
Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston eng koʻp ovoz toʻplagan
7-iyun kuni Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Jenevadagi bosh-qarorgohida Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-konferensiyasi doirasida 2024-2027-yillar uchun tashkilot Maʼmuriy kengashi aʼzolari va ularning oʻrinbosarlariga saylov boʻlib oʻtdi.
Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston eng koʻp ovoz (194 ta, zarur minimum 105) toʻplagan holda, oʻz tarixida birinchi marta XMT Maʼmuriy kengashiga aʼzo oʻrinbosari etib saylandi.
Oʻzbekistonning Maʼmuriy kengashga saylanishi tarixiy voqea hisoblanadi, chunki Oʻzbekiston tomoni XMTning ushbu asosiy organiga birinchi marta aʼzo boʻlmoqda.
Ovoz berish yakunlari shuni koʻrsatdiki, XMTga aʼzo davlatlar mamlakatimizda bolalar va majburiy mehnatga barham berish, xalqaro mehnat sohasidagi qator muhim konvensiyalarni ratifikatsiya qilish, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, muammolarni eʼtiborsiz qoldirish siyosatidan ularni muloqot orqali hal etish kabi koʻrilayotgan islohotlarga baho beradi.
Boshqaruv organi XMTning ijro etuvchi organi hisoblanadi. Xalqaro mehnat konferensiyasi sessiyalari orasidagi davrda tashkilot ishiga rahbarlik qiladi va uning qarorlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi. Maʼmuriy kengashning har yili uchta sessiyasi - mart, iyun va noyabr oylarida oʻtkaziladi.
Maʼmuriy kengash uch yil muddatga saylanadigan 56 nafar aʼzo va 66 nafar oʻrinbosardan iborat.
“Dunyo” AA