Samarqand harakatlar rejasi Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida taʼlimni samarali amalga oshirishga qaratilgan

16.12.2022 11:00

2022-yil 5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzuida global forum boʻlib oʻtdi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Global forumda 120 nafardan ortiq xalqaro ekspertlar va 2 mingdan ziyod milliy mutaxassislar ishtirok etdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan mazkur xalqaro anjuman tafsilotlari haqida suhbatlashdik.

— Koʻp sonli, yanada muhimi, salohiyatli xalqaro va milliy ekspertlarning oʻzaro fikr almashishlari uchun qulay maydon yaratgan global forum yakunida uning ishtirokchilari qanday muhim xulosalarga keldilar?

— Xalqaro hamjamiyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida olib borayotgan siyosati hamda tashabbuslarini yuksak baholamoqda. Global forum ishtirokchilarining birlamchi va eng asosiy xulosasi shu.

Ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, mazkur jabhada taʼlimni takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston ayni yoʻnalishlarda BMT va BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi doirasida 40 tadan ortiq global, mintaqaviy va milliy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surdi. Shu asosda hozirgi kunga qadar BMT Bosh Assambleyasining oltita rezolyutsiyasi qabul qilinishiga erishildi. Bu — birinchi xulosa.

Ikkinchi xulosa: global forum 2022-yil 10-dekabrda, yaʼni butun dunyoda, jumladan, Oʻzbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanadigan muhim sana arafasida boʻlib oʻtdi. Bu, shubhasiz, oʻziga xos ramziy ahamiyat kasb etdi.

Eng muhimi, Samarqand global forumi bir tomondan bashariyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlari himoya etilishi zarurligini baralla uqtirgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlashga qaratilgan “Qadr-qimmat, erkinlik va adolat — hamma uchun” kampaniyasini boshlab berdi. Shu bilan birga, global forum Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 11 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarning debochasi — dastlabkisi boʻldi.

Uchinchi xulosa: mazkur jabhadagi taʼlim inson huquqlarini butun dunyo miqyosida qoʻllab-quvvatlash va barchaning ularga rioya qilishiga erishish borasida nihoyatda ulkan ahamiyatga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida qayd etilganidek, “Taʼlim inson shaxsini toʻla barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmogʻi lozim. Taʼlim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar oʻrtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va doʻstlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak”.

Shu nuqtayi nazardan, global forum ishtirokchilari tomonidan inson huquqlari sohasidagi taʼlimning quyidagi uchta jihati alohida taʼkidlandi:

birinchi jihati — barcha fuqarolar inson huquqlari oʻzi nima ekani, bu huquqlar qanday kafolatlanishi yoki taʼminlanishi haqida yetarlicha bilim olishlari lozim;

ikkinchi jihati — inson huquqlari sohasidagi taʼlim inson huquqlariga oid qadriyatlarga mos va muvofiq holda amalga oshirilishiga hamda bu sohadagi taʼlimning nafaqat jarayoni, balki mazmun-mohiyati ham juda muhimligiga jiddiy eʼtibor qaratish kerak;

uchinchi jihati — inson huquqlari talablaridan kelib chiqqan holda, inson huquqlari sohasida taʼlim berish, oʻz navbatida, taʼlim olayotgan shaxslarga inson huquqlariga oid qadriyatlarni oʻz hayotida qoʻllash, shuningdek, inson huquqlarini mustaqil ravishda yoki jamoatchilik bilan birgalikda ragʻbatlantirish va himoya qilish uchun juda qoʻl kelishini unutmaslik zarur.

— Xalqaro va xorijiy ekspertlar tomonidan qanday fikrlar bildirildi?

— Bu haqda soʻz yuritishdan oldin bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Samarqand global forumi ishtirokchilariga oʻzlarining samimiy qutlovlari bilan murojaat qilganlarini taʼkidlash lozim, deb oʻylayman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi, elchi Federiko Vilyegas, Parlamentlararo Ittifoq raisi Duarte Pacheko, YUNESKO Bosh kotibi oʻrinbosari Stefaniya Jannini, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boʻyicha direktorati bosh direktori Yakumopulos Kristos, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedevning kirish soʻzlari, bir tomondan, ushbu xalqaro anjumanning qanchalik dolzarbligini koʻrsatib bergan boʻlsa, ikkinchi tomondan, Samarqand global forumi tom maʼnodagi umumbashariy masalalar koʻrib chiqiladigan muloqot maydoni ekanini amalda tasdiqladi.

Jumladan, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari F. Tyurk Oʻzbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya boʻyicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Uning taʼkidlashicha, “Inson huquqlari sohasidagi taʼlim insoniyat oldidagi qiyinchiliklarni yengishga koʻmaklashadi. Ayniqsa, yoshlarga bu sohada berilgan puxta taʼlim ularning fuqarolik faolligini oshiradi. Inson huquqlari sohasidagi taʼlim butun umr davomida oʻqitilishi, muntazam malaka oshirib borilishi va oʻrganilgan bilimlar amalda qoʻllanishi talab etiladigan oʻziga xos taʼlim sohasidir. Zero, taʼlim olish hech qachon yosh tanlamaydi”.

F. Tyurk, shuningdek, inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya boʻyicha samarador har qanday tashabbusni qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi. “Butun dunyoda, shu jumladan, Markaziy Osiyoda milliy va mintaqaviy darajalarda inson huquqlari sohasida turli taʼlim treninglarini oʻtkazish muhim vazifalarimizdandir. Global koʻlamda esa barcha mamlakatlar bu borada oʻzaro tajriba almashishi va bir-biridan ibratli amaliyotlarni oʻzlashtirishini taʼminlashga intilamiz. Shu maʼnoda, mamlakatingizning inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish boʻyicha yaqin istiqboldagi rejalari menga mamnuniyat bagʻishlaydi”, dedi BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi, elchi F. Vilyegas Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatidagi faoliyati oʻz samaralarini berayotganini amalda koʻrib turganidan mamnunligini bildirdi. “Ayniqsa, Samarqand global forumi misolida inson huquqlari sohasidagi taʼlimga oid tashabbusi va saʼy-harakatlari uchun Oʻzbekistonga alohida rahmat aytaman”, dedi u.

F. Vilyegasning fikricha, bugungi kunda jahon ahli tinchlikka, dunyoning bugungi manzarasiga bemisl taʼsir koʻrsatadigan uchta voqelikni boshidan kechirmoqda. Bular — pandemiya inqirozi, iqlim oʻzgarishi va Yevropaning qoq yuragida kechayotgan hamda global oqibatlarga ega notinchlikdir.

Bu voqealarning barchasi inson huquqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qiladi. Shunday ekan, ushbu voqealarga inson huquqlari nuqtayi nazaridan yondashish bunday kulfatlarni yengib oʻtish va kelgusida yana takrorlanishining oldini olishda eng maqbul yoʻldir. Bunday inqirozlarning oldini olish uchun inson huquqlari sohasiga oid yetuk normalar va institutlarga ega boʻlishimiz talab qilinadi. Binobarin, rang-baranglik qadriyatlarining ahamiyatini eʼtirof etish, jamiyatni farovon qilish va nizolarga barham berish uchun inson huquqlari sohasidagi taʼlimdan maqbulroq taʼsirchan vosita yoʻq, deb taʼkidladi BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi.

YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori M. Mekachchi inson huquqlari sohasidagi taʼlimni — doimiy eʼtibor talab qiladigan uzoq muddatli sarmoya, deb hisoblaydi. Uni koʻpincha kutilgan samarani bermaydigan qisqa muddatli har xil loyihalar bilan almashtirmaslik lozim va shart.

Inson huquqlari sohasidagi taʼlimni amalga oshirishning ikki tomoni borligini ham yaxshi anglashimiz lozim. Bir tomondan, kishilarning inson huquqlari boʻyicha xabardorligi va bilimini oshirishimiz kerak. Ikkinchi tomondan esa inson huquqlari sohasidagi taʼlimning taʼlim tizimidan oʻrin olishiga intilishimiz darkor.

Shu nuqtayi nazardan, M. Mekachchining eʼtiroficha, “Samarqand global forumi inson huquqlari sohasidagi taʼlimni butun mintaqamiz koʻlamida rivojantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, bunday taʼlim jamiyat hayoti yaxshilanishi va demokratiya rivojlanishi yoʻlida munosib hissa qoʻshadigan qobil hamda qatʼiyatli fuqarolar shakllanishiga xizmat qiladi”.

Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boshqarmasi bosh direktori X. Giyakumopulos inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha global forumning aynan qadimiy va navqiron Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi juda oʻrinli, mantiqli va teran ramziy maʼnoga egaligini taʼkidladi. Chunki uning eʼtirof etishicha, ushbu zaminda necha asrlar davomida insoniyatga yaxshilik va manfaat keltiruvchi bilimlarga boy qanchadan-qancha noyob ilmiy asarlar yaratilgan.

“Global forumni oʻtkazish uchun ham maqbul vaqt tanlangan”, deydi X. Giyakumopulos. Zero, “biz bugun BMT Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi natijalarini hamjihatlikda baholab turibmiz. Yaqin kunlarda esa BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bagʻishlangan butunjahon kampaniyasi boshlanadi. Mazkur deklaratsiya qabul qilinganidan buyon oʻtgan davrda butun dunyoda inson huquqlari boʻyicha qanchadan-qancha muhim mintaqaviy shartnomalar qabul qilinishiga turtki berib kelmoqda”.

Global forumi ishtirokchisi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya boʻlimi koordinatori Yelena Ippoliti Samarqand global forumi doirasida koʻplab mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida ayni mavzu yuzasidan keng muhokamalar boʻlib oʻtgani xalqaro anjumaning asosiy yutugʻi, deb hisoblaydi. Shuningdek, muammolarga eng qulay yechim topish boʻyicha amaliy takliflar berilgani juda muhimdir.

Ye. Ippoliti Oʻzbekistonda mazkur sohada kechayotgan ijobiy oʻzgarishlardan xursand boʻlganini yashirib oʻtirmadi. Global forumda “Inson huquqi boʻyicha taʼlim masalasi global miqyosda hukumatlar tomonidan muhokama qilinishi zarurligi toʻgʻrisida tavsiyalar berildi. Muhimi, mazkur tavsiyalarni hayotga tatbiq etish shart. Inson huquqi sohasidagi taʼlimning asl ahamiyati mahalliy va milliy darajada barcha fuqarolar manfaati uchun yoʻnaltirilganidadir”, dedi BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi vakili.

BMT Qochoqlar masalasi boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi katta xodimi Frank Remus esa Oʻzbekiston hukumatining saʼy-harakati tufayli mamlakatda keyingi yillarda 70 mingga yaqin kishilar fuqarolikni olganini taʼkidladi. F. Remus bu boradagi yaqin hamkorlikdagi ishlar kelgusida ham samarali davom ettirilishini taʼkidladi.

“Yaqin kelajakda Oʻzbekistonda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qolmasligiga ishonchim komil. Yoshlar tarbiyasi Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Shu bois nafaqat taʼlim, balki boshqa sohalarda ham mintaqaviy hamkorlikni oshirish zarur”, dedi BMT Qochoqlar masalasi boʻyicha boshqarmasining vakili.

— Global forum yakunida qabul qilingan Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida taʼlimni amalga oshirish boʻyicha Samarqand Harakatlar rejasining maqsad-mohiyati va ahamiyati nimada?

— Samarqand Harakatlar rejasi, global forum ishtirokchilarining fikricha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturini amalga oshirish ishiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Binobarin, jahon taʼlim dasturining oʻzi — Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyani toʻldiruvchi global Harakatlar rejasi, deganidir.

Oʻtgan davrda Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining ketma-ket uchta bosqichi izchillik bilan amalga oshirildi. Oʻz navbatida, 2020-yilda boshlangan toʻrtinchi bosqich 2024-yilda nihoyasiga yetadi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2022-yil 6-oktyabrdagi Rezolyutsiyasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirishga masʼul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida taʼkidlandi. Shuningdek, dasturning beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.

Rezolyutsiyada BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini soʻrab olish tavsiya etildi. Shu maʼnoda inson huquqlari sohasida taʼlim mavzuidagi global forumda, jumladan, Jahon taʼlim dasturi beshinchi bosqichi boʻyicha takliflarning muhokama qilingani muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Shunday qilib, Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida taʼlimni amalga oshirish boʻyicha Samarqand Harakatlar rejasi BMT Bosh Assambleyasining yaqin orada boʻlib oʻtadigan majlislaridan birida xalqaro hamjamiyatga taqdim etilishi kutilmoqda.

— Samarqand Harakatlar rejasida, umuman, global forumda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada takomillashtirish yuzasidan qanday tavsiyalar berildi?

— Birinchidan, inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiyani amalga oshirishda:

oddiygina “Inson huquqlari nima?” degan savolga javob topishdan tortib, ushbu huquqlarning tub mohiyatini anglab yetishgacha boʻlgan keng koʻlamli taʼlimni toʻliq qamrab olishga eʼtibor qaratish lozim. Bunda “inson huquqlari nuqtayi nazaridan taʼlim berish”ga, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning huquqlari hurmat qilinishiga, insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda qadr-qimmati himoyasi imkoniyatlarini oʻzaro birdamlik negizida kengaytirishga alohida ahamiyat qaratish taqozo etiladi;

yuridik taʼlim bilangina cheklanib qolmasdan, bu yoʻnalishdagi tor doirani yorib chiqish kerak. Toki inson huquqlari sohasida taʼlim oluvchilar nafaqat oʻz huquqlarini, balki oʻzgalarning haq-huquqlarini ham oʻzaro birdamlikda himoya qilish borasida yetarlicha hayotiy koʻnikma va dunyoqarashga ega boʻlsin;

taʼlim jarayonlari taʼlim oluvchilarning turlicha madaniy oʻziga xosliklarini hisobga olgan holda qabul qilingan inson huquqlari prinsiplariga asoslanishi va ularning yoshi, madaniy mansubligi, bilim darajasi va taʼlimga boʻlgan ehtiyoji talablariga mos boʻlishi darkor.

Ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi qamrovdor va aniq maqsadli milliy dasturlar hamda strategiyalarni ishlab chiqish va qoʻllash amaliyotini kengaytirish zarur. Bunda BMTning Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturi bilan Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qoidalariga tayanish maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan, barcha davlatlarning hukumatlari:

inson huquqlari sohasidagi taʼlimni, barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda, ragʻbatlantirishlari, masalan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMT tomonidan ilgari surilgan boshqa shu kabi ustuvor tashabbuslarni amalga oshirish doirasida ushbu taʼlimni qoʻllab-quvvatlashlari;

inson huquqlarini barcha oʻquv yurtlari, jumladan, davlatga qarashli oliy oʻquv yurtlari, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari — universitetlar, institutlar, markazlar, fakultetlar, kurslar, shuningdek, umumtaʼlim, oʻrta maxsus taʼlim va kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquv dasturlariga kiritishlari hamda shu negizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni institutsiyalashtirishni taʼminlashlari;

fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va boshqa tegishli manfaatdor tomonlarni inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiya ishlariga jalb etish uchun xavfsiz va maqbul muhit yaratishlari;

inson huquqlari sohasidagi taʼlimga oid tadqiqotlarni, jumladan, keng aholi qatlamlari va alohida guruhlarni inson huquqlaridan xabardor qilishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni har doim ragʻbatlantirishlari;

inson huquqlari sohasidagi taʼlim dasturlari va oʻquv qoʻllanmalari ochiq, hammaga yetib boradigan boʻlishi, tushunarli va ravon tilda yozilishi, kamsitishlar va eskirgan, tor yondashuvlarga qarshi turadigan turlicha nuqtayi nazarlarni qamrab olishi uchun zarur choralarni koʻrishlari;

inson huquqlari sohasidagi taʼlimni milliy darajada amalga oshirish uchun yangicha axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanishga jiddiy eʼtibor qaratishlari talab etiladi.

Toʻrtinchidan, Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan global muhokamalar davom ettiriladi.

Beshinchidan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi negizida Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha xalqaro universitet tashkil etish taklif qilindi.

Global forum ishtirokchilari tomonidan inson huquqlari sohasidagi taʼlimda bir yoqlama maʼruzabozlik usuli maqbul emasligi qayd etildi. Aksincha, ushbu sohada tizimli taʼlimni olib borish, sohada tadqiqotchi va ilmiy kadrlar, salohiyatli magistrlar tayyorlashni izchil yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir.

Ushbu jarayonda inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiya uslubiyoti taʼlim oluvchilarni aynan oʻquv jarayonlari markaziga qoʻyishi zarur boʻladi. Bu, oʻz navbatida, inson huquqlarini ragʻbatlantirish boʻyicha alohida shaxslar va jamoalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tanqidiy-tahliliy xulosalar, bilim va koʻnikmalarni oʻzida mujassam etadigan yangicha uslublardan foydalanishni taqozo etadi.

— Samarqand global forumining oʻziga xos yana qanday xususiyatlariga toʻxtalishni istardingiz?

— Global forum doirasida bir qancha alohida muhim tadbirlar ham oʻtkazildi. Shulardan biri — “Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha adabiyotlar” koʻrgazmasidir.

Koʻrgazmada keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlim yoʻnalishida nashr etilgan 250 nomdagi mingdan ziyod kitob va ilmiy jurnallar namoyish qilindi. Koʻrgazma yakunida ushbu adabiyotlar Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining kutubxonasi va A. Pushkin nomidagi Samarqand viloyati universal ilmiy kutubxonasiga teng miqdorda va begʻaraz asosda taqdim etildi.

Global forumning muhim yangiliklaridan biri — uning doirasida Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha mahorat darslari oʻtkazilgani boʻldi. Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan ushbu maʼrifiy tadbir Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura vakillari, sudyalar, advokatlar, yuridik yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, magistr va bakalavrlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari — jami 7 mingdan ziyod tinglovchilarni qamradi.

Global forum doirasida “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi. Joriy yilda ushbu mukofotga 6 nafar hamyurtimiz, 2 nafar chet el fuqarosi va 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti sazovor boʻldi. Xususan, taqdirlanganlar orasida Tallin universitetining Boshqaruv, huquq va jamiyat akademiyasi faxriy professori Reyn Myullerson hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda bor.

Eng muhimi, global forum ishi asnosida yangi Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi siyosatini keng yoritish masalasi alohida eʼtiborimizda turdi. Global forum davomida milliy va global axborot makonlarida 300 tadan ortiq xabar va axborot-tahliliy materiallar joylashtirildi. Turli ommaviy axborot vositalarida maqolalar berildi.

Milliy markazning rasmiy saytida global forum mavzuida 120 ta material uch tilda — oʻzbek, ingliz va rus tillarida joylashtirildi. Forumning maxsus veb-sayti ham uch tilda faoliyat yuritdi. Milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali, shuningdek, “Adolat koʻzgusi” va “Zarafshon” gazetalarining global forumga bagʻishlangan maxsus sonlari chop etildi.

“Xalq soʻzi” gazetasi,

2022-yil 15-dekabr

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net