BUXORODA I XALQARO ZIYORAT TURIZMI FORUMINING ASOSIY TADBIRLARI BOSHLANDI

22.02.2019 15:11

Mamlakatimizda ilk bora oʻtkazilayotgan mazkur forum Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi, Buxoro viloyati hokimiyati, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ISESCO) hamda Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) koʻmagida tashkil etildi.

Qalblarni titratuvchi muqaddas Qurʼon oyatlari oʻqilgan tadbirda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 120 dan ziyod vakillar ishtirok etmoqda.

Uning ochilishida Oʻzbekiston Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, Muftiy U.Alimovlar Oʻzbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini dunyoga keng targʻib etish, shuningdek, Oʻzbekistonni islom dunyosida ziyorat-turizmi boʻyicha yirik markazlardan biriga aylantirish bugungi forumning asosiy maqsadi ekanini alohida qayd etishdi.

Shuningdek, forumda Misr ijtimoiy birdamlik oilalar va nogironlar Vakillari palatasi qoʻmitasi raisi, ARЕ soʻfilar ordenlari Yuqori kengash raisi Abdulxadi al-Kasabi, Deli shahridagi bosh masjid imomi Said Buxari, Rossiya muftiylar kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasining raisi Abbyasov Rushan kabi din ulamolarining nutqlari kutilmoqda.

– Ziyorat turizmiga bagʻishlangan forumning aynan Buxoroi sharifda oʻtkazilishi, bu zamindan dunyo tamadduniga benihoya katta hissa qoʻshgan olimu ulamolar yetishib chiqqanni dunyo miqyosidagi eʼtirofi degan fikrdanman, – deydi qozogʻistonlik Beybit Mirzageldiyev. – Axir dunyoga mashhur Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq Gʻijduvoniy kabi tasavvuf ilmining ulugʻlari taʼlimoti butun dunyo boyligi hisoblanadi. Kecha oʻzim ham Abu Hafsi Kabir qadamjosini ziyorat qilish baxtiga muyassar boʻlganimdan mamnunman. Kelgusida aziz avliyolar yurti sanalgan mazkur goʻshaga oilam aʼzolari, tugʻishganlarim, doʻst-birodarlarimni olib kelish niyatidaman.

Bugungi forum doirasida Oʻzbekistonning Indoneziyadagi turizm brendi elchisi Eko Shri Margiantiga elchilik sertifikati topshirilishi, “Yetti pir” haqida sahnalashtirilgan teatr namoyish etilishi kutilmoqda. Shuningdek, forum yakunida Turizm qoʻmitasi qoshidagi “Milliy PR-markaz” hamda “Global Muslim Traveler Index” doirasida “MATTA” (Malaziya), “Crescent Rating” (Singapur) assotsiatsiyalari, Jakarta targʻibоt fondi (Indoneziya) oʻrtasida hamkorlik Memorandumi imzolanadi.

Buxoro yoshlar markazida oʻtkazilayotgan forumda viloyatning hunarmandlari turli yoʻnalishlarda master-klass oʻtkazishmoqda. Ayniqsa, xattotlik, kulolchilik, yogʻoch oʻymakorligi, misgarlik kabi sohalardagi mahorat darslari xorijiy mehmonlar eʼtiborini tortmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net