O?ZBEKISTON – SAUDIYA ARABISTONI PARLAMENTLARARO HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

15.01.2019 12:02

Yaqinda mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ulug‘bek Maqsudov va Saudiya Arabistoni Podshohligi Sho‘ro Majlisi raisi Abdulla Ol ash-Shayx o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda 2018 yil 3 dekabr kuni Riyoz shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, shuningdek, ikki davlat parlamentlararo hamkorligini chuqurlashtirishdan tomonlar manfaatdor ekanliklari aytib o‘tildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurish niyatida ekanligi va bu boradagi masalalar muhokama qilindi. Shu o‘rinda, Saudiya Sho‘ro Majlisi raisi mamlakatimizning parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholar ekan, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Podshohlikka tashrifini qo‘llab-quvvatladi.

O‘z navbatida uchrashuv chog‘ida, 2017 yil noyabr oyida Saudiya Arabistoni Sho‘ro Majlisi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi, unga o‘zbek-saudiya parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rinbosari Ahmad al-G‘omidiyning rahbarlik qilgani hamda bu tashrifning mazmunli o‘tgani yana bir bor ta’kidlandi.

«O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi siyosiy aloqalar rivojlanib borayotganligi bizni juda ham quvontiradi. Albatta bu xalqlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikka asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘ylaymanki, hozirgi olib borilayotgan ishlar kam, biz kelajakda bundan ham ko‘proq marralarni o‘z oldimizga maqsad qilib olmog‘imiz darkor. Masalan, biz Saudiya parlamenti sifatida O‘zbekiston uchun ochiqmiz va chuqur hamkorlikka tayyormiz”, - dedi Abdulla Ol ash-Shayx.

Mamlakatingizda olib borilayotgan turizm va xorijiy investitsiyalar borasidagi islohotlardan xabardormiz. O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatidan kelib chiqib, ikki mamlakat o‘rtasida ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bir qator amaliy va targ‘ibоt ishlarini jadallashtirishimiz darkor. Men O‘zbekistonga 2012 yilda tashrif buyurganimni yaxshi eslayman, ko‘plab ijobiy taassurotlar bilan qaytganmiz. Yurtingiz boy tarixiy, madaniy merosga, hamda betakror san’atiga ega, tansiq taomlari, mo‘‘tadil ob-havosi va manzarasi juda jozibalidir.

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net