O'zbekiston-Qatar: ko'p qirrali hamkorlikni barqaror rivojlantirish sari navbatdagi qadam

19.12.2023 03:33

/«Dunyo» AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan bugun Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad bin Xalifa Ol Soniy tashrif bilan O'zbekistonga keladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Qatar Amiri «Korrupsiyaga qarshi kurashdagi ulkan yutuqlari uchun» Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy nomidagi global mukofotni topshirish marosimida ishtirok etadi. Qayd etish joizki, ushbu tadbir sobiq ittifoq mamlakatlari hududida birinchi marta o'tkazilmoqda.

 

Ushbu tashrif Qatar rahbarining oxirgi olti oy ichida joriy yilda O'zbekistonga ikkinchi tashrifi va oliy darajadagi uchinchi O'zbekiston-Qatar sammitidir. Bu, avvalo, O'zbekiston va Qatar xalqlari farovonligi yo'lida ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan siyosiy muloqotning misli ko'rilmagan dinamikasidan dalolat beradi.

 

Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad bin Xalifa Ol Soniyning joriy yil iyun oyida O'zbekistonga buyurgan birinchi va tarixiy davlat tashrifi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktyabr oyida Dohaga bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi 1997-yil 27-noyabr kuni o'rnatilgan ikki tomonlama diplomatik munosabatlarni rivojlantirish va o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollarini ochishga kuchli turtki bo'ldi.

 

Natijada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qaratilgan 24 ikki tomonlama hujjatlar, umumiy qiymati 12 milliard dollarlik bitimlar imzolandi.

 

Bunday faol muloqotning rivojlanishi tomonlarning ham ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish, ham Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo o'rtasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashdan yuqori manfaatdorligi bilan izohlanadi. Buni Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti sammitlari, davlatimiz rahbarining arab davlatlariga tashriflari natijalari tasdiqlaydi.

 

Yuqori darajadagi munosabatlar ham faol dinamika bilan ajralib turadi.

 

2022-yilning 14-15-sentyabr kunlari Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton Al-Murayxi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Ushbu sammit davomida Qatar Davlatiga muloqot bo'yicha sherik maqomini berish to'g'risidagi qaror qabul qilindi.

 

Diplomatik aloqalarning mustahkamlanishiga 2023-yil 7-may kuni Toshkentda Qatar elchixonasining ochilishi muhim ahamiyat kasb etdi. 6-8-may kunlari bo'lib o'tgan diplomatik missiyaning ochilish marosimida, shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi raundida Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton al-Murayxi boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

 

Joriy yilning 4-6-mart kunlari Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva BMTning rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha V konferensiyasida ishtirok etish uchun Doha shahrida bo'ldi. O'zbekiston parlament delegatsiyasining tashrifi doirasida Qatar Maslahat kengashi raisi Hasan al-G'anim bilan uchrashuv va muzokaralar bo'lib o'tdi.

 

Shu o'rinda ta’kidlash kerakki, O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning shu yil 10-11-dekabr kunlari Qatarga amalga oshirgan tashrifi juda samarali kechdi. Dohaga tashrif davomida Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jasim Ol Soniy, Qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha markazi Vasiylik kengashi raisi Ali Muhsin al-Marriy, Savdo-sanoat palatasi Direktorlar kengashi raisi Shayx Xalifa bin Jasim bin Muhammad Ol Soniy, transport vaziri Jassim bin Sayf bin Ahmad al- Sulayti, shuningdek, Islom banki ijrochi direktori Bassel Gamal bilan muzokaralar o'tkazildi. O'zbekiston TIV rahbari «Umumiy kelajakni bunyod etish» mavzusidagi Doha forumida ishtirok etdi va ushbu mamlakatning yetakchi «Hassad Food» kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ali Hilol Al Kuvariy bilan uchrashuv o'tkazdi. Bo'lib o'tgan uchrashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidan o'rin olgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tashrif doirasida, shuningdek, O'zbekistonning Qatardagi elchixonasining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

 

Mamlakatimiz Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor deb biladi. O'zbekiston ham, Qatar ham bu borada hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega va joriy munosabatlarni faollashtirish ikki davlatning bugungi kun tartibidan o'rin olgan.

 

Shu yil 26-27-aprel kunlari poytaxtimizda o'tkazilgan Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiyaviy forumida ishtirok etish uchun Qatar savdo va sanoat vazirining o'rinbosari Sulton al-Xotir boshchiligidagi bir qator vazirlik va yetakchi kompaniyalar vakillaridan iborat ushbu mamlakat delegatsiyasi O'zbekistonga keldi. Hozirgi vaqtda forum yakunida energetika, transport, logistika, qishloq xo'jaligi, mehnat munosabatlari va boshqa yo'nalishlarda yirik qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha erishilgan kelishuvlarni hayotga tadbiq etish jarayonlari davom etmoqda.

 

2023-yilning 8-9-may kunlari, o'z navbatida, O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Dohaga tashrif buyurib, Qatarning qator vazirlik va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

 

Bugungi kunda O'zbekistonda Qatar kompaniyalari ishtirokida qator sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilyapti. Ana shunday loyihalardan biri Sirdaryo viloyatida Qatarning «Nebras Power» kompaniyasi tomonidan Fransiya va Yaponiyaning «EDF» va «Sojitz Corporation» kompaniyalari bilan hamkorlikda qurilayotgan 1600 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasidir. Ushbu korxona 2024-yilda ishga tushirilishi ko'zda tutilgan.

 

Qatarning «Al-Mirkab» kompaniyasi bilan hamkorlikda O'zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar joriy yilning noyabr oyida Qatarning sobiq Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Hamad bin Jassim Ol Soniyning mamlakatimizga tashrifi chog'ida muhokama qilindi.

 

O'zbekiston va Qatar Markaziy Osiyoni Ko'rfaz arab mamlakatlari bilan bog'lovchi eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yo'laklarini shakllantirishdan manfaatdor. Transafg'on temir yo'l koridorini yaratish bo'yicha strategik loyihani birgalikda amalga oshirishga ko'maklashish istiqbollari muhokama qilinmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar ko'rsatkichlari mamlakatlarimizning bugungi salohiyatiga to'g'ri kelmaydigan o'zaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi.

 

Qayd etish joizki, Qatar O'zbekistonning Afg'onistondagi vaziyatni tinch yo'l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz, o'z navbatida, Qatarning Afg'oniston xalqiga favqulodda gumanitar yordam ko'rsatish borasidagi harakatlarini to'liq e’tirof etadi.

 

Shubhasiz, ikki davlatning tarixi, madaniyati va diniy mushtarakligi, boy ma’naviy merosi madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda.

 

Qatar zamonaviy O'zbekiston hududida yashab ijod qilgan buyuk mutafakkir va olimlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasini, Arabiston yarim oroli va Movarounnahr o'rtasidagi tarixiy aloqalarni yuksak qadrlaydi. Ushbu jihatlar madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi va sayyohlik, jumladan, ziyorat turizmi sohasidagi o'zaro hamkorlik uchun yaxshi istiqbollarni ochadi. 2021-yilning 1-martidan Qatar fuqarolarining O'zbekistonga kirishi uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etildi, 2023-yil iyun oyida esa bu muddat 30 kungacha uzaytirildi. Imzolangan hukumatlararo bitim asosida ikki davlat o'rtasida havo aloqalari yo'lga qo'yilgan.

 

O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Qatar Milliy kutubxonasi o'rtasida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O'zbekistonlik va qatarlik olimlar ushbu kutubxonada saqlanayotgan Markaziy Osiyo tarixiga oid qo'lyozmalar bo'yicha birgalikda tadqiqot ishlarini olib bormoqda, o'zbek olimlari va mutafakkirlarining qo'lyozma asarlarini raqamlashtirish va ularni o'rganish sohasida ham hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

 

2022-yil kuzida Qatar poytaxtida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tdi. Uning doirasida O'zbekiston Davlat simfonik orkestri konsertlari, xalq amaliy san’ati ko'rgazmasi o'tkazildi. Aytish mumkinki, ushbu madaniy tadbirlar Qatar jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi.

 

Joriy yilning iyun va avgust oylarida O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o'rinbosari Shahlo Turdiqulova boshchiligidagi davlatimiz delegatsiyalarining Qatarga tashrifi ham tomonlarning fan, madaniyat va ta’lim sohalarida o'zaro hamkorlikni kengaytirishga intilishini tasdiqlaydi.

 

Mamlakatlarimiz aholisi o'rtasida ommabop bo'lgan sportning futbol turi bo'yicha hamkorlik istiqbolli yo'nalish bo'lib qolmoqda. 2017-yilda O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Qatar futbol assotsiatsiyasi o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Shuningdek, 2021-yil iyun oyida O'zbekiston va Qatar o'rtasida futbolni rivojlantirish, tajriba almashish, musobaqalar tashkil etish, murabbiylar malakasini oshirish va futbol o'yinlari xavfsizligini ta’minlash bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi.

 

Hech mubolag'asiz aytish mumkinki, bugungi kunda O'zbekiston va Qatar barcha yo'nalishlarda o'rnatilgan muloqot darajasini muttasil oshirishga intilmoqda. Qatar Amirining mamlakatimizga bo'lajak tashrifi esa, shubhasiz, samarali o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish uchun ikki tomonlama munosabatlar poydevorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net