O?ZBEKISTON VA SAUDIYA ARABISTONI BALIQCHILIK SOHASIDA HAMKORLIK O?RNATMOQDA

04.02.2019 14:56

Riyoz shahrida mamlakatimizning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va Muhtor elchisi Ulug‘bek Maqsudov hamda ushbu davlat Atrof-muhit, suv va qishloq xo‘jaligi vazirligi Baliqchilikni rivojlantirish departamenti direktori doktor Ali al-Shayx bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir chog‘ida ikki davlat o‘rtasida mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari, shuningdek, mavjud imkoniyatlar hamda kelgusi rejalar muhokama etildi. Xususan, uchrashuv davomida Xorazm, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Navoiy, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida baliqchilik sohasida mavjud investitsion loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi.

 Uchrashuv chog‘ida doktor al-Shayx O‘zbekiston Saudiya Arabistoni baliqchilik sanoati tajribasiga qiziqish bildirganidan behad mamnunligini izhor etar ekan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan ma’lum darajada xabardor ekanligini alohida ta’kidladi. Shu o‘rinda, u yurtimiz bilan bu yo‘nalishda keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanligini hamda respublikamizning investitsiyaviy loyihalarini muhokama qilishga tayyorligini qayd etdi.

O‘z navbatida, mutaxassis baliqchilik sanoati Saudiya Arabistonining “Nigoh-2030” davlat dasturidan alohida o‘rin olgani va uni rivojlantirishga hukumat tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani, xususan, ushbu yo‘nalishda maxsus rejalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

 “O‘zaro hamkorligimizning kelajagini kafolatlaydigan omillardan biri sifatida shuni aytib o‘tishim mumkinki, milliy odatlarimizning o‘xshashligi yoki diniy-madaniy an’analarimizning birligi bu borada muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, hozirgi kunda saudiyalik investorlar musulmon davlatlariga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirishmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohasida ulkan salohiyatga ega davlatlar.

 O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda bizning mamlakatimizga tashrifni amalga oshirishi mumkin. Tashrif davomida mavjud investitsion loyihalar va imkoniyatlarni o‘rganib chiqamiz. Unda Saudiya Arabstonidagi xususiy sektor vakillari ham qatnashadi. Men o‘zim shaxsan bu ishga bosh-qosh bo‘laman.

 Ta’kidlash joizki, bizning bu sohadagi harakatlarimiz ikki tomonlama savdo aloqalarimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Misol uchun, Saudiya Arabistoni O‘zbekistondan meva-sabzavotlarni ham import qilishi kerak, deb hisoblayman.

 Hamkorligimiz jarayonida, biz qishloq xo‘jaligi sohasida xorijiy davlatlardagi loyihalarga sarmoyalar kiritadigan yirik “SALIS” davlat kompaniyasini hamda xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan saudiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi loyihalarga jalb etamiz” – dedi Doktor al-Shayx.

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net