OʻZBEKISTONNING OCHIQ, PRAGMATIK VA FAOL TASHQI SIYOSATIDA MARKAZIY OSIYONING OʻRNI

20.04.2023 15:46

Farrux XAKIMOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

boʻlim boshligʻi

 

Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, ziddiyatlar va turli inqirozlarga qaramasdan, Oʻzbekiston milliy manfaatlarini ilgari surib, xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti sifatida oʻzining tinchlikparvar tashqi siyosatini samarali amalga oshirib kelmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarda, jumladan Oʻzbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilmoqda. Xususan, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilishi belgilanmoqda.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston tashqi siyosatida qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishni asosiy ustuvor yoʻnalish, deb belgilanishi hamda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va tashabbuslar natijasida soʻnggi yillarda mintaqada siyosiy muloqot va oʻzaro ishonch mustahkamlandi. Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yoʻlga qoʻyildi, turli darajadagi oʻzaro rasmiy tashriflar almashinuvi jadallashdi, davlatlar va shaharlararo transport aloqalari qayta tiklandi. Shuningdek, mintaqada suvdan foydalanish, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegaralarni kesib oʻtish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish kabi masalalarga yechim topildi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib, Oʻzbekistonning mintaqaviy tashqi savdo aylanmasi hajmi 2022-yil yakuniga kelib 2016-yilga nisbatan 3 barobarga oshdi va 7,5 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Eʼtiborli jihati shundaki, bugungi kunda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oliy va yuqori darajadagi rasmiy tashriflar almashinuvi muntazamlik kasb etib,  ular doirasida imzolaniyotgan ikki va koʻp tomonlama shartnomalar soni va koʻlami ham kengayib bormoqda. Jumladan, oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston qoʻshni Turkmaniston, Qirgʻiziston (2017-yil) va Tojikiston (2018-yil) bilan strategik sheriklik oʻrnatdi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida “Ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisi”da shartnoma (2022-yil) imzolandi.

Qolaversa, Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʻrtinchi Maslahat uchrashuvi (2022-yil 7-iyul) doirasida “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida doʻstlik, ahil qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisida”gi shartnoma imzolandi.

Qoʻshni davlatlar bilan bunday muhim ahamiyatga ega ikki va koʻp tomonlama shartnoma va kelishuvlarga erishilganligi Oʻzbekiston olib borayotgan tinchlikparvar, pragmatik va faol diplomatiyaning mahsulidir. Oʻzbekiston mintaqaviy tashqi siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi, bu, oʻz navbatida Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim strategik qadamlardan biri boʻldi.

Mazkur hujjatlarning imzolanishi global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi ortib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida doʻstlik va hamkorlikning rivojlanishi namuna sifatida namoyon boʻlmoqda.

Oʻzbekistonning qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonidagi oʻrni va  saʼy-harakatlari ham eʼtiborga molik. Jumladan, Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri Afgʻonistonda tinchlikka erishishga qaratildi hamda mazkur mamlakat xavf emas, imkoniyatlar manbai sifatida eʼtirof etila boshlandi.

Soʻnggi yillarda nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari bilan ahil qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik mustahkamlanmoqda, balki dunyoning boshqa mintaqalari, xususan Yevropa, Amerika, Kavkaz, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Arab davlatlari, Hind va Tinch okeani mintaqalaridagi davlatlar bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar va strategik hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Oʻzbekistonning 2022–2023-yillarda uchta nufuzli xalqaro tashkilotlar – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida raislik qilishi hamda mamlakatda mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning muvaffaqiyatli tashkil etilganligi Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyati va koʻp tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston olib borayotgan faol tashqi siyosat  mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qilmoqda. Oʻzbekiston uchun muhim siyosiy hujjat – Konstitutsiya qonun loyihasi ham Oʻzbekistonning oʻzaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil olib borishi, mamlakat atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini taʼminlashi, mintaqa davlatlari bilan ahil qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarini yanada mustahkamlashi, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni faol ilgari surishi, shuningdek Oʻzbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshilishiga mustahkam zamin yaratadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net