O?ZBEKISTON - XALQARO ILMIY TASHKILOTLAR ALYANSINING A’ZOSI

09.11.2018 10:08

Pekinda “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi mintaqasidagi Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansining (ANCO) birinchi anjumani hamda ushbu tashabbus doirasida Ilmiy tashkilotlarning ikkinchi xalqaro ilmiy forumi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansining (ANCO) ta’sis yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rasman ushbu xalqaro tuzilmaning teng huquqli a’zolari safidan joy oldi.

Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANCO) xalqaro nohukumat-notijorat uyushmasi bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan mazkur mintaqaning milliy, mitaqaviy va xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi. Bu uyushma doirasidagi hamkorlik mintaqa ilmiy tashkilotlari salohiyatini yanada mustahkamlash, ilmiy sohadagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan aloqalarni rivojlantirish yo‘lida birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish singari maqsadlarni ko‘zda tutadi.

Ushbu yangi tuzilma iqlim o‘zgarishi, atrof muhiti muhofazasi, oziq-ovqat va suv xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, tabiiy ofatlar oldini olish, texnologiyalar almashish va boshqa umumbashariy ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan xalqaro konferensiyalar, o‘zaro tajriba almashish tadbirlari, forumlar tashkil etishni, akademik almashuvlarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan. Uyushma o‘zaro hamkorlikda strategik tadqiqotlar e’lon qilish, birlashmaga a’zo mamlakatlar hukumatlariga ilmiy maslahatlar berish asnosida ko‘mak ko‘rsatish, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma ilmiy markazlar va laboratoriyalar tashkil etish singari muhim maqsadlarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

-Ma’lumki, bugungi davrda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro hamkorlik o‘ta muhim ahamiyatga ega, - dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo‘ldoshev “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida. - Ushbu yangi uyushmaning olim va mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari va o‘zaro tajriba almashuvlarini tashkil etish, ilmiy yo‘nalishdagi muntazam aloqalarni, shu jumladan, iqtidorli talabalarni va yosh olimlar avlodini qo‘llab-quvvatlash borasidagi rejalari ham katta e’tiborga loyiqdir.

Mazkur alyans tarkibi dunyoning 32 mamlakatida faoliyat ko‘rsatadigan ilmiy tashkilotlar hamda YuNYeSKO, Yevropa ilm-fan va san’at akademiyasi singari bir necha xalqaro tashkilotlardan iborat. Bundan tashqari, qator mamlakatlarning ilmiy muassasalari hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhiti dasturi uyushma faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net