“SABAQ” NASHRI O?ZBEKISTONNING SAYYOHLIK SALOHIYATI HAQIDA XABAR BERDI

23.12.2019 13:17

Er-Riyod, 22 dekabr. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining mashhur onlayn gazetalaridan biri - “Sabaq” nashrida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari haqida maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

U yerda birinchi qo‘lyozma Qur’oni Karim bor,

 

Saudiyaliklar uchun vizalar 72 soatda tayyor... Ushbu she’riy satrlar bilan boshlanuvchi maqola muallifi joriy yil noyabr oyida Xalqaro Toshkent turistik yarmarkasi doirasida o‘tkazilgan “Hosted Buyers” dasturida ishtirok etgan jurnalist Xalid Xalil saudiyalik sayohlarni O‘zbekistonning boy madaniyati va turizm sohasidagi keng imkoniyatlari bilan tanishtiradi.  

 

“Bu mamlakatni tarixchilar azaldan olis Islom diyori deb ta’riflashgan bo‘lsa, boshqalar uni buyuk shayxlar Vatani va Payg‘ambar alayhissalom sunnati shariflarining xazinasi, osiyoliklar esa bu elni samimiy, tinchliksevar va mehmondo‘stligi uchun “oq ko‘ngilli” insonlar mamlakati ham, deb atashgan.

 

Buyuk ipak yo‘lida, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan bo‘lib, asrlar davomida ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan. Toshkent, Xorazm, Samarqand va Buxoro singari qadimiy shaharlari dunyoga buyuk olim va mutafakkirlarni tarbiyalagan. Bu Sharq mo‘jizasi, Osiyo yuragi…Bu – O‘zbekiston”, - deya sifatlanadi mamlakatimiz.

 

Maqolaning poytaxtimiz tarixi va betakror madaniy merosiga bag‘ishlangan qismida, jumladan, shunday deyilgan: “Toshkent” arabchada “Toshqand” deb aytiladi. U mamlakatning poytaxti va eng yirik shahar bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lidagi eng muhim nuqta hisoblanadi”.

 

Toshkentning diqqatga sazovor joylari sirasida Hazrati Imom majmuasi, teleminora, Amir Temur maydoni, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, sharqona bozorlari, ko‘ngilochar bog‘lari ta’kidlanadi.    

 

Shuningdek, gazetxonlar e’tiboriga Xorazmiy, Farobiy, Ibn Sino, Beruniy, Abu Homid G‘azzoliy va boshqa ko‘plab buyuk ajdodlarimiz va ularning insoniyat tamadduniga qo‘shgan benazir hissasi haqidagi ma’lumotlar havola etilgan.

Bundan tashqari, xorijlik sayyohlar uchun Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarning betakror me’moriy yodgorliklari, mamlakatimizning go‘zal tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi, iqlimi, o‘zbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan birga, pul birligi va transport infratuzilmasiga oid foydali maslahatlar ham berilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net