulushini 3 barobarga oshirish. Davlat-xususiy sheriklik asosida va xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan mablagʻlar hisobidan 2 mlrd. dollarlik umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish va boshqalar.

maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini yanada kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangi bogʻchalarni qurish uchun 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 80,8% ga yetkazish maqsad qilingan.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mamlakatda taʼlim sohasidagi islohotlar, yoshlarni taʼlim tizimi bilan qamrab olish borasida amalga oshirilgan dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Jumladan, World Population Review tomonidan 2021-yilda eng savodli mamlakatlar reytingini tuzish uchun 154 mamlakatdagi holatni tahlil qilgan. Reytingga koʻra Oʻzbekiston savodxonligi 100 foizni tashkil qilgan 4 ta mamlakatlardan biridir.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, inson kapitali iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydigan muhim omildir. Shu nuqtayi nazardan, sifatli taʼlim shubhasiz, mamlakat taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qiladigan eng samarali va qisqa yoʻldir. Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlar ijobiy dinamikaga ega boʻlmoqda va ular oʻrta va uzoq istiqbolda oʻz samarasini beradi.

Abror YUSUPOV

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Strategik va mintaqalararo

tadqiqotlar instituti boʻlim rahbari, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Tursunboy ZIKIROV

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Strategik va mintaqalararo

tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi



[1] Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. “Oʻzbekiston” nashriyoti. 22 b.

[2] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori //lex.uz/docs/6788002

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net