SAUDIYA ARABISTONDA O?ZBEKISTONNING TAQDIMOTI NAMOYISH ETILDI

22.04.2019 14:25

Saudiya Arabistoni Podshohligi ta’lim va tarbiya tizimida har yili o‘rta maktab o‘quvchilari tomonidan xorijiy davlatlar taqdimoti musobaqasini o‘tkazish an’anaga aylangan.

Yaqinda ana shunday tadbirlardan biri Riyoz shahrida joylashgan “Al-Rissalah” xalqaro maktabida tashkil etildi. Mazkur ta’lim dargohining 7 sinfida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz tomonidan O‘zbekiston taqdimoti tayyorlandi.

Musobaqa talablariga muvofiq, O‘zbekiston stendida davlat atributlari, amaliy san’at asarlari, tayyorlangan o‘zbek taomlari va shirinliklari, milliy liboslar hamda musiqiy asboblar, madaniy va tarixiy obidalarning suratlari namoyish etildi.

Unda o‘zbekistonlik o‘quvchilar yurtimizning tarixi, zamonaviy davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiyoti, madaniyati, tabiati, odamlarning turmush tarzi va o‘zbek zaminida tug‘ilib, ijod qilgan hamda dunyo tamadduniga buyuk hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar haqida o‘zbek, arab va ingliz tillarida ma’lumot berdilar.

O‘zbekiston taqdimotini yuksak baholashda, maktab o‘quvchilari vatanimiz madaniyatini milliy liboslarda va o‘zbek raqs san’ati orqali ifodalaganlari, video lavhalar yordamida esa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari bilan tanishtirganlari, respublikamizning sayyohlik salohiyati haqida keng ma’lumot berganlari asosiy mezon bo‘ldi.

Yurtimizning Davlat madhiyasi yangragan chog‘da ishtirokchilar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib diqqat bilan tinglaganlari tadbirning kulminatsion nuqtasiga aylandi.

Mahalliy ta’lim vazirligi vakillari, ishbilarmonlar, ustoz va murabbiylardan tashkil topgan musobaqa hakamlari guruhining xulosasiga ko‘ra, 21 xorijiy davlatning taqdimotlari orasida O‘zbekiston taqdimoti barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Tadbir qatnashchilarining ayrimlari O‘zbekiston taqdimoti bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Xususan, “Al-Rissalah” xalqaro maktabi bosh direktori Xuseyn Alining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda arab davlatlari, shu jumladan, Saudiya Arabistoni jamoatchiligi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga katta qiziqish bilan qaramoqda.

- Mazkur tadbir birinchi navbatda shu dargohda tahsil olayotgan o‘quvchilarning va taqdimot qatnashchilarining dunyoqarashini yanada kengaytirdi. O‘zbekistondek boy tarixga ega bo‘lgan mamlakatning dunyo tamadduniga qo‘shgan xissasi xaqidagi ma’lumotlar bilan o‘z bilimlarini boyitdilar, - dedi u.

Turkiyaning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi elchixonasi mas’ul xodimi Metin BilgeO‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan faol hamkorligini yuqori baholab, qardosh o‘zbek xalqiga xurmati yuksakligini ta’kidlar ekan, mamlakat tarixi va madaniyati juda ham boyligini, o‘ziga xos ko‘rinishda tashkillashtirilgan ko‘rgazma esa ushbu tadbirga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaganini qayd etdi.

“Al-Rissalah” xalqaro maktabi o‘qituvchisi Kenan Avandaz o‘zbekistonlik o‘quvchilarning iqtidori juda yuqoriligi, ularning ijodkorligi va bilim saviyasi boshqa tengdoshlaridan alohida ajralib turishini bildirdi.

- Tadbirda O‘zbekiston taqdimotidan juda ham ta’sirlandim. Bu davlatning tabiati, tarixiy yodgorliklari va milliy madaniyatiga qiziqishim ortdi hamda u yerga oilam bilan birgalikda albatta safar uyushtiraman, - deya ta’kidladi u.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net