/“Dunyo” AA/. Kuala-Lumpur shahridagi «Sunway Pyramid» anjumanlar markazida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo ziyorat turizmi ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazma Malayziyaning bir qator turizm assotsiatsiyalari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda Osiyo mintaqasining 50 ga yaqin mamlakatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga respublikada turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va sanʼati, milliy anʼanalarini aks ettiruvchi videoroliklar namoyish qilindi.
Malakatimiz lchixonasi tomonidan tashkil etilgan milliy stendda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy turizmi, gastronomik turizm, “Umra+”, qishki turizm kabi sayyohlik dasturlari keng targ‘ib qilindi.
Ushbu ko‘rgazmada respublika “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari ham faol ishtirok etishdi. Ular ishtirokida milliy o‘zbek hunarmandchilik va amaliy sanʼati mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi o‘tkazildi.
Ko‘rgazma 15 sentyabrgacha davom etadi.