O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish qonun ustuvorligini ta’minlashning asosiy mezonga aylandi

06.12.2024 02:41

Bugungi globallashuv sharoitida har bir mamlakat o‘z hududidagi inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishi har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Inson huquqlarini, jamiyatning ahilligini ta’minlash va farovonlikni kafolatlash, davlat paydo bo‘lishi “ijtimoiy shartnoma nazariyasi”ning ilg‘or zamonaviy strategiyalardan sanaladi. So‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.
Zero, inson huquqlari qonun ustuvor bo‘lgan davlatdagina to‘liq ta’minlanishi mumkin. Hozirda dunyoda mamlakatlari qatorida O‘zbekiston ham xalqaro standartlar va mezonlar asosida inson huquqlarining ta’minlanish holatini kuzatib, mavjud muammolarni bartaraf etish ustida ishlamoqda, takomillashib bormoqda.
Bu vazifalar boy davlatchilik tarixiga ega O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir. Mazkur konstitutsiyaviy qoida O‘zbekistonning davlat sifatida ijtimoiy shartnoma nazariyasiga taalluqliligini ham anglatadi.
Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining X bob, 54-moddasi birinchi qismi, “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi” ekanligi mustahkamlangan. Bu yuqoridagi so‘zlarning huquqiy asosidir.
Ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida juda katta natijalarga erishildi.
Xususan, inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoyalash va ularga rioya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berildi. Sud-huquq sohasi tubdan isloh qilindi. Bu jarayonda sud hokimiyati fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan tuzilmaga aylandi. Prezident Sh.Mirziyoev ta’biri bilan aytganda “sudьyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida— poklik bo‘lishi kerak”, degan g‘oyani ilgari surdi. Ana shu g‘oya asosida jinoiy jazolar liberallashtirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud idoralarining ko‘p yillar davomida saqlanib kelgan,asosan, jazolashdan iborat bo‘lgan funktsiyasiga chek qo‘yildi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya qabul qilindi. O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Bu ham mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosatning yuksak xalqaro e’tirofi sifatida bo‘y ko‘rsatdi.
Mamlakatimizda erkin demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida inson huquqlarini himoyalash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishda muhim dasturulamal bo‘layotir. Sud-huquq sohasidagi islohotlar bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi shubhasiz.
Prezidentiimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.
Inson qadri deganda, davlatimiz rahbari har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berish ekanligini e’tirof etdi.
Shu ma’noda mazkur islohotlarning tub negizida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash va xalq farovonligiga erishish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish masalasi turibdi.
Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasining qabul qilinganligi O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligiga yaqqol isbotdir.
Eng asosiysi, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qat’iy nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashi davlatning bosh maqsadiga aylanib bormoqda. 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Natijada, keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini tubdan o‘zgartirmoqda. Jamiyatda “Yangi O‘zbekkistonni birgalikda barpo etamiz” degan ulug‘vor maqsad umumxalq harakatiga aylandi.
Darhaqiqat, mamlakatimizdagi jadal islohotlar zamirida fuqarolarning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini ta’minlash maqsadi mujassam. Xalqaro jamoatchilik bugun O‘zbekistonda kechayotgan asosiy yangilanishlardan biri sifatida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan qat’iy siyosatni e’tirof etmoqda. Ayniqsa, bilib-bilmay huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga bag‘rikenglik ko‘rsatilayotgani mamlakatimizda yuritilayotgan insonparvar siyosatning yuksak namunasidir.
Shu bilan birga, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, hozirgi davr talablariga mutlaqo javob bermaydi. Shu sababli parlament oldida yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni yangidan qabul qilish vazifasi turibdi. Binobarin, qonunchilikni yangilashdan maqsad faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday engillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Ta’kidlash joizki, Harakatlar strategiyasi doirasida ham jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashishda qator samarali ishlar amalga oshirilgan edi. Prezidentimizning 2018 yil 7 noyabrdagi “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada yangi islohotlarni boshlab bergan bo‘lsa, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi ham inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni qamrab olgan. Xususan, strategiyaning “ Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltirish”ga oid 17-maqsadida ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yo‘naltirish; qonuniylikni qat’iy ta’minlovchi, ochiq va adolatli prokuratura faoliyatining mustahkam huquqiy asoslarini yaratish hamda «Qonun — ustuvor, jazo — muqarrar» tamoyilini bosh mezonga aylantirish; tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish; huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyatlar haqida xabarlarni hisobga olish tizimini tubdan isloh qilish, jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olishda zamonaviy usullardan foydalanish kabi vazifalar belgilangan.
Taraqqiyot strategiyasidagi yana bir muhim vazifalardan biri – fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali davlat siyosatini amalga oshirishdir.
O‘tgan davr mobaynida olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiga qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumtsiyasi kabi konstitutsiyaviy printsiplar poydevor qilib qo‘yilganligi sababli Harakatlar strategiyasi natijalariga ko‘ra, probatsiya bo‘linmalari tomonidan 61 053 nafar shaxs nazorat ostiga olingan, 7 839 nafari ishga joylashtirildi va 9 090 nafariga ishga yo‘llanmalar berildi, 25 431 nafar nazoratdagi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazo muddatidan ilgari shartli ozod etildi, nazorat ostidagi 53 393 nafar shaxslar hisobdan chiqarildi. Muayyan kasbga ega bo‘lmagan 4 555 nafar shaxslardan 3 794 nafari kasb-hunarga o‘qitilib, 1 459 nafari kasbga o‘qitish uchun yuborildi.
Bundan tashqari, ilk bor jazoni ijro etish koloniyalaridagi 709 nafar pensiya yoshidagi mahkumga pensiya berila boshlandi.
Qayd etish joizki, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlovda ishlarining yuritilishi ham inson manfaatlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, hujjatlar almashinuvi, tomonlarga qabul qilingan hukm va boshqa protsessual hujjatlarni taqdim etish ishlari ham yoki sud majlislari kunini belgilash masalalari ham elektron shaklga o‘zgartirilgan. Bunda e-sud.uz elektron sudlov axborot tizimi orqali fuqarolar sud majlisi kuni, sudta raislik etuvchi sudьya ismi sharifi va sud majlisi bo‘lib o‘tadigan zalga oid ma’lumotlardan ham masofadan turib xabardor bo‘lishi mumkin. Agar ilgari asosan iqtisodiy sudlarda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda fuqarolik va hatto jinoyat ishlari sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyalari ishlari ham video-konferents aloqa (VKA) shaklida amalga oshirilmoqda. Shubxasiz bularning barchasi fuqarolarning vaqti va mablag‘ini tejashga yordam beradi. Bu ham albatta inson huquqlariga bo‘lgan e’tibor va ehtirom namunasidir.
Yana bir muhim inson huquqlarining kafolatlariga oid norma shuki, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan konstitutsiyasi 28-moddasi ettinchi qismida shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan. Avvalgi davrlarda otasi yoki biror bir yaqin qarindoshining qilmishlarini deb ko‘plab bilimli va salohiyatli mutahassislar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ishga joylashaolmagan yoki ishdan bo‘shatilgan. Endilikda bunday sub’ektiv yondashuvga asoslangan holatlarni bartaraf etish maqsadida mazkur norma kiritildi. Nazarimizda bu inson huquq va qonuniy manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli norma bo‘lishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudlov inson va fuqaro huquqlarini ta’minlashning O‘zbekistondagi eng oliy instantsiyasi hisoblanadi. Agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda ko‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqli.
Konstitutsiyaviy sudga nafaqat fuqarolar murojaat qilishi mumkin, balkim ommaviy hokimiyat va boshqaruv organlari ham shunday huquqga ega bo‘lishi mazkur institut orqali inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bularning barchasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlar samarasini yaqqol namoyon qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish qonun ustuvorligini ta’minlashning bosh mezoniga aylanib ulgurdi.

Xurshida Abzalova,
TDYuU Jinoyat huquqi, kriminologiya
va korruptsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi professori,
yuridik fanlar doktori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net