SAUDIYALIK MUALLIFLARNING ROMANLARI O?ZBEK TILIGA TARJIMA QILINDI

10.05.2019 18:00

“O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi va Saudiya Arabistoni Podshohligining Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi hamkorlik loyihasi doirasida Murtazo Saidumarov tomonidan tarjima qilingan Hamid Damanhuriyning “Qurbonlik qiymati” va Hamza Muhammad Buxoriyning “Safo ayvoni” romanlari nashrdan chiqdi.

Saudiya Arabistoni hayoti, tarixi va madaniyatini o‘zida aks ettirgan asarlarni dunyo xalqlari tillariga tarjima qilish loyihasi o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan.

“Qurbonlik qiymati” asari Saudiya romanchiligi shakllanish davrining yuksak ijod namunasi sifatida baholanadi. “Safo ayvoni” esa Makka shahri hayotini yorqin tasvirlaydigan qiziqarli romanlardan biridir. Shu bois Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun aynan ushbu ikki asarni tanlab olgan.

Mazkur markaz Riyoz shahrida joriy yil aprel oyida Osiyo arabshunoslarining birinchi anjumanini tashkil qildi. Unda O‘zbekistondan 9 arabshunos olim qatnashdi. Ushbu anjumanning keyingi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi o‘rganib chiqilmoqda.

Ma’lumot uchun: tarjimalar muallifi M.Saidumarov O‘zbekiston Milliy universiteti Sharq tillari fakultetida hamda Moskva davlat universiteti Osiyo va Afrika mamlakatlari institutida tahsil olgan. U Saudiya Arabistonidagi Podshoh Saud universiteti filologiya va tarjimonlik fakulteti professori sifatida ham ishlagan, saudiyalik adabiyotchilarning qator asarlarini o‘zbek va rus tillariga tarjima qilgan.

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net