Parvoz boshlandi

15.01.2024 10:11

Bir qanotda yoshlar, boshqasida tadbirkorlar

 

2023-yil jahon maydonida ham, yurtimiz hayotida ham qizgʻin kechdi. Oʻtgan yil chindan ham olamshumul voqealar, katta yutuqlar, barcha sohalarda rivojlanishlarga boy boʻldi. Tariximizda ilk bor xalqimiz referendum yoʻli bilan yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildi. Mamlakatimiz bir qancha nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilib, jahon hamjamiyati eʼtiborida boʻldi. Eng asosiysi, yana bir yilni tinchlikxotirjamlikda kuzatdik va yangi 2024-yilni kutib oldik.

Anʼanaga muvofiq, joriy yilni ham unga nom berish bilan boshladik. 2024-yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilindi. Demak, bu yilda ham yurtimiz aholisining 60 foizdan koʻprogʻini tashkil etadigan yoshlar hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining chin maʼnodagi lokomotiviga aylangan biznes sohasi yanada qoʻllab-quvvatlanadi. Mana shu maqsad atrofida barcha vazifalar birlashib, yurtdoshlarimiz hayotini yaxshilashga qaratilgan islohotlar faol davom etadi. Prezidentimiz xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida taʼkidlanganidek, joriy yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga koʻtariladi.

 

Eng birinchi kundan...

 

“Biznes” soʻzi inglizcha ish, mashgʻulot, korxona, degan maʼnolarni anglatadi. Shunga koʻra, biznesni qoʻllab-quvvatlash, deganda bandlikni, mashgʻullikni, iqtisodiyotning har bir tarmogʻidagi rivojlanish, oʻsish omillari, erkin bozor iqtisodiyoti va bularning ortidan aholi farovonligini oshirishni tushunish mumkin. Chunki hududlarda biznes qanchalik rivojlanib, tadbirkorlar soni ortsa, aholi bandligi va turmush farovonligi oshib, iqtisodiy oʻsish shuncha yuqorilaydi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston tadbirkorlar yurtiga aylanib boryapti. Bu yurtdoshlarimizning, qolaversa, xorijliklarning eʼtirofi. Ilgari hech qachon biznes egalariga bunchalik katta ishonch, imkoniyat berilmagan. 2016-yildan keyin yurtimizda qulay tadbirkorlik muhiti shakllandi. Odamlar biznes yuritishda haqiqiy erkinlikni his qilib, oʻz faoliyatida koʻrib, bilib, bu orqali ishiga boʻlgan ishonchi ortib bormoqda.

— Shu yoʻnalishdagi islohotlar avj pallaga kirgan 2017-2022-yillar davomida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda tizim vakillari huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida jami 3 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Haitov. — Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki davridayoq islohotlarni ayni shu ogʻriqli nuqtadan boshlagani bejiz emas. Chunki ilgari bir tadbirkor ish boshlasa, uning faoliyatiga aralashish, huda-behuda tekshiruvlar bilan toʻsiq qoʻyadiganlar koʻp edi. Bunday tekshiruvlar aksariyat hollarda oʻzining salbiy oqibatlari sabab Oʻzbekistonda odamlar tadbirkorlik qilishga hayiqib qolgani, boʻyinga solinadigan bu tushov tufayli koʻp ishbilarmonlar bankrotlikka uchragani va boshqalar haqida ortiqcha gapirishga hojat yoʻq. Yillar davomida saqlanib kelgan bu tizimni isloh qilish ham oson boʻlmadi, ammo tashlangan qadam qatʼiy edi.

Avvalo, 2016-yilning kuzidan boshlab mamlakatimizda tadbirkorlarga munosabat tubdan oʻzgardi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi dastlabki katta qadam boʻldi. Zero, ushbu hujjat bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari, shuningdek, ularni jinoyat ishlari doirasida muqobil tekshirishlarning barcha turi bekor qilinganini tarixiy kun sifatida eslash mumkin.

Shu tariqa qatʼiy qadamlar bir-biriga ulandi. Sohani rivojlantirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Biznes yuritishga doir ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirilib, muddati qisqartirildi. Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi. Davlat xizmatlari koʻrsatishning umumiy muddati 787 kundan 471 kungacha qisqartirilib, tadbirkorlik sohasida 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi. Davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan jami 73 ta hujjat hamda maʼlumotnomalarni talab qilish amaliyotidan ham voz kechildi.

Natijada ichki va tashqi bozorda oʻz nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi. Barcha tarmoqlarda tadbirkorlik muhiti yaratilib, kichik va oʻrta biznes hayotimizga jadal kirib keldi. Birgina 2023-yili yurtimizda roʻyxatdan oʻtgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni 600 mingdan oshgani, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelayotgani fikrimizning yorqin dalili. Ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlar mehnat qilayotgani xususiy biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni ham oshib borayotganini yaqqol koʻrsatadi.

 

Jahon bozoriga chiqish endi orzu emas

 

Oʻzbekiston — oʻz yoʻliga ega va mana shu yoʻlda dadil rivojlanayotgan davlat. Davlatimiz bundan 7 yil oldin biznes vakillariga chin maʼnoda qoʻl uzatdi va ularga katta ishonch bildirdi, har qadamida qoʻllab-quvvatladi. Natijada yurtimizda tadbirkor davlatning ishonchli hamkori, davlat esa har bir biznes vakilining yaqin doʻstiga aylandi. Ha, aynan doʻstiga aylandi.

— Oʻtgan yili yangi zavodimiz ochilganida davlatimiz rahbari kelib, korxonamiz faoliyati bilan tanishish asnosida menga “Doʻstim, Ulugʻbek”, deb murojaat qilganidagi hayajonimni tasvirlab berolmayman. Prezident bir tadbirkorga doʻstim, deb oʻziga yaqin olishining oʻzi har qanday kishiga qanot beradi, — deydi “Orient ceramic” xususiy korxonasi taʼsischisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ulugʻbek Rasulov. — Yana “Men sen tomondaman, nima sharoit kerak boʻlsa, qilib beramiz”, deya alohida taʼkidladi. Bilasizmi, bunday ishonchdan keyin faqat ishlash kerak. Ishlaganda ham halol mehnat qilish, fidoyi boʻlish kerak. Agar davlat qoʻllab tursa, tadbirkorga ham oson boʻladi. Bunga oʻz faoliyatim misolida amin boʻlyapman. Bolaligimdan tadbirkorlikka qiziqqanman va 1995-yildan buyon shu sohadaman. Oʻshanda firma ochib, chinni buyumlar ishlab chiqarishni boshlaganmiz. Aytsam, nolishga kirmasin, ammo 2016-yilgacha boshimdan koʻp narsalar oʻtdi. Faoliyatimda juda katta qiyinchilik, toʻsiqlar koʻrganim uchun hozirgi sharoitlarni jannat, desam ham boʻladi.

Ulugʻbek aka 2015-yildan keyin kafel mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishiga qiziqa boshladi. Ishga kirishay, deb turganida, 2017-yilda tijorat banklaridan biri uni chaqirib, pul, zavod uchun joy taklif qildi. Taklifni bajonidil qabul qilgan tadbirkor 2019-yilda Toshkent shahrida kafel ishlab chiqarish zavodi ochdi. Oradan koʻp oʻtmay, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida ham shunday zavodni ishga tushirdi. Oxirgi 3-4 yilda kafel zavodlari soni 4 taga yetdi. Ularda 1100 dan ortiq odam ishlaydi. Yiliga 50-60 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlar Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Rossiyaga eksport qilinyapti.

— Qaysi sohada boʻlmasin eng zoʻri boʻlish kerak, — deydi Ulugʻbek Rasulov. — Ayniqsa, tadbirkorlikda eng muhimi halollik va sifat. Sifat yaxshi boʻlsa, xaridor koʻp boʻladi. Maqtanish emas, bizning kafellarimiz odam oʻzi atay urib sindirmasa, sinmaydi. Eksportga joʻnatgan mahsulotlarimizning bari manzilga butun holda yetib boradi. Chunki ishlab chiqarish jarayonida qancha xomashyo talab etilsa, barini solamiz, tejab qolmaymiz. Yaqinda Avstriyaning bir kompaniyasi katta pul evaziga biznesimni sotib olish taklifi bilan chiqdi. Katta pul vaʼda qildi. Ammo koʻz oldimga qoʻlimda ishlaydigan ishchilar keldi, ular qayerga boradi, degan oʻy oʻtdi. Qolaversa, shu Vatan farzandimiz, biznesni ham oʻzimiz qilsak, oʻzimizning odamlar ishlasa, barchamizga manfaatli boʻladi.

Ulugʻbek aka singari tadbirkorlarning jahon bozoriga chiqib, milliy brendimizni tanitishida ham davlat yaqindan koʻmakchi boʻlyapti. Gap shundaki, biznes sohasiga qadam qoʻygan aksariyat insonning asosiy maqsadlaridan biri xorij bozorlariga chiqish boʻladi. Boisi, mahsulotini mahalliy bozordan tashqari chet elga sotish bir necha barobar koʻproq daromad keltiradi. Bu mamlakat iqtisodiyoti uchun ham katta foyda. Shuning uchun yurtimizda eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash orqali eksport hajmini oshirishga katta eʼtibor qaratilyapti.

— Jahon tajribasidan maʼlumki, biznes vakillariga qancha koʻp imkoniyat berilsa, erkin faoliyati uchun sharoit yaratilsa, davlat iqtisodiyoti shuncha rivojlanib boradi, — deydi Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin Malikov. — Bu rad etib boʻlmaydigan haqiqat va oxirgi yillarda yurtimizda ana shunday jarayon kechmoqda. Yaʼni tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashning oʻzimizga xos, milliy va xalqaro talablar darajasidagi tizimi yaratildi, buning natijasida qulay biznes muhiti shakllandi. Xususan, eksport yoʻnalishi haqida gapiradigan boʻlsam, oʻtgan yilning ikkinchi choragida uning koʻlami 2022-yilning mos davriga nisabatan 27 foizga oʻsgani kuzatildi. Keskinlashib borayotgan geosiyosiy vaziyatlarga qaramay, mahalliy eksportyorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash koʻlami kengaymoqda. Toʻgʻri, xorijga mahsulot eksport qilish mushkul ish. Ammo avvalgi yillar bilan solishtirganda, hozir bu ancha osonlashgan. Asosiysi, nafaqat yirik, balki kichik korxonalar ham buning uddasidan chiqyapti. Oʻzbekistonda raqobatbardosh mahsulotlar turi oshib, shunga mos ravishda mamlakatimizning eksport geografiyasi ham kengayib boryapti. Mahsulotlarimiz doimiy bozorlardan tashqari, yangi manzillar, xususan, Yevropa davlatlariga chiqyapti. Oʻtgan yili Oʻzbekistonning eksport geografiyasi 160 dan ortiq davlatni tashkil etgani fikrimiz isboti.

Tadbirkorlarga eksport yoʻnalishida berilayotgan imtiyozlar haqida soʻz borganida, juda katta qulayliklarni sanab oʻtish mumkin. Jumladan, ularga yoʻl haqi, transport xarajatlarini subsidiya asosida qoplab berish, maʼlum davlatga eksport qilayotganda guvohnoma, sertifikat olishdagi xarajatlarning 70 foizgacha qismini davlat tomonidan toʻlash kabi qator imtiyozlar berilyapti. Bir misol, boshqa mamlakatda savdo uyi ochish uchun olingan binoning ham 50 foizi davlat hisobidan toʻlanmoqda. Hatto savdo uyi uchun olinadigan omborxonaning ham 50 foizini davlat toʻlab beradi. Agar bu real summalarda tahlil qilinsa, biznes vakili tejab qolayotgan xarajatlar koʻlami yaqqolroq namoyon boʻladi.

 

Ishbilarmonlar tashkilotining vakolati kengaydi

 

Tadbirkorlik qulay muhit boʻlgan joydagina rivojlanadi. Yangi Oʻzbekistonda ana shu muhitning shakllanish bosqichlari qanday faollik bilan kechgan boʻlsa, sohani rivojlantirish ham shunday shiddat bilan davom etyapti. Oʻtgan 2023-yil ham tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi ishbilarmonligini qoʻllab-quvvatlash, biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlarga boy boʻldi. Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, sud mustaqilligi boʻyicha aniq normalar kiritildi.

— 2023-yil mamlakatimiz biznes vakillari faoliyatida alohida eʼtirof etiladigan yil boʻldi, desak mubolagʻa emas, — deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. — Bu davr faoliyati bevosita tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq boʻlgan bizning tashkilotimiz uchun ham gʻoyat qizgʻin kechdi. Birgina tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yil ancha samarali boʻlgani koʻzga tashlanadi. Xususan, palatamiz aʼzolari hisoblangan tadbirkorlik subyektlari uchun sudlarga umumiy qiymati 74 trillion soʻmdan ortiq 571 ming 595 ta daʼvo arizasi kiritildi. Tadbirkorlik subyektlari manfaatini himoya qilgan holda, 398 holatda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi)ga nisbatan arizalar kiritilib, shulardan 234 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirildi. Bundan tashqari, 6163 holatda tadbirkorlik subyektlarining nizolari mutaxassislarimz aralashuvi bilan sudgacha muhokama (mediatsiya) jarayonida hal etildi. Palata nafaqat tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, balki normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini tayyorlashda ham bevosita ishtirok etadi. Oʻtgan yili 365 ta loyiha boʻyicha 789 taklif bildirilgani buning tasdigʻi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 15 ta normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish, qoʻshimcha kiritish va bekor qilish boʻyicha takliflar taqdim etildi va qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, palata tomonidan 220 ta yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatini tasdiqlovchi sertifikatlar ham berildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatda ham yaxshi samaraga erishildi. Ularda bevosita yurtimiz ishbilarmonlari ishtirok etgani, ayniqsa, manfaatli boʻldi. Xususan, xorijiy davlatlarda oʻtkazilgan 35 ta biznes-forum va B2B uchrashuvlarda 1,5 ming nafardan ortiq, yurtimizda boʻlib oʻtgan 45 ta shunday tadbirda minglab tadbirkorlarimiz qatnashib, xorijlik hamkorlar bilan aniq kelishuvlarga erishdi. Palata tomonidan xorijiy tashkilotlar bilan 16 ta oʻzaro anglashuv memorandumi hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi. Yana bir quvonarli tomoni, Oʻzbekiston — Singapur Savdo palatasi, Gamburg shahrida Oʻzbekiston — Germaniya Iqtisodiy palatasi tashkil etildi. Gruziya, Misr, Qatar davlatlari bilan ishbilarmonlar kengashi tuzildi.

Bugun tadbirkorlik eng katta va ayni paytda milliy iqtisodiyotimizning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylangani rost. Shu bois, oʻtgan yili 18-dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida hududlarda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Savdo-sanoat palatasiga qoʻshimcha vakolatlar berildi. Hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksportni amalga oshirish endilikda Palata zimmasiga yuklatildi. Eksport agentligi va jamgʻarmasi, “Oʻzbekekspertiza” tashkiloti ham uning tizimiga oʻtkazildi.

— Mamlakatimiz ishbilarmonlari endilikda har qanday faoliyati davomida, yaʼni ishlab chiqarishdan tortib, eksport jarayonini amalga oshirishida kerak boʻladigan barcha zaruriy yordam bir tizimda, aynan tadbirkorlarning oʻzi boshqaradigan tashkilotda koʻrsatiladi, — deydi D. Vahobov. — Ushbu yoʻnalishlarning bari bevosita tadbirkorlik bilan bogʻliq boʻlgani holda, ularni bir nuqtada birlashtirish aniq vazifalar doirasida harakat qilish va natijadorlikni oshirishga imkon beradi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bu tadbirkorlarni eshitish, talab va istaklarini amalga oshirish uchun kerak. Ular uchun yangi imtiyozlar ham berilyapti. Birgina toʻqimachilikda joriy yil yana 700 million dollar qoʻshimcha qiymat yaratish maqsadida yangi loyihalarga 200 million dollar resurs sifatida ajratiladi. Mahalliy mahsulotlarimizning keng eksport qilinishida biznes vakillariga faol koʻmaklashishimiz uchun esa Eksport agentligiga qoʻshimcha 50 million dollar ajratildi.

 

Har biri qahramon, fidoyi

 

Umuman, oʻtgan yili tadbirkorlar uchun koʻplab qoʻshimcha imtiyozlar berildi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 18-avgust kuni boʻlib oʻtgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti esa sohani rivojlantirishga oid bir qator ezgu tashabbuslarni yuzaga chiqardi. 2021-yildan boshlab anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan mazkur ochiq muloqot soha vakillari uchun yilning eng yorqin voqeasi boʻldi, desak yanglishmaymiz. Shu kuni Prezidentimiz biznes vakillariga qarata “Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat boʻlib kelgan. Oʻzbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qoʻshayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz”, deya taʼkidladi.

Ochiq muloqotda davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish, tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish yuzasidan beshta muhim yoʻnalishni belgilab berdi. Yaʼni “Kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar”, “Oʻrta biznes — barqaror iqtisodiy oʻsish garovi”, “Yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish”, “Yuqori daromadli korxonalarni koʻpaytirish hamda sodda soliq maʼmurchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit” yoʻnalishlari boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi. Har biri boʻyicha alohida imtiyoz berilib, ular sentyabr oyida qabul qilingan Prezident qarori bilan mustahkamlandi.

— 2023-yilda biznes egalari, ayniqsa, yosh tadbirkorlarga yanada koʻproq imtiyozlar berildi. Buning ortidan sohaga koʻplab yigit-qizlar kirib kelganiga guvoh boʻldim. Oʻzimiz ham ishimizni kengaytirib, yangi biznes hamkorlarni jalb qildik, noanaʼnaviy bozorlar ochdik, — deydi tadbirkor, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Sardor Tursunov. — Davlat bizga ishonib berayotgan imkoniyat, imtiyozlardan maksimal foydalanishimiz kerak, deb oʻylayman. Hozir foydalanmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin. Chunki zamon shiddatkor, bozorda esa raqobat kuchli. Birgina misol, biz bazalt mahsuloti ishlab chiqarishni boshlaganimizdan keyin yana 5 ta tadbirkor shunday mahsulot chiqara boshladi. Chunki imkoniyatlar keng, hamma ham ulardan foydalangisi keladi.

 

“Chipta”, “Choʻpon”, “Navroʻz”... mahsulotlar nomi shunday

 

 Qibraylik tadbirkor Aleksey Manshayev ham doim yangilik qilishga intiladi. Uning “Kanishka fur” MCHJ korxonasida ishlab chiqariladigan charm mahsulotlarining raqobatchisi kam boʻlsa-da, tadbirkor tinimsiz yangi dizaynlar ustida ishlab, milliy brendimiz ostidagi charm mahsulotlari turini 300 dan oshirishga ulgurgan. Uning korxonasida “Chipta”, “Choʻpon”, “Mirshab”, “Navroʻz” nomli sumkalar bor. Millati oʻzbek boʻlmagan bu yigit tilimizni chuqur hurmat qiladi, barcha bilan oʻzbek tilida gaplashadi. Dizaynini oʻzi chizadigan mahsulotlarga ham oʻzi oʻzbekcha nom beradi. Milliy brendi orqali oʻzbek tilini jahonga tanitish niyatida.

— Oliy taʼlimda oʻqib yurib, ilk ish boshlagan vaqtlarim oʻzbek tilini umuman bilmasdim, — deydi Aleksey. — Oʻshanda 5 kishi bilan ish boshlaganmiz. Oradan 20 yil oʻtdi va hozir korxonamizda 150 ga yaqin kishi ishlaydi. Tabiiy charmni tikish juda qiyin, unga hamma ham chiday olmaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bizning yoʻnalishda mutaxassislar oz, raqobat kam. Ammo sohada koʻplab soliq imtiyozlari mavjud. Har yili ishchilar, texnikalar, ishlab chiqarish quvvatlarini 10 foizga oshirardik, hozir esa ikki barobar koʻpaytiryapmiz. Oldin tekshiruvlardan qoʻrqardik, katta ish boshlolmasdik, hozir esa, aksincha. Xullas, imkoniyatlar koʻp, shunday ekan, tadbirkor nolimasligi, muammoni boshqalarga agʻdarmasligi, faqat harakat qilishi kerak.

Aleksey Manshayev oʻtgan yili koʻplab tadbirkorlar qatori davlatimizning yuksak mukofoti — “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Prezident bilan uchrashuvda tadbirkor “Korxonamiz yangi, chiroyli, odamlar ishga xursand boʻlib keladi, siz bizni baxtli qilasiz, biz ularni hurmat qilib, baxtli qilamiz”, deya tashakkur bildirdi. Aslida, Aleksey doim shunga amal qiladi: tadbirkor oʻz ishini yaxshi koʻradigan, ishchilarini qadrlaydigan boʻlishi kerak, deb hisoblaydi.

Yangi 2024-yil oʻz nomiga mos holda Aleksey kabi fidoyi, ishning koʻzini biladigan tadbirkorlar uchun yaxshi yangiliklar bilan boshlandi. Xususan, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tomonidan joriy etilgan Tadbirkorlarning ochiq reytingiga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi. Ularga qoʻshimcha qiymat soligʻining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi, qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtinchalik toʻxtatib turish amaliyoti bekor boʻladi. Shuningdek, ushbu sanadan boshlab bir-birini takrorlovchi hisobotlar tugatiladi, barcha hisobotlar yagona elektron tizim orqali taqdim etiladi, hisobotlarning qogʻoz shakli bekor qilinadi.

Xullas, boshlangan yangi yilning ishbilarmon doira vakillari uchun taqdim etadigan yaxshi yangiliklari bisyor. Demak, 2024-yilda nafaqat biznes vakillari, balki tadbirkorlikning boshini tutgan har bir yurtdoshimizni yanada koʻproq qoʻllab-quvvatlash maqsad qilingan.

 

Iroda Toshmatova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net