Qalb daʼvati

17.03.2023 12:55

Insoniyat tarixining turli davrlarida dunyo xalqlari ulkan taraqqiyot, buyuk siljishlar va keskin koʻtarilish hodisalariga guvoh boʻlgan. Kishilik taraqqiyoti dinamikasidagi rivojlanish va tanazzullar mohiyati har bir davr odamlari tafakkuri mahsuli sifatida yuzaga kelgan, deyish mumkin. Zotan, inson aql va tafakkur, qalb va hissiyot olami orqali oʻz hayotini oʻzi yoʻlga qoʻyadi.

Turmushning saodatli damlarining ham, qaygʻuli va tanazzul holatlarining ham bosh muallifi uning oʻzi. Faqat butun xalq hayotida, maʼlum bir jamiyatda umumiy safarbarlik, tafakkurdagi keskin burilishlar, aqliy salohiyatning qudratli kuchi namoyon boʻlgan paytda hayot mazmuni boyiydi, turmush darajasi koʻtariladi. Jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻyiladi. Bunday yuksalishlar hodisasi umumiy manfaat atrofida birlashgan, oʻz taqdirini jamiyat taqdiri bilan bogʻliq holda his qilgan, “Shu yurt meniki, shu makon menga ajdodlarimdan qolgan buyuk meros. Uning taqdiriga men javobgarman”, degan tuygʻu qalb hayqirigʻiga, vijdon va imon chaqirigʻiga aylansagina yuz beradi.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot bosqichi xalq va prezident, jamiyat va davlat oʻrtasidagi mushtaraklikdan, maqsadlar birligidan, istiqbolga intilishning uygʻunligidan kelib chiqmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, har qanday umummilliy taraqqiyot maqsadlar mushtarakligidan kelib chiqadi. Ulugʻ maqsadlar esa kelajakka qatʼiy ishonch, oʻtayotgan kunidan mamnuniyat, ertaga bugungidan koʻra farovonroq yashashga imon keltirgan jamiyatdagina yuzaga keladi. Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning sof insoniy siyosati ayni ana shu maqsadlar mushtarakligi va istiqbolga intilishning uzviyligidan kelib chiqadi.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, qachonki millat oʻzligini anglay boshlasa, har bir fuqaro oʻzining insoniy fazilatlarini toʻliqroq namoyon etib, oʻzini oʻzi qadriyatga aylantira boshlasa, milliy Uygʻonish hodisasi yuz beradi, taraqqiyotning yangi bosqichi boshlanadi. Chunki odamlar qalbi va ongida ­maʼnaviy-ruhiy yangilanishlar, qadriyat evrilishlari, hayot mohiyatini chuqur his qilish tuygʻulari kurtak otadi. U yangicha hayotga, saodatli kelajakka, barqaror va farovon turmushni yoʻlga qoʻyishga ichki ishtiyoq sezadi. Ana shu ishtiyoq hissi oʻz-oʻzidan insonda yaratuvchilik, bunyodkorlik, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantiradi. Natijada jamiyatda yalpi sakrash hodisasi yuz beradi.

Buyuk taraqqiyot evrilishlarini koʻrgan, bir emas, ikki marta Renessans hodisasiga guvoh boʻlgan, insoniyat hayotiga madaniyat olib kirgan Oʻzbekiston xalqi bugun yangi tarixiy sharoitlarda butunlay yangi taraqqiyot yoʻliga chiqmoqda. Yangi Oʻzbekistonning butun mohiyati, davlat va jamiyat sifatidagi qadriyati, Oʻzbekiston xalqining intellektual salohiyati va buyuk kelajakka boʻlgan qatʼiy ishonchi bunga asos boʻlmoqda. Zotan, buyuk maqsad bilan yashaydigan inson buyuk shaxsga aylanadi. Oliy maqomdagi maqsadlar va ezgu istaklar bilan yashayotgan millat esa buyuk millatga aylanadi. Oʻzining aqliy salohiyatini, yaratuvchilik va ijodkorlik qudratini umummilliy taraqqiyotga sarflagan xalq ulugʻ natijalarga erishadi.

Yangi Oʻzbekiston oʻz tarixiy taraqqiyoti davrida yangicha tafakkurga asoslangan turmush tarzini yoʻlga qoʻymoqda. Uchinchi Renessans gʻoyasi ana shu evrilishlar, yangilanishlar oqimida yangi Uygʻonish davrining sarchashmasi boʻlmoqda. Uning umum­­planetar mohiyati, umumxalq eʼtirofi va Oʻzbekiston fuqarolarining butunlay yangilanayotgan tafakkur tarzi yangi taraqqiyotga asosdir. Demak, Renessans umummilliy maqsadlarni, intilishlarni oʻzida mujassam etgan tizimga ega boʻlmoqda.

Yangi Oʻzbekiston tushunchasi umumjamiyat va umumdavlat mazmunini kasb etmoqda. Millatidan, elatidan, kasbu koridan, diniy eʼtiqodi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston xalqining qalb daʼvatiga, gʻururiga va iftixoriga aylanib bormoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston davlatining jahon hamjamiyatidagi milliy manfaatlarini oʻzida ifoda etayotgan qadriyatga ega boʻlmoqda. Yangi Oʻzbekiston fuqarosi degan shonli, sharafli va shukuhli unvonga, uning butun mazmuniyu mohiyatiga daxldor boʻlgan hodisani anglatmoqda. U har bir Oʻzbekiston fuqarosini umumiy safarbarlikka, yalpi bunyodkorlikka, keng koʻlamli ijodkorlikka daʼvat etadigan qudratli va saodatli eʼtiqodiga aylandi. Bu esa oʻz-oʻzidan xalqimiz tarixidagi yangi davrni boshlab berishi shubhasiz. Chunki hozirgi sharoitda Yangi Oʻzbekiston xalqi oʻz intilishlari va qadriyat moʻljallarini, barqaror va saodatli kelajagini jahon hamjamiyatida oʻzining mahobatini koʻrsatib kelayotgan davlati timsolida koʻradi va shunday tushunadi. Bu oʻz-oʻzidan millat istiqbolini, buyuk maqsadi va yorqin taqdirini oʻzida ifodalaydigan qadriyatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sof insoniy siyosati har bir fuqaroning qalbi, his-tuygʻulari, shaʼni, qadru qimmati, mavjudligi va ezgu maqsadlarini oʻzida ifoda etgan. U xalq qalbining nidosiga, vijdonining aks sadosiga, imonining hayqirigʻiga aylanmoqda.

Biroq shuni alohida taʼkidlash kerakki, keng miqyosli millat va davlat manfaati bilan bogʻliq boʻlgan mahobatli sakrash jarayonining yuzaga kelishi oson emas. U har birimizdan oʻzimizni anglashimizni, oʻzimizni oʻzimiz qadriyatga aylantirishimizni taqozo etadi. Nuqsonlarimizni kamaytirib, fazilatlarimizni koʻpaytirib, maʼnaviy va ruhiy tozarish kabi murakkab jarayonga tayyorlanishimiz zarur. Insonning uzluksiz, doimiy ravishda oʻzini oʻzi nazorat qilib borishi, oʻzini oʻzi boshqarishi, yoʻnaltirishi, daʼvatkorlik va tashabbuskorlik tuygʻularini jonlantirishi kabi ulkan maʼnaviy, maʼrifiy, axloqiy iroda bilan bogʻliq.

Toʻgʻri. Keyingi yetti yil jamiyatda ijtimoiy fikrni keskin oʻzgartirib yubordi. Davlatimiz rahbari butunlay yangi tarixiy sharoitlarda yangi tipdagi Oʻzbekiston fuqarolarining vujudga kelishiga erishdi. Odamlarda dunyoqarash, hayotga munosabat oʻzgardi. Ularda yaratish, bunyod etish, oʻz baxtli-saodatli kelajagini yaratish hissi kuchaydi. Biroq bu yetarli emas. Kuzatishlarimga koʻra, hamon mustamlakachilik davrida qon-qonimizga singib ketgan, vujudimizdan, qalbimiz va ruhiyatimizdan mustahkam oʻrin olgan befarqlik, loqaydlik illatlaridan qutulolganimiz yoʻq.

Tobelik, mutelik, qoʻrquv va hadik sindromlari bizning toʻla maʼnodagi fuqarolik masʼuliyatimizni anglashimizda monelik qilmoqda. Tepsa tebranmaslik, “Olma pish, ogʻzimga tush” qabilidagi boqimandalik, maishiy hayotimizdagi ayrim yetishmovchiliklar uchun jamiyatni aybdor qilish singari illatlar jismu jonimizda hamon yashamoqda. Vaholanki, mustaqil taraqqiyot davrida, Yangi Oʻzbekiston sharoitida “Jamiyat menga nima berdi?” deb emas, balki “Men jamiyatga nima berdim?” degan adolatli savolga javob bera olishimiz zarur.

Ulugʻ donishmandlardan biri “Dushmaningdan qoʻrqma. Zoʻr boʻlsa, seni oʻldiradi. Doʻstingdan qoʻrqma. Manfaat toʻgʻri kelganda sotqinlik qiladi. Befarqlardan, loqaydlardan qoʻrq. Befarqlik va loqaydlik mavjud ekan, oʻlim va sotqinlik tahdid qilaveradi”, degan ekan. Bu bir odam taqdiri va hayoti bilan bogʻliq boʻlgan hikmatli gap. Befarqlik, loqaydlik, boqimandalik illatlari jamiyat hayoti bilan bogʻliq boʻlsa-chi? Endi u yana ham xatarliroq mazmun kasb etadi. Zotan, loqaydlar, befarqlar, boqimandalar taraqqiyot dushmani. Ular jamiyat qonini soʻrib yashaydigan hasharot.

Maʼrifatli inson har qanday sharoitda oʻzini oʻzi himoya qila oladi, asray biladi. Hozirgi qaltis dunyoda esa faqat maʼrifatli jamiyatgina oʻzining barqaror taraqqiyotini taʼminlaydi. Oʻzini oʻzi asray biladi. Turli tashqi gʻoyaviy tajovuzkorlarga, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tahdidlarga munosib javob beradi. Demak, jadidchi alloma Abdulla Avloniyning “Maʼrifat – shijoatdur. Maʼrifatli kishi shijoatli boʻlur”, deganida koʻp hikmat bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirgi jadal taraqqiyot muammolari va ularni hal etish konsepsiyalarini ishlab chiqar ekan, jamiyatning yalpi savodxonlik darajasini oshirish, maʼrifatli jamiyat qurish gʻoyasini ilgari surmoqda. Darhaqiqat, maʼrifatli jamiyatgina har qanday taraqqiyotga erisha oladi. Maʼrifatli xalq tarixiy rivojlanish yoʻnalishlarini bexato belgilaydi.

Ana shu gʻoyat ogʻir va iztirobli holatdan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga qilgan safari chogʻida koʻnglini ochdi. Dunyoda manfaatlar toʻqnashuvi avj olayotgan, katta davlatlarning dunyoga egalik qilish istagi kuchayib borayotgan bir sharoitda ularning birontasiga ham yon bermay, oʻzining mustaqil konsepsiyasini aniq, loʻnda qilib ochiq aytdi: “Men uchun hamma narsadan ortiq Oʻzbekiston manfaati. Millatim, xalqim, buyuk Oʻzbekistonim manfaati uchun jonimni berishga tayyorman”, dedi. Bu Prezidentning davlat rahbari sifatida ham, oddiy fuqaro sifatida ham qalb daʼvati edi. Darhaqiqat, biz ana shunday murakkab zamonda yoshlarimizning aniq hayotiy va siyosiy pozitsiyaga, mustahkam gʻoyaviy maqsadga ega qilib tarbiyalashimiz kerak.

Zotan, davlat va xalq manfaati har narsadan ulugʻ. Davlatga va millatga mansublik har bir kishi uchun sharaf! Bizning har birimiz oʻzimizning mavjudligimizni, qadru qimmatimizni, shaʼnimizni davlat va millat timsolida koʻrsak, uni qadriyatga aylantira olamiz. Ana shunday feʼl-atvor va fuqarolik fazilatiga ega boʻlsagina, bu notinch dunyoda Yangi Oʻzbekiston degan moʻtabar xonadonimizni, mahobatli oilamizni asray olamiz.

Fidoyilik, vatanparvarlik, xalq va davlat manfaati uchun har narsaga tayyor turish fazilati haqida gap borar ekan, ulugʻ davlat arbobi Amir Temurga murojaat qilish va undan oʻrganish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Darhaqiqat, Sohibqiron “Azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilishga qasd qilgan boʻlsam, butun zehnim, vujudim bilan bogʻlanib, bitirmagunimcha undan qoʻlimni tortmadim”, degan edi.

Men katta hayotiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan inson sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalq va davlat manfaati uchun har narsaga tayyorligi, butun aqlu zakovatini, kuch-gʻayratini va boshqaruv salohiyatini ishga solib, qatʼiy maqsad va katta iroda bilan ishlashida Amir Temur sabogʻini koʻraman. Bu, albatta, havas qilgulik hodisa. Undan yoshlarimiz ibrat olishi, Prezidentimiz sabogʻini muntazam oʻrganishi lozim, deb oʻylayman.

Davlatimiz rahbarining odamlar orasida yurishi, fuqarolar bilan ochiq, yuzma-yuz muloqot qilishi, ularning kundalik tashvishu sevinchlariga sherik boʻlishi jamiyatda sogʻlom va ishonchli ijtimoiy-siyosiy vaziyatning chuqurlashishiga olib kelmoqda. Bunday fazilat haqida gap borar ekan, Sohibqiron Amir Temur “Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni oʻzimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroq boʻlishga intildim”, degan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqchil siyosatida, uning feʼl-atvoridagi odamoxunlikda katta samimiyatni, oʻz xalqiga mehr-muhabbatni, unga chin qalbdan xizmat qilish istagini koʻraman. Bunday fazilat insonning qalbida boʻlmasa, qon-qonidan, ming bir hujayrasidan sitilib chiqmasa, tabiiy boʻlmaydi. Shavkat Mirziyoyevning inson, fuqaro va davlat arbobi sifatidagi fazilati uning xatti-harakatlari, muomalasining oʻta samimiy va soddaligida. Takror aytaman, bu qalbning tozaligidan, ruhiyatning sofligidan kelib chiqadi.

Yoshlarning estetik va badiiy saviyasini oshirish, sanʼat bilan shugʻullanishiga keng yoʻl ochib berish, ular orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, zamonaviy kompyuter texnologiyalarini chuqur oʻrgatish orqali taraqqiyotni jadallashtirish, yosh onalar va ayollarga keng sharoit yaratib berish orqali millatning mustamlakachilik yillarida yuzaga kelgan genotsidga uchrashi xavfining oldini olish, uning ­genofondini sogʻlomlashtirish, irsiy asoslarini tozalash orqali Yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagiga zamin yaratish singari gʻoyat insonparvar siyosat yotadi.

Tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlarni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishni fan asosida qayta qurollantirish, yangi innovatsion texnologiyalarni uzluksiz ravishda joriy etish taraqqiyotning asosi. Maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning boshqaruvni ixchamlashtirish konsepsiyasi va maxsus qarori gʻoyat keng qamrovli hamda oʻta samarali hodisa. Biroq biz suhbatimiz mavzusiga, inson va jamiyat taraqqiyotiga daxldor boʻlgan taʼlim va fan sohasidagina gapiramiz.

Darhaqiqat, taʼlim va fanni samarali boshqarish, bu sohadagi ortiqcha rasmiyatchilik, toʻrachilik, sunʼiy toʻsiqlarga barham berish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vazirligi singari yangi tizimning yaratilgani, ilmiy darajalar beruvchi Oliy attestatsiya komissiyasining uning tarkibiga qoʻshib yuborilgani katta siyosiy, maʼnaviy, maʼrifiy va ijtimoiy ahamiyatga ega.

Oliy taʼlim, innovatsiya, fan va ilmiy darajalar berish masalalarini bitta muassasada, bir javobgar shaxs nazoratida hal etilishi soha samaradorligini oshiradi, sogʻlom, ishonchli ilmiy muhitni vujudga keltiradi. Bu isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim samaradorligini va sifatini oshirish, ilmiy darajalar berish tizimini soddalashtirish orqali tadqiqotchilarni maʼnaviy va ruhiy ragʻbatlantirish imkonini beradi. Afsuski, ushbu qaror hali-hamon amalga oshirilgani yoʻq.

Zamonaviy mutaxassislarning oʻz sohasini chuqur oʻzlashtirishi bilan birga, ularni tom maʼnodagi Inson, barkamol Shaxs qilib yetishtirish zarur. Sharq taʼlimotiga koʻra, oldin Odam, keyin mutaxassis boʻlish lozim. Bunda, albatta, ijtimoiy fanlarning roli va ahamiyati nihoyatda katta. Buyuk oʻtmishimizga nazar solaylik. Xalqimiz tarixidagi ikkita Uygʻonish davri — Renessans hodisasi yuz berishiga benazir hissa qoʻshgan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi va oʻnlab, balki yuzlab buyuk ajdodlarimiz aniq va tabiiy fanlarda qanchalik olamshumul kashfiyotlar qilgan boʻlsa, tarix, sotsiologiya, demografiya, antropologiya, psixologiya, huquqshunoslik, tilshunoslik, falsafa, mantiq va ijtimoiy fanlarning boshqa yoʻnalishlarida ham xuddi shunday ixtirolar qilgan. Shu bilan birga, oʻz davrining mashhur shayxulislomlaridan kam boʻlmagan darajada tasavvuf falsafasining yangidan-yangi qirralarini ochgan. Ayni ana shu Renessans hodisasi davrlarida yuksak axloq, maʼrifat, adolat va haqiqat yuksak darajada tantana qilgan.

Demak, har qanday tor sohaning noyob mutaxassisi boʻlishimizdan qatʼi nazar, eng avvalo, inson boʻlishimiz zarurligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Buning uchun esa aniq va tabiiy fanlar bilan parallel ravishda ijtimoiy-gumanitar fanlarni mumkin qadar koʻproq oʻqitish zarur. Ana shunda toʻla kvalifikatsiyadagi oliy maʼlumotli tor mutaxassislik sohibining falsafiy tafakkuri kengayadi, mantiqiy fikrlaydi, xulosalarini ravon, jozibali qilib tushuntira oladi. Bugungi keng miqyosli islohotlar mohiyatini, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mazmunini chuqur tushunadigan, ularni xolis baholaydigan, gʻoyaviy yetuk, jamiyatning qatʼiyatli, butunlay yangi elita qatlami shakllanadi. Millatni kemiradigan, uni tanazzulga olib keladigan xurofot, bidʼat, jaholat, barham topadi.

Oʻtmishi buyuk xalqning kelajagi ham buyuk boʻlishi shubhasiz. Zotan, oqqan daryo oqaveradi. Oʻzbek xalqi oʻz oʻtmishi bilan, insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan munosib hissasi bilan faxrlanadi. U kishilik jamiyati rivojlanishining butunlay yangi oʻzanlarini ochib bergan ulugʻ xalq. Yangi Oʻzbekistonda ana shu mahobatli tarixiy tajribani davom ettirish jarayoni boshlandi.

Oqil Salimov,

akademik

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net