
18-dekabr kuni O'zbekiston elchixonasida "Tabarruk ziyorat" mavzusida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot hamda respublika va Malayziya turoperatorlarining "B2B" shaklidagi uchrashuvi tashkil qilindi
Tadbirda Malayziyaning 20 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari va Toshkent shahrining "Mercury Travel" turkompaniyaci rahbariyati ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga respublikada turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Chet ellik sayyohlarni respublikaga keng jalb qilish maqsadida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qilishi qayd etildi.
Ishtirokchilarga respublika turkompaniyalari tomonidan taqdim etilayotgan sayyohlik xizmatlari, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, "tabarruk ziyorat turizmi", "madaniy turizm", "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi turpaketlar haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi.
Shuningdek, qatnashchilar O'zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan ko'rsatilayotgan xizmatlar haqida xabardor qilindilar. Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari mavjudligi Markaziy Osiyo va Janubiy-sharqiy Osiyo mintaqasi o'rtasidagi sayyohlar oqimini ko'paytirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
"Kembara Khalifah Travel" kompaniyasi direktori Emran Abd Vahid so'zga chiqib, shu yildan boshlab O'zbekiston turpaketlarini sotuvga yo'lga qo'yganini, 2024-yil noyabr oyining oxirida malayziyalik sayyohlar guruhi tarkibida o'zi ham respublikaga tashrif buyurganini mamnuniyat bilan ta'kidladi.
U O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlari, o'zbek xalqining mehmondo'stligi sayyohlarda katta taassurot qoldirganini qayd etdi.
Ikki mamlakat turoperatorlarining "B2B" shaklidagi uchrashuvlari doirasida yangi ziyorat turpaketlarini Malayziyada keng targ'ib qilish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Malayziyaning "Golden Destinations" turkompaniyasi vakili Fatima Zaxra:
- Bugungi O'zbekiston sayyohlik mahsulotlariga bag'ishlangan taqdimot Malayziya turkompaniya vakillari uchun juda qiziqarli va foydali o'tdi.
Tadbir davomida Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridagi islom dunyosiga oid qator ziyoratgohlar, shu jumladan Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Bakr, Bahouddin Naqshband, Imom Al-Buxoriy majmualari, Poi-Kalon ansambli, Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli (Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug'bek madrasalari), Bibixonim va Hazrati Xizr masjidlari haqida batafsil ma'lumot olganimdan mamnunman. Malayziyalik musulmonlar uchun maxsus ziyorat turpaketlari ishlab chiqilganlini bizni quvontirmoqda.
2025-yilning 1-chi yarmida O'zbekistonga malayziyalik sayyohlar guruhini o'zim bilan olib borishni maqsad qilib qo'ydim. Bizning turkompaniyamiz Malayziyada O'zbekistonga sayyohat qilish uchun turpaketlarni yanada keng targ'ib qilishga tayyor.
Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlarini bog'lab turuvchi haftasiga besh marotaba amalga oshirilayotgan to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar biz kabi turfirmalarga keng qulayliklar yaratmoqda.
Bu kabi tadbirlar Malayziyadan mamlakatingizga sayyohlar oqimini oshishiga xizmat qiladi, deb hisoblayman.