TOSHKENT, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2022 yilning 10 iyunidan boshlab O‘zbekistonga turizm maqsadida keladigan xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun aviaqatnovlar, chegaradosh temir yo‘l stansiyalari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlari orqali harakatlanishida koronavirus infeksiyasi bois o‘rnatilgan vaqtinchalik cheklovlar bekor qilinadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, xorijlik sayyohlar O‘zbekistonga kelishidan oldin koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy natijali maʼlumotga ega bo‘lishi, koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishi hamda tegishli tartibda emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega bo‘lishi talab etiladigan Maxsus komissiyaning bayonlari bilan kiritilgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qoidalar bekor qilinadi.
Komissiya O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va kasallanishning dinamik pasayishi, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan va shifoxonalardan chiqarilayotganlar bemorlar sonining shifoxonaga yotqizilganlar soni, karantindan chiqarilayotgan fuqarolar sonining karantinga olinayotganlar soniga nisbatan ijobiy tomonga o‘zgarganligi, shuningdek, dunyo mamlakatlaridagi epidemiologik vaziyatni eʼtiborga olgan holda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflarini inobatga olgan holda shunday qarorga keldi.