O'zbekiston va Belarus yetakchilari Toshkentda bo'lib o'tgan muzokaralarning samarali natijalaridan mamnunliklarini ta'kidladilar

08.02.2024 03:10

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bugun muzokaralardan so'ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tashrif arafasida o'tkazilgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishi, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi yig'ilishi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Bungacha yetakchi oliygohlar rektorlari va tibbiyot muassasalari rahbarlarining uchrashuvlari bo'lib o'tgan edi.

O'zbekiston Prezidenti jurnalistlar e'tiborini keyingi yillarda O'zbekiston-Belarus hamkorligida ro'y bergan sifatli o'zgarishlarga qaratdi. Barcha darajalardagi muloqotlar faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya loyihalari soni oshgani, madaniy-gumanitar almashinuv va to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar qayta tiklangani qayd etildi.

Yetakchilar muzokaralar atroflicha bo'lgani, O'zbekiston-Belarus munosabatlarining keng doirasi batafsil muhokama qilingani, ko'p qirrali sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari, maqsad va vazifalari belgilab olinganini ma'lum qildilar.

Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT doirasidagi muloqotni mustahkamlashga tomonlarning intilishi qat'iy ekani ta'kidlandi.

Tovar ayirboshlashni ko'paytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Yetakchilar uning hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasini qo'ydilar.

Shu maqsadda qo'shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish va savdoni qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilishga kelishib olindi.

Sanoat kooperatsiyasining ustuvor sohalari belgilab olindi. Bular – agrosanoat majmui, elektrotexnika va to'qimachilik tarmoqlari, sog'liqni saqlash va farmatsevtika, shaharsozlik va kommunal xo'jaligi.

Hududlararo aloqalar salohiyati va imkoniyatlarini samarali ishga solishga alohida e'tibor qaratildi.

Madaniyat va san'at, oliy va professional ta'lim, turizm, yoshlar va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi. Sog'liqni saqlash borasidagi hamkorlikning aniq yo'nalishlari belgilab olindi.

Tomonlar navbatdagi tibbiyot, ta'lim va turizm forumlarini tashkil etishga kelishib oldilar.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar O'zbekiston bilan Belarus o'rtasidagi do'stlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, ko'p qirrali sheriklikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net