O?ZBEKISTONDA KO?Z KASALLIKLARINI DAVOLASH BO?YICHA MARKAZIY OSIYO MINTAQAVIY O?QUV MARKAZI TASHKIL ETILADI

23.01.2020 10:51

VAShINGTON, 23 yanvar. /«Dunyo» AA/. Bu boradagi kelishuv mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi vakillarining Florida shtati Ko‘z to‘qimalari transplantatsiyasi tadqiqot markaziga tashrifi chog‘ida imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

O‘zbekistonlik diplomatlar Florida shtatining Tampa shahridagi yetakchi tibbiy tadqiqot markazlari mutasaddilari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

 

Jumladan, delegatsiya Janubiy Florida universiteti huzuridagi Ilg‘or tibbiyot va simulyatsiyani o‘rganish markazi (CAMLS)da bo‘ldi. Ushbu markaz AQShdagi yetakchi texnologik tibbiyot tuzilmasidir. Uning faoliyati sohada tahsil olayotgan yoshlar, mehnat qilayotgan mutaxassislar va tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining malaka ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

 

Markazning ta'lim tizimi klinik ko‘nikma va bemorlar bilan ishlash tajribasini oshirish maqsadida simulyatsiya hamda modellashtirishni joriy etishga asoslanadi.

 

Tashkilot bosh menejeri Pol Ayresning qayd etishicha, o‘quv mashg‘ulotlari zamonaviy tibbiy texnologiyalar, apparatlar, dori-darmon va bemorlar jismoniy holati, ular organizmini to‘liq aks ettiradigan maxsus maketlarda amalga oshiriladi.

 

Muassasa qabulxonasida tibbiyot xodimlarining bemor bilan bog‘liq barcha faoliyati – qabul chog‘idagi muomala madaniyatidan tortib bemor yaqinlarini jarrohlik amaliyoti natijalari haqida xabardor qilishgacha bo‘lgan jarayon tahlil qilinadi.

 

Markazda xorijiy mamlakatlar tibbiyot xodimlari ham tayyorlanadi. Shu nuqtai nazardan, markaz vakillari o‘zbekistonlik shifokorlar uchun moslashtirilgan o‘quv dasturini ishlab chiqishga, shu jumladan, CAMLS ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Mamlakatimiz diplomatik korpus vakillari Floridadagi Ko‘z to‘qimalari transplantatsiyasi tadqiqot markazi (LEITR) prezidenti Jeyson Vudi bilan ham uchrashdi.

 

Tadqiqot markazi «One World Sight Alliance» tashabbusi doirasida turli mamlakatlarga 12 mingdan ortiq ko‘z shox pardasini yetkazib berish bo‘yicha ko‘maklashadi, muntazam ravishda to‘lov imkoniyati cheklangan insonlar ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun xayriya jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazadi.

 

O‘zbekistonda 2019 yilda markaz tomonidan bemorlar ko‘z to‘qimasini transplantatsiya qilish bo‘yicha 17 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Biroq LEITR mutaxassislar fikriga ko‘ra, mamlakatda ularga bo‘lgan talab yuqori.

 

Markaz rahbari Jeyson Vudining ta'kidlashicha, donor to‘qima bankini tashkil etish orqali ko‘z transplantologiyasi texnologiyalari va yangi usullarini joriy etish ko‘plab insonlarni davolash va reabilitatsiya qilish, shu jumladan, shox parda patologiyasi muammolarini hal etadi.

 

Shu munosabat bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bazasida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun mintaqaviy o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘quv markazida xodimlarni tayyorlash, donor to‘qimalarini saqlash va tarqatish, shuningdek, shox pardalarning transplantatsiyasi va ko‘zning boshqa kasalliklarini davolash bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

 

Ushbu tashabbusni amalga oshirish shartlarini atroflicha muhokama qilish maqsadida LEITR delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi. Tashrif davomida shox parda transplantatsiyasi bo‘yicha mahorat darslari va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net