XITOYDA O?ZBEKISTON SAYYOHLIK SALOHIYATINING DOVRUG?I TOBORA YUKSALMOQDA

20.08.2018 22:03

Bir necha kun avval Xitoyning Szyansu provinsiyasi teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston – ko‘hna sivilizatsiya, boy tarix va madaniyatga ega mamlakat” nomli hujjatli filmni namoyish etdi. Unda o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyati hamda zamonaviy hayoti haqida hikoya qilinadi. Ushbu film O‘zbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyatini Xitoyda keng targ‘ib etish maqsadida elchixona tomonidan teleradiokompaniyaga taqdim etilgan videomateriallar asosida tayyorlandi.

Hujjatli filmda O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva singari tarixiy shaharlari, ularning bag‘rida joylashgan betakror me’moriy obidalari, shu bilan birga, mamlakatimiz xalqining o‘ziga xos urf-odat va an’analari haqidagi atroflicha ma’lumotlar xitoylik tomoshabinlarning e’tiboriga havola qilindi.

Film sharif shahar – Buxoro ta’rifi bilan boshlanadi. “Mamlakat hududida joylashgan ko‘hna va ertakmonand Buxoro o‘zining go‘zalligi bilan xorijlik sayohatchilarni hamon hayratga solib keladi. Sayyohlarning aytishicha, “bu shaharda Sharq sehri mujassamdir”, deydi xitoylik jurnalist.

Hujjatli filmda Buxoroning barcha diqqatga sazovor maskanlari o‘z aksini topgan. Shaharning asosiy ramzi – o‘n ikkinchi asrda bunyod etilgan Minorai Kalonga alohida e’tibor qaratiladi. Tomoshabinlarga ajoyib lavhalar asosida ma’lum qilinganidek, bu shahar o‘zining “moviy gumbazli bozorlari bilan ham dong taratgan. Ularda xorijlik mehmonlarga o‘zbek xalq amaliy san’atining rang-barang buyumlari taklif etiladi”.

Yana bir tarixiy obida - Ark qal’asi, so‘ngra tarixiy Labi hovuz majmuasiga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos kelgan Xo‘ja Nasriddin folklor yodgorligi haqidagi ma’lumotlar ham jurnalist nazaridan chetda qolmaydi. Yana bir diqqatga molik jihat shundaki, filmda Markaziy Osiyoning ikki katta daryosi – Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan ushbu mintaqa o‘z davrida xalqaro madaniy va savdo almashuvlarining muhim yo‘lagi bo‘lganiga alohida e’tibor qaratiladi. “Turli ashyolar, qog‘oz, ipak, ziravor va boshqa noyob, qimmatbaho buyumlar yuklangan savdo karvonlari shu shahar orqali o‘tgan”.

Szyansu teleradiokompaniyasi o‘z tomoshabinlarini ko‘hna Xiva bilan ham yaqindan tanishtiradi. “Ochiq osmon ostidagi muzey-shahar. Xorijlik sayohatchilar Xivaga ana shunday nom berishgan. Bu dunyoning tarixiy inshootlar, butun shahar to‘la saqlanib qolgan noyob go‘shasidir”, deydi xitoylik jurnalist kadr ortidan.

Teleradiokompaniya Xorazmning Buyuk Ipak yo‘lidagi xalqaro savdo markazi bo‘lgani, Xiva esa uning tom ma’nodagi eng muhim nuqtasi sanalganini alohida qayd etadi. “Bu shahar bepoyon Qoraqum va Qizilqum cho‘llarining oralig‘ida joylashgan. Xiva muxlislari ushbu ertakmonand shaharning doimiy mehmonlaridir”, deydi jurnalist. Filmda Ichon qal’a ichida joylashgan ko‘pgina yodgorliklar haqidagi ma’lumotlar tilga olinadi.

Tomoshabinlarni mamlakatimizning bosh kenti – azim Toshkent bilan tanishtirar ekan, teleradiokompaniya bu shaharda joylashgan tarixiy me’moriy obidalar va zamonaviy binolar o‘rtasida ajoyib uyg‘unlik mavjudligini alohida ta’kidlaydi. Megapolisdagi gavjum bozorlardan biridagi sharqona manzaralar lavhalari ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otishi tayin.

Diyorimizning turli hududlariga xos va bir-biridan go‘zal, fusunkor tabiati aks etgan lavhalar filmga o‘zgacha mazmundorlik baxsh etgan. Shu bilan birga, o‘ziga xos va o‘ziga mos bo‘lgan o‘zbek milliy oshxonasi taomlari ham jurnalist e’tiboridan chetda qolmagan. U o‘lkamizda milliy taomlar tayyorlash san’ati ming yillar davomida shakllanganini qayd etar ekan, “Kim o‘zbek palovini tatib ko‘rmagan bo‘lsa, u O‘zbekistonda bo‘lmabdi”, deya xitob qiladi.

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, ushbu hujjatli film Nankin shahri markazidagi baland bino va inshootlar devorlariga o‘rnatilgan bilbordlar orqali ham uzluksiz namoyish etildi. Bundan tashqari, film Xitoy yo‘ldosh televideniyesining barcha kanallari orqali tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingani barobarida Xitoydagi o‘ndan ortiq ijtimoiy tarmoqlarga ham tarqatildi. Bu Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yashovchi va xitoy tilida so‘zlashadigan aholi ham ushbu filmni tomosha qilishlari uchun qulay imkoniyatni yaratdi.

Mazkur hujjatli filmning bu qadar keng namoyish etilgani O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy sohadagi ikki tomonlama aloqalar faol rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net