Oʻzbekiston - TDT: Yagona oʻtmish va umumiy kelajak

05.11.2024 01:19

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-6-noyabr kuni Bishkek shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.

TDTga beshta davlat – Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo hisoblanadi. Vengriya, Turkmaniston, Shimoliy Kipr va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ushbu tuzilmada kuzatuvchi maqomiga  ega.

“Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida oʻziga xos muhim oʻringa ega boʻlib bormoqda, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  oʻtgan yili  Ostona shahrida boʻlib oʻtgan TDT sammitidagi nutqida. – 175 million aholini qamrab olgan Tashkilotimiz hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir. Bizning mamlakatimiz Tashkilotning barcha aʼzolari bilan strategik sheriklik aloqalari oʻrnatganini katta mamnuniyat bilan aytib oʻtmoqchiman”.

Eslatib oʻtamiz, Turkiy davlatlar tashkiloti oʻzining hozirgi nomini Oʻzbekiston Prezidenti  taklifi  bilan 2021-yil 12-noyabrda olgan. Bundan avval esa tuzilma Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan  yuritilgan.

Bugungi kunda TDT barcha ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi samarali xalqaro tuzilmaga aylandi. TDT davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 1,6 trillion dollarni tashkil etadi va 2024-yil oxiriga kelib turkiy davlatlar iqtisodiyoti 1,9 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.

TDTning asosiy maqsadi – qardosh davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va koʻp qirrali aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, energetika, turizm, transport, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.

Ushbu maqsadni ilgari surishning konseptual asosi 2021-yilning noyabr oyida Istanbul shahrida davlat rahbarlarining 8-sammiti yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Turkiy nigoh  – 2040” konseptual dasturidir.

Aʼzo davlatlar oʻz oldiga har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro munosabatlarni muhokama qilish va chuqurlashtirish uchun platforma yaratish, oʻzaro ishonch, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada va butun dunyoda barqarorlik hamda xavfsizlikni taʼminlash vazifalarini qoʻygan. Shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlar umumiy manfaatlarga ega boʻlgan tashqi siyosat masalalari boʻyicha, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqishdan manfaatdor. Mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni barcha yoʻnalishlarda ragʻbatlantirish, savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalarning erkin harakatlanishi va moliya-bank operatsiyalarini soddalashtirish, har tomonlama va muvozanatli iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy va madaniy rivojlanishga yoʻnaltirilgan birgalikdagi saʼy-harakatlar muhim maqsadlardir.

2019-yilda TDTga qoʻshilgan Oʻzbekiston uchun ushbu tuzilmada ishtirok etish nafaqat iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash, balki turkiy dunyoning umumiy madaniy oʻziga xosligini saqlash va rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Oʻzbekiston ijtimoiy loyihalarni ilgari surishda tashabbuskorlik koʻrsatmoqda va umumiy merosni asrab-avaylash va hamkorlikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda oʻzini asosiy sherik sifatida namoyon etmoqda.

2022-2023-yillarda Oʻzbekiston TDTga raislik qildi. Raislik boshlanishi 2022-yilning noyabr oyida “Turk sivilizatsiyasining yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida tashkil etilgan Samarqand TDT sammiti bilan belgilandi.   

Oʻzbekiston raisligi davrida 100 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi, amaliy hamkorlik uchun qator yangi platformalar yaratildi. Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti, Koinot tadqiqotlari akademiyasi, Geografik kengash, Qurgʻoqchilikning oldini olish instituti, Notariuslar ittifoqi kabi tuzilmalar faoliyat koʻrsata boshladi. Bir qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar – BMT va uning ixtisoslashtirilgan institutlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston oʻz raisligi davrida ochiqlik, inklyuzivlikka asoslangan hamda turli mintaqalar va sivilizatsiyalarni oʻz ichiga oluvchi hamkorlikning xilma-xil va moslashuvchan shakllariga intildi.

Samarqand sammiti yakunlari boʻyicha “2022-2026-yillarga moʻljallangan TDT strategiyasi”ning qabul qilinishi muhim voqea sifatida eʼtirof etildi. Ushbu  hujjat turkiy mamlakatlarning “Turkiy nigoh  – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi yoʻl xaritasi boʻldi.

2023-yil 3-noyabr kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtgan TDT sammitida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan  taqdirlandi.

“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin doʻstligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman”, – dedi marosimda davlatimiz rahbari, hamkasblarga minnatdorlik bildirib.

Oʻzbekiston hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash boʻyicha samarali tashabbuslarni ilgari surib, faol pozitsiyani egallashda davom etmoqda. Bugungi kunga qadar davlatimiz rahbari tomonidan TDT sammitlarida ilgari surilgan 60 dan ortiq tashabbuslar hayotga tatbiq etildi va amalga oshirish jarayonida.

Mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish, Markaziy Osiyoni Yevropa va boshqa mintaqalar bilan bogʻlovchi yangi savdo va transport yoʻnalishlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Taʼlim sohasida Oʻzbekiston talabalar va tadqiqotchilar almashinuv dasturlarida faol ishtirok etib, turkiy mamlakatlar universitetlari va ilmiy markazlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilyapti. Taʼlim sohasidagi hamkorlik, jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlari va tajriba almashish uchun akademik platformalar yaratish faol qoʻllab-quvvatlanayotir. Oʻzbekiston tashabbuslarining muhim jihati ham energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalarni ishlab chiqishdir.

Bugungi kunda mamlakatimiz tashkilotning moliyaviy mexanizmlarini, xususan, joriy yilda oʻz faoliyatini boshlagan TDT Investitsiya jamgʻarmasini mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkilotning Taraqqiyot bankini tezroq ishga tushirish tarafdori.

Oʻzbekistonning TDTga aʼzo davlatlar va kuzatuvchilari bilan ikki tomonlama hamkorligi ham ijobiy dinamika bilan tavsiflanadi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston TDTning barcha davlatlari bilan munosabatlarini, xususan, Turkmaniston va Vengriya bilan strategik sheriklik, Turkiya va Qirgʻiziston bilan har tomonlama strategik sheriklik hamda Qozogʻiston va Ozarbayjon bilan ittifoqchilik darajasiga koʻtardi.

Investitsiyaviy hamkorlik koʻlami ham izchil oshib bormoqda. 2017-2022-yillarda TDT mamlakatlari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 4 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi, bu belgilangan davrdagi umumiy xorijiy investitsiyalar hajmining 8 foizini tashkil etadi.

Muxtasar aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotining Bishkek shahrida  boʻlib oʻtadigan sammiti Oʻzbekistonning TDT salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha yangi tashabbuslarini ilgari surish uchun  muhim maydon boʻlib xizmat qiladi. Sammit natijalari esa, shubhasiz, turkiy xalqlar farovonligi va taraqqiyoti yoʻlida koʻp tomonlama munosabatlarni yangi mazmun  bilan boyitadi.

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net