O?ZBEKISTONLIK ISLOMSHUNOS TADQIQOTCHI VA OLIMLAR GERMANIYADA MALAKA OSHIRADI

10.04.2019 11:08

O‘zbekiston bilan Germaniyani 5000 kilometrlik masofa ajratib turgan bo‘lsada, ikki xalqning tinch va farovon hayotga intilishi, taraqqiyotga xizmat qiladigan mushtarak g‘oyalari, mehnatkash va oliyjanob insonlari har qancha olis masofalarni yaqin qilishga, bir qarashda murakkabdek tuyulgan vazifalarni hal etishga qodir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil yanvar oyida Germaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchli aloqalarni yanada mustahkamlab, ularni yangi bosqichga olib chiqdi.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining islomshunos, sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya shu kunlarda Germaniya poytaxti Berlin shahrida ko‘hna qit’aning nufuzli universitetlari, ilmiy markazlari, muzey va qo‘lyozma fondlarida uchrashuv va muloqotlar o‘tkazmoqda.

 

O‘zbekistonning GFRdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan safardan ko‘zlangan maqsad – ikki mamlakatning islomshunoslikka ixtisoslashgan ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, buyuk alloma ajdodlarimizning Germaniyada saqlanayotgan nodir asarlarini o‘rganish, hamkorlikda konferensiyalar, ilmiy seminarlar tashkil etishdan iborat.

 

Berlin erkin universitetining Islom tadqiqotlari institutida o‘tkazilgan uchrashuv o‘zbekistonlik va nemis islomshunos olimlari hamkorligiga tamal toshini qo‘ydi.

 

Ta’kidlash lozimki, Berlin erkin universiteti Germaniyaning eng nufuzli 4ta oliy o‘quv yurtidan biri hisoblanadi. Bu yerda 35 mingga yaqin talaba ijtimoiy-gumanitar va tabiiy fanlardan tahsil oladi. Germaniyaning shuhrati, obro‘-e’tiborini oshirgan Gerxard Ertl, Gerta Myuller, Raynxard Zelten singari Nobel mukofoti sovrindorlari, ko‘plab taniqli olimlar, davlat va jamoat arboblari Germaniya erkin universitetining o‘qituvchi va talabalaridir.

 

Germaniyalik mutaxassislar O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida xalqimizning ko‘p asrlik diniy qadriyatlari, boy ilmiy merosini asrash, tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. “Islom ilmlari rivojida, ayniqsa, hadisshunoslikning shakllanishi va mukammal fan sohasiga aylanishida, hech shubhasiz, Markaziy Osiyo ulamolarining o‘rni beqiyos. O‘zbekistonning boy madaniy merosi, bu yerda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar dunyoning turli chekkalaridan sharqshunos olimlarni o‘ziga chorlaydi”, - deydi islomshunoslik fanlari doktori, professor Konrad Hirshler.

 

Muloqotda dunyoning turli chekkalarida din nomidan sodir etilayotgan noxush holatlar, murosasizlik va jaholatga qarshi turishda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar – Islom sivilizatsiya markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining o‘rni va ahamiyati yuqori ekani qayd etildi.

 

Berlin erkin universitetining Islom tadqiqotlari instituti bilan o‘qituvchi va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, germaniyalik islomshunos olimlarni O‘zbekistonga jalb etish, o‘quvlar tashkil qilish, maxsus PhD dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

 

O‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida nemis sharqshunos olimlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

Gudrun Kremer, Berlin Erkin universiteti Islomshunoslik instituti direktori:

 

– Men asosan Yaqin Sharqda, xususan, arab dunyosida zamonaviy islom mavzusida izlanishlar olib boraman. Professor Shoazim Minovarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining universitetimizga tashrif buyurganidan juda xursandman. Bugungi uchrashuvda o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro fikr almashdik. Darhaqiqat, Germaniyada O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab qo‘lyozmalar mavjud. Biz mana shu qo‘lyozmalarni birgalikda o‘rganish borasidagi ilmiy hamkorlik bo‘yicha maslahatlashdik.

 

Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi sifatida talabalar va yosh olimlar uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etish ham maqsadga muvofiqdir.

 

Men O‘zbekistonga ko‘p marotaba sayohat qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. Xususan, 2000-2006 yillar oralig‘ida Samarqand va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etganman. Safarlarim davomida mamlakatingiz bilan yaqindan tanishib, o‘zbek xalqining madaniy-ma’rifiy merosi va urf-odatlari haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘ldim. O‘zbekiston islomshunoslari bilan yaqin aloqalar o‘rnatish va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan juda mamnunman.

 

Konrad Hirshler, Berlin Erkin universiteti islomshunoslik bo‘yicha professori, Musulmon jamiyatlari va madaniyatlari Berlin Oliy maktabi direktori:

 

– O‘zbekiston delegatsiyasining Berlinga tashrifi samarali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bugungi kunda mamalakatingizda islomshunoslik markazlarining tashkil etilgani va sohani rivojlantirish borasida respublika hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahsinga sazovor. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar ko‘lami meni juda hayratlantirdi va o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishim yanada oshdi. Tarixiy qo‘lyozmalarni o‘rganish borasidagi hamkorlikni katta istiqbolga ega, deb hisoblayman. Kelajakda mazkur yo‘nalishda o‘zbek olimlari bilan keng ko‘lamli tadqiqot ishlari olib boramiz, deb umid qilaman.

 

Ulrike Fraytag, Zamonaviy sharqshunoslik markazi direktori, professor:

 

– O‘zbekistonda islomshunoslikka keng yo‘l ochilganligi va hukumat tomonidan markazlar tashkil etilishini ijobiy baholayman. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillarining Germaniyadagi tegishli ilmiy-tadqiqot markazlari hamda oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligi bizni juda quvontiradi. Biz bugun Islom madaniyatining tarixiy ildizlarini o‘rganish va islom dinida bag‘rikenglik mavzusida birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borishdan manfaatdormiz.

 

Hayke Liyebau, Zamonaviy sharqshunoslik markazi ilmiy tadqiqotlar rahbari:

 

– Men bundan 30 yil avval Toshkent davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetida o‘qiganman. Talabalik yillarim o‘tgan o‘sha damlarni, ustozlarim va birga o‘qigan do‘stlarimni sog‘inch bilan eslayman. Shuning uchun ham O‘zbekistondan kelgan mehmonlarni katta quvonch bilan kutib oldim. Samimiy kechgan suhbat chog‘ida O‘zbekistonda tashkil etilgan Islom markazlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik. Toshkent va Samarqand Islom markazlari faoliyati Leybnits nomidagi Zamonaviy sharqshunoslik markazi tadqiqot yo‘nalishlariga hamohang ekanini inobatga olgan holda, tez orada markazlarimiz o‘rtasida mazmunli va samarali hamkorlikni amalga oshiramiz, degan umiddaman.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net