Oʻzbekiston-Qatar: koʻp qirrali hamkorlikni barqaror rivojlantirish sari navbatdagi qadam

19.12.2023 10:16

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 19-dekabr kuni Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad bin Xalifa Ol Soniy tashrif bilan Oʻzbekistonga keladi.

Qatar Amiri “Korrupsiyaga qarshi kurashdagi ulkan yutuqlari uchun” Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy nomidagi global mukofotni topshirish marosimida ishtirok etadi. Qayd etish joizki, ushbu tadbir sobiq ittifoq mamlakatlari hududida birinchi marta oʻtkazilmoqda.

Ushbu tashrif Qatar rahbarining oxirgi olti oy ichida joriy yilda Oʻzbekistonga ikkinchi tashrifi va oliy darajadagi uchinchi Oʻzbekiston-Qatar sammitidir.  Bu, avvalo, Oʻzbekiston va Qatar xalqlari farovonligi yoʻlida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan siyosiy muloqotning misli koʻrilmagan dinamikasidan dalolat beradi.

Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad bin Xalifa Ol Soniyning joriy yil iyun oyida Oʻzbekistonga buyurgan birinchi va tarixiy davlat tashrifi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktyabr oyida Dohaga boʻlib oʻtgan rasmiy tashrifi 1997-yil 27-noyabr kuni oʻrnatilgan ikki tomonlama diplomatik munosabatlarni rivojlantirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollarini ochishga kuchli turtki boʻldi.

Natijada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qaratilgan 24 ikki tomonlama hujjatlar, umumiy qiymati 12 milliard dollarlik bitimlar imzolandi.

Bunday faol muloqotning rivojlanishi tomonlarning ham ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish, ham Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashdan yuqori manfaatdorligi bilan izohlanadi. Buni Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti sammitlari, davlatimiz rahbarining arab davlatlariga tashriflari natijalari tasdiqlaydi.

Yuqori darajadagi munosabatlar ham faol dinamika bilan ajralib turadi.

2022-yilning 14-15-sentyabr kunlari Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton Al-Murayxi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Ushbu  sammit davomida  Qatar Davlatiga muloqot boʻyicha sherik maqomini berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.

Diplomatik aloqalarning mustahkamlanishiga 2023-yil 7-may kuni Toshkentda Qatar elchixonasining ochilishi muhim ahamiyat kasb etdi. 6-8-may kunlari boʻlib oʻtgan diplomatik missiyaning ochilish marosimida, shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi raundida Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton al-Murayxi boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Joriy yilning 4-6-mart kunlari Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva BMTning rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha V konferensiyasida ishtirok etish uchun Doha shahrida boʻldi. Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining tashrifi doirasida Qatar Maslahat kengashi raisi Hasan al-Gʻanim bilan uchrashuv va muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Shu  oʻrinda taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning shu yil 10-11-dekabr kunlari Qatarga  amalga oshirgan tashrifi juda samarali kechdi. Dohaga tashrif davomida Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jasim Ol Soniy, Qonun ustuvorligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha markazi Vasiylik kengashi raisi Ali Muhsin al-Marriy, Savdo-sanoat palatasi Direktorlar kengashi raisi Shayx Xalifa bin Jasim bin Muhammad Ol Soniy, transport vaziri Jassim bin Sayf bin Ahmad al- Sulayti, shuningdek, Islom banki ijrochi direktori Bassel Gamal bilan  muzokaralar oʻtkazildi. Oʻzbekiston TIV rahbari “Umumiy kelajakni bunyod etish” mavzusidagi Doha forumida ishtirok etdi  va  ushbu  mamlakatning yetakchi “Hassad Food” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ali Hilol Al Kuvariy bilan uchrashuv oʻtkazdi. Boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidan oʻrin olgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tashrif doirasida, shuningdek, Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimiz Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor deb biladi. Oʻzbekiston ham, Qatar ham bu borada hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega va joriy munosabatlarni faollashtirish ikki davlatning bugungi kun tartibidan oʻrin olgan.

Shu yil  26-27-aprel kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiyaviy forumida ishtirok etish uchun Qatar savdo va sanoat vazirining oʻrinbosari Sulton al-Xotir  boshchiligidagi  bir qator vazirlik va yetakchi kompaniyalar vakillaridan iborat ushbu mamlakat delegatsiyasi Oʻzbekistonga keldi. Hozirgi vaqtda forum yakunida energetika, transport, logistika, qishloq xoʻjaligi,  mehnat  munosabatlari  va boshqa yoʻnalishlarda yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni hayotga tadbiq etish jarayonlari davom etmoqda.

2023-yilning 8-9-may kunlari, oʻz navbatida, Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Dohaga tashrif buyurib, Qatarning qator vazirlik va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish  istiqbollarini muhokama qildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda Qatar kompaniyalari ishtirokida qator sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilyapti. Ana shunday loyihalardan biri Sirdaryo viloyatida Qatarning “Nebras Power” kompaniyasi tomonidan Fransiya va Yaponiyaning “EDF” va “Sojitz Corporation”  kompaniyalari  bilan   hamkorlikda qurilayotgan 1600 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasidir. Ushbu korxona 2024-yilda ishga tushirilishi koʻzda  tutilgan.

Qatarning “Al-Mirkab” kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar joriy yilning noyabr oyida Qatarning sobiq Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Hamad bin Jassim Ol Soniyning mamlakatimizga tashrifi chogʻida muhokama qilindi.   

Oʻzbekiston va Qatar Markaziy Osiyoni Koʻrfaz arab mamlakatlari bilan bogʻlovchi eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yoʻlaklarini shakllantirishdan manfaatdor. Transafgʻon temir yoʻl koridorini yaratish boʻyicha strategik loyihani birgalikda amalga oshirishga koʻmaklashish istiqbollari muhokama qilinmoqda. Ushbu  saʼy-harakatlar koʻrsatkichlari mamlakatlarimizning bugungi salohiyatiga toʻgʻri kelmaydigan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, Qatar Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz, oʻz navbatida, Qatarning Afgʻoniston xalqiga favqulodda gumanitar yordam koʻrsatish borasidagi harakatlarini toʻliq eʼtirof etadi.

Shubhasiz, ikki davlatning tarixi, madaniyati va diniy mushtarakligi, boy maʼnaviy merosi madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat  qilmoqda.

Qatar zamonaviy Oʻzbekiston hududida yashab ijod qilgan buyuk mutafakkir va olimlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini, Arabiston yarim oroli va Movarounnahr oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni yuksak qadrlaydi. Ushbu jihatlar madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi va sayyohlik, jumladan, ziyorat turizmi sohasidagi oʻzaro hamkorlik uchun yaxshi istiqbollarni ochadi. 2021-yilning 1-martidan Qatar fuqarolarining Oʻzbekistonga kirishi uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etildi, 2023-yil iyun oyida esa bu muddat 30 kungacha uzaytirildi. Imzolangan hukumatlararo bitim asosida ikki davlat oʻrtasida havo aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Qatar Milliy kutubxonasi oʻrtasida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Oʻzbekistonlik va qatarlik olimlar ushbu kutubxonada saqlanayotgan Markaziy Osiyo tarixiga oid qoʻlyozmalar boʻyicha birgalikda tadqiqot ishlarini olib bormoqda, oʻzbek olimlari va mutafakkirlarining qoʻlyozma asarlarini raqamlashtirish va ularni oʻrganish sohasida  ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

2022-yil kuzida Qatar poytaxtida Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi. Uning doirasida Oʻzbekiston Davlat simfonik orkestri konsertlari, xalq amaliy sanʼati koʻrgazmasi oʻtkazildi. Aytish mumkinki,  ushbu  madaniy tadbirlar  Qatar jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi.

Joriy yilning iyun va avgust oylarida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova boshchiligidagi davlatimiz delegatsiyalarining Qatarga tashrifi ham tomonlarning fan, madaniyat va taʼlim sohalarida oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga intilishini tasdiqlaydi.

Mamlakatlarimiz  aholisi oʻrtasida  ommabop boʻlgan sportning futbol turi boʻyicha hamkorlik istiqbolli yoʻnalish boʻlib qolmoqda. 2017-yilda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va  Qatar futbol assotsiatsiyasi  oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan edi.  Shuningdek, 2021-yil iyun oyida Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida futbolni rivojlantirish, tajriba almashish, musobaqalar tashkil etish, murabbiylar malakasini oshirish va futbol oʻyinlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.

Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Qatar barcha yoʻnalishlarda oʻrnatilgan muloqot darajasini muttasil oshirishga intilmoqda. Qatar Amirining mamlakatimizga boʻlajak tashrifi esa, shubhasiz, samarali oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish uchun ikki tomonlama munosabatlar poydevorini yanada mustahkamlashga  xizmat qiladi.

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net