O?ZBEKISTON VA HINDISTON O?RTASIDA TA’LIM SOHASIDAGI HAMKORLIK KO?LAMI KENGAYMOQDA

18.07.2019 11:28

Hindistonda Buxoro davlat tibbiyot institutining taqdimot marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

 

 

DEHLI, 18 iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Prezidentining Hindistonga amalga oshirgan tashriflari davomida o‘zaro hamkorlikning keng yo‘nalishlarini qamrab olgan qator kelishuvlar imzolangan edi. Ushbu kelishuvlar orasida ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim yo‘nalishida hamkorlik masalalari alohida o‘rin tutadi.

 Erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida Hindistonning yetakchi oliy o‘quv muassasalaridan biri hisoblangan Amiti universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi. Bundan tashqari Andijon viloyatida Sharda universiteti filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Har ikki universitet joriy o‘quv yili o‘z faoliyatini boshlaydi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Sohadagi hamkorlik doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillarining Hindistonga tashrifi amalga oshirildi.

 Qayd etish lozimki, joriy yilning iyun oyida Buxoro davlat tibbiyot instituti Hindiston Tibbiyot kengashida rasmiy akkreditatsiyadan o‘tkazildi va endilikda hindistonlik yoshlarni institutga qabul qilish huquqiga ega bo‘ldi.

 Institut vakillari Dehli shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazib, hindistonlik hamkorlarga oliy o‘quv yurti haqida batafsil ma’lumot berdi.

 Jumladan, Hindiston Sog‘liqni saqlash va oila farovonligi davlat vaziri Ashvini Kumar bilan uchrashuvda Hindistonning ilg‘or tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlari, fakultetlar tashkil etish, o‘zaro professor-o‘qituvchilar va talabalar almashish masalalari muhokama qilindi.

 Bundan tashqari Hindistonning “People-Hive” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilib, Hindistonlik yoshlarni Buxoro Davlat tibbiyot institutiga jalb qilish va bu jarayon bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga oydinlik kiritildi.

 Delegatsiya a’zolari Mumbay, Haydarobod, Laknau, Patna shaharlariga ham tashrif buyurdi va ushbu shaharlarda Buxoro davlat tibbiyot institutiga bag‘ishlangan taqdimot tadbirlari tashkil etildi.

 

Ahatjon Nasrullayev, Buxoro Davlat tibbiyot instituti xalqaro masalalar bo‘yicha prorektori:

 - Institutimiz Hindiston Tibbiyot kengashida rasman akkreditatsiyadan o‘tkazilgach, biz hindistonlik talabalarni institutimizga qabul qilish va ularni MBBS (Bachelor of medicine and bachelor of surgery) dasturi asosida o‘qitish imkoniga ega bo‘ldik.

 Hindistonning yirik shaharlarida institutimizning taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar, seminarlar o‘tkazyapmiz, bu borada hindistonlik yoshlarga kengroq ma’lumot berayapmiz va “on spot admission”, ya’ni joyning o‘zida institutga qabul qilish bo‘yicha suhbatlar tashkil qilayapmiz.

 Mazkur harakatlarimiz O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikka munosib hissa qo‘shadi, deb umid qilamiz.

 Pavan Abraxam, “PeopleHive LLC” kompaniyasi raisi:

 - O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida barcha sohalarda, jumladan, ta’lim sohasida hamkorlik rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Biz Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatdik va mazkur oliy o‘quv yurtiga hindistonlik yoshlarni jalb qilish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz.

 O‘z navbatida yaqin istiqbolda Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida onkologiya va boshqa kasalliklar diagnostikasi bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilish, talabalar uchun zamonaviy turar-joy kompleksi va sog‘lomlashtirish markazi qurishni o‘z ichiga olgan investitsion loyihalarni rejalashtirmoqdamiz.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net