Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda sud-huquq tizimini isloh etish dolzarb vazifaga aylandi. Bu borada 1992-yil 8-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilingani tizimdagi islohotlarning mustahkam huquqiy asosi boʻldi. Shunga koʻra, 1994-yil 22-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Jinoyat kodeksi qabul qilindi va bir yildan soʻng
1-apreldan hayotga joriy etildi.
Sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan jinoyat qonunidan farqli ravishda, yangi kodeksda inson shaʼni va huquqlari ustuvor mezon sifatida belgilandi. Eng muhimi, ushbu kodeks shaxsni jinoiy tajovuzlardan samarali muhofaza qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik va huquqiy tartibotni taʼminlash uchun poydevor yaratdi.
Oʻtgan yillar mobaynida xalqaro standartlar va milliy tajribamiz asosida jinoyat qonunchiligi normalari bosqichma-bosqich takomillashtirildi.
Birinchidan, 2001yil 29avgustdagi “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan amaldagi Jinoyat kodeksining 105 ta moddasiga jinoiy jazolarning liberallashtirilishi yuzasidan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, kodeksda belgilangan jinoyatlar tasnifi tubdan oʻzgardi. Ogʻir va oʻta ogʻir toifadagi jinoyatlarning 75 foizga yaqini ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar toifasiga oʻtkazildi. Jinoiy jazo tizimidan “mol-mulkni musodara qilish” jazosi chiqarilib, insonning ajralmas konstitutsiyaviy huquqlaridan biri mulkiy huquqining daxlsizligi kafolatlandi.
Qonunchilikda yarashuv instituti joriy etilib, davlat organlarining aralashuvisiz jinoyat natijasida yetkazilgan zararlarning qoplanishi va jabrlanuvchi huquqlarining qayta tiklanishi oqibatida jabrlanuvchi va jinoyatni sodir etgan shaxslarning oʻzaro kelishuvi asosida shaxsning jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi doirasi kengaytirildi. Shuningdek, jazoni oʻtash muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish uchun belgilangan muddatlar qisqartirildi.
Ikkinchidan, 2007yil 11iyulda “Oʻlim jazosi bekor qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda jinoiy jazolar tizimini liberallashtirish borasida muhim qadam boʻldi.
Uchinchidan, 2008yil 10-apreldagi “Jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish tartibini takomillashtirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan jinoyat sodir etgan shaxsga jamiyatdan ajratish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Toʻrtinchidan, 2012-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga asosan Jinoyat kodeksidan oʻrin olgan yangiliklar mamlakatimizda sud-huquq sohasi va jinoiy jazo tizimini liberallashtirish borasidagi keng koʻlamli ishlarning izchil davomi boʻldi. Ushbu qonundagi oʻzgartishlar, eng avvalo, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikni liberallashtirishda oʻz ifodasini topdi.
Jazoni yengillashtiruvchi holatlarni takomillashtirishda rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish, ushbu institutni rivojlantirishning yangicha metodologik asoslarini yaratish muhim ahamiyatga ega. Aksariyat xorijiy davlatlarning jinoyat qonunchiligida jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda jazo tayinlashda insonparvarlik tamoyillariga amal qilishga ustuvor ahamiyat berilgan.
Xususan, Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksida jazoni yengillashtiruvchi 11 ta holat nazarda tutilgan. Belarus Respublikasida keksa yoshdagi shaxsning jinoyat sodir etishi jazoni yengillashtiruvchi holatlardan biri hisoblanadi. Ushbu tartib Estoniya Respublikasi Jinoyat kodeksida ham belgilangan.
Rossiya Federativ Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi va boshqa davlatlar qonunchiligida jinoyat sodir etilganidan keyin aybdorning jabrlanuvchiga darhol tibbiy va boshqa yordam koʻrsatishi jazoni yengillashtiruvchi holat deb belgilangan. Shuningdek, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston, Armaniston davlatlarida jinoyat sodir etgan shaxsning qaramogʻida voyaga yetmagan yosh bolalar borligi jazoni yengillashtiruvchi holatlardan biri hisoblanadi.
Eʼtirof etish lozimki, soʻnggi sakkiz yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida izchil islohotlar amalga oshirildi.
Aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan taraqqiyotimizning yangi davrini belgilab beruvchi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”, “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” hamda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi qabul qilindi.
Sud-huquq tizimining huquqiy poydevorlaridan biri boʻlgan jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, alohida jinoiy qilmishlarni dekriminallashtirish, jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat ijroiya qonunchiligini takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Shundan kelib chiqib, amaldagi jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirilishi borasida quyidagi amaliy mazmundagi ishlar amalga oshirildi:
Oʻzbekistonda jinoiy jazolar tizimiga “majburiy jamoat ishlari” kiritildi. Majburiy jamoat ishlarining kiritilishi munosabati bilan jazo tizimidan qamoq chiqarib tashlandi;
jinoyat qonunchiligida qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar toifasiga “Jinoyat kodeksi bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazilishi, agar bunday majburlash yoxud qoʻrqitish oqibatida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmagan boʻlsa, jinoyat hisoblanmaydi” degan qoidani nazarda tutuvchi
411-modda kiritildi;
Jinoyat kodeksidan 244-modda chiqarilib, ilgari jinoiy yurisdiksiyada boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzish” uchun javobgarlik Maʼmuriy yurisdiksiyaga oʻtkazildi;
Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 7-dekabrdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan 13 yoshdan jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlandi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilingani mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Asosiy qonunimizda “Oʻlim jazosini bekor qilish” kabi konstitutsiyaviy qoidaning mustahkamlangani Jinoyat, jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga umuman oʻlim jazosini qoʻllash bilan bogʻliq masalani tatbiq etishga qatʼiyan yoʻl qoʻyilmasligidan dalolat beradi.
Shuningdek, sohadagi keng qamrovli islohotlar natijasida erishilgan ijobiy koʻrsatkichlarni keltirib oʻtsak: 2023-yilda 1244 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi; 7362 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi, 33612 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12286 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 13522 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi, 272 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi; yarashuv institutining samarali qoʻllanilishi natijasida 2023yilda 14698 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Muxtasar qilib aytganda mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, xususan, qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash, jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat ijroiya qonunchiligini takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yoʻnaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining tub mohiyatida inson huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, tinchlik va xavfsizlikni ishonchli himoya qilish kabi ustuvor vazifalar oʻz aksini topgan.
Maksud Kalandarov,
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Jinoyat huquqi
kafedrasi boshligʻi, yuridik fanlar doktori, dotsent