Oʻzbekiston Prezidentining qoʻshni davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo “beshligi” jahon siyosatining mustaqil subyekti maqomiga ega boʻlmoqda.

13.10.2023 09:30

Koʻplab mamlakatlarning tadqiqotchi va siyosatshunoslari mintaqaviy integratsiyaning samarali formulasini ishlab chiqish ustida bir necha oʻn yillar davomida bosh qotirib kelishmoqda. Ular oʻrganayotgan obyektning asosiy murakkabligi shundaki, siyosiy va iqtisodiy voqeliklar hamisha oʻzgarib turadi. Soʻnggi bir necha yilda geosiyosiy vaziyatning oʻzgaruvchanlik kasb etgani bu jarayonlarni yana ham tezlashtirdi. Demak, olimlarning yillar davomida toʻplagan nazariy bilimlari va amaliy tajribasi birdaniga oʻz dolzarbligini yoʻqotib, mehnatlari chippakka chiqishi ham hech gap emas.

Mazkur yoʻnalishda katta yutuqqa erishgan tadqiqotchilardan biri vengriyalik iqtisodchi Bela Balashsha hisoblanadi. U integratsiyaning oddiy shakldan murakkabiga qarab evolyutsion tarzda rivojlanishi haqidagi taʼlimotni ishlab chiqdi. Uning saʼy-harakatlari natijasi olimlar, ayniqsa, dunyodagi eng yirik integratsiyaviy birlashma — Yevropa Ittifoqining tuzilmasi va shakllanishini oʻrganadigan tadqiqotchilar uchun qulay vosita boʻldi. Yaʼni bu olimlar mamlakatlar oʻrtasidagi savdo, bojxona tartib-taomillari, umumiy bozorni shakllantirish va boshqa mexanizmlarni soddalashtirish orqali ularning bir-biriga yaqinlashuvi jarayonlarini bashorat qila oladi.

Xalqaro munosabatlar sohasidagi boshqa tadqiqotchilar singari B. Balashsha uchun ham endi vujudga kelayotgan Yevroittifoq ancha vaqt mobaynida tadqiqotning asosiy obyekti boʻlib xizmat qildi. Lekin endi bizning davrimizga kelib, mutaxassislarning diqqatini jalb etayotgan fenomen aynan Markaziy Osiyo boʻldi. Ekspertlarning yakdil fikricha, ushbu mintaqadagi yaqinlashuv jarayonlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan boshlandi. Bu tashabbuslar tarixiy va zamonaviy reallikni aks ettirgani uchun ham mintaqaviy “beshlik”ning boshqa mamlakatlari tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.

Bosh rollarga qaytish

Hozir 2023 yil. Davlatimiz fuqarolari Tojikistonga shaxsiy avtomashinalari yoki chegaraoldi avtobuslarida osongina borib kelishi oddiy holatga aylandi. Bunga esa koʻp ham boʻlgani yoʻq. Rulda oʻtirgingiz kelmayaptimi — marhamat, Dushanbega samolyotda uching. Qirgʻizistongachi? U yerga borish uchun endi xorijiy pasport boʻlishi shart emas: ID kartaning oʻzi yetarli.

Mana shunday tartib doim mavjud boʻlganday tasavvur shakllanadi. Aslidachi? Qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar ustiga “qora chiziq” tortilgan edi. Chegaradan oʻtishning oddiy tartibi oʻrniga, olish amalda qiyin boʻlgan “viza”lar joriy etilgandi. Doʻstona yoʻlaklar oʻrniga esa — minalangan hududlar... Hatto umumiy masalalar boʻyicha muloqot oʻrnatishga harakat qilish ham juda murakkab ish edi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning siyosiy xaritasini tubdan oʻzgartirishga bel bogʻladi. Tarixan qisqa muddat ichida Oʻzbekiston rahbari Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash masalasida yetakchi islohotchi maqomiga ega boʻldi. Uning tashabbusi bilan davlat chegaralari, transport yoʻlaklari va suvdan foydalanish masalalariga bogʻliq boʻlgan koʻp yillik ixtiloflarni bartaraf qilish ishlari davom ettirilmoqda. Bu esa mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilyapti. Natijada savdo hajmi sezilarli darajada oshdi, qoʻshma korxonalar soni bir necha barobarga koʻpaydi. Bunday yondashuv Markaziy Osiyoni Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasidagi iqtisodiy taraqqiyot hamda transport aloqasi markaziga aylantirdi.

Yaqinda Dushanbeda boʻlib oʻtgan Maslahat uchrashuvida mintaqaviy “beshlik” davlatlarining rahbarlari birgalikda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilishdi. Toʻgʻri, alohida mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda ayrim murakkab jihatlar hali saqlanib kelmoqda. Lekin Tojikiston poytaxtida muzokaralar stoli atrofida yigʻilgan vakillar oʻz davlatlari va umuman, mintaqa davlatlari uchun muhim boʻlgan masalalar boʻyicha muloqotga, hamkorlikka tayyor ekanliklarini namoyish etishdi.

Mintaqa mamlakatlari rivojida yildan-yilga umumiy masalalar vujudga kelmoqda. Bundan tashqari respublikalarimiz strategik yoʻnalishlari oʻxshashligi, mushtarakligini namoyon qilmoqdalar. Finlyandiyadagi yirik biznes birlashmasining nufuzli nashri boʻlgan “EastCham — Finland” qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtirib turadigan omil — iqtisodiyotni diversifikatsiyalash boʻyicha islohotlarni roʻyobga chiqarishga boʻlgan intilish hamda tadbirkorlarga xayrixohlik. Bu esa ularning har birida ham, umumiy maydonda ham investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Keyingi yillarning oʻzida mintaqa mamlakatlarining oʻzaro investitsiyalari hajmi deyarli 6 baravarga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar oqimi esa 45 foizga ortdi. Oʻzbekiston Prezidenti Maslahat uchrashuvidagi oʻz nutqida aytib oʻtganidek, mintaqa mamlakatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foizga koʻpaydi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi savdo aloqalari ortishi kuzatilmoqda. Tovar aylanmasi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Bundan tashqari, ichki mintaqaviy turizm koʻrsatkichlari deyarli 2 barobar ortdi.

Shubhasiz, iqtisodiyot Markaziy Osiyo taraqqiyotining muhim barometri boʻlib xizmat qilmoqda. Davlatlarning muvaffaqiyatli integratsiyasiga misollar koʻp. Deylik, oʻz vaqtida bir necha mamlakatni qudratli yagona iqtisodiy blokka birlashtirgan Yevropa Ittifoqi, shuningdek, samarali sanoat kooperatsiyasi markazlaridan biriga aylangan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi muvaffaqiyatli integratsiyaga yaqqol misol boʻla oladi. ASEAN doirasida tashkil etilgan sanoat klasterlari ichki savdoning oʻsishiga, iqtisodiy barqarorlikka, biznes uchun toʻsiqlarning pasayishiga olib keldiki, bu, oʻz navbatida, minglab ish oʻrinlarining yaratilishiga sabab boʻldi. Koʻrinib turibdiki, yuqorida keltirilgan birlashmalar doirasidagi integratsiya oʻz ishtirokchilariga jahon bozorida yaxshiroq raqobat qilishga yordam bergan.

Xoʻsh, bizchi, ulardan qayerimiz kam? Hech qayerimiz kam emas. Oʻzbekiston avvallari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan avtomobillar, maishiy texnika, toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha kooperatsiyani yoʻlga qoʻygan. Yana oʻgʻitlar, polimerlar, metall buyumlar ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi texnikalarini yigʻish, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va uchinchi davlatlarga eksport qilishni koʻzda tutmoqda. Yaʼni jarayon yoʻlga qoʻyilgan. Endi uni jadallashtirish muhim.

Yuqorida nomi keltirilgan tadqiqotchi Bela Balashshaning kitoblarida mamlakatlar oʻrtasida erkin savdo zonasini shakllantirish integratsiya jarayonlarining asosiy bosqichi sifatida koʻrsatilgan. Ana shu oʻz ahamiyatini namoyish etgan ilmiy modelga tayangan holda, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Markaziy Osiyoda toʻlaqonli erkin savdo zonasini shakllantirish tashabbusi bilan chiqdi. Uning doirasida bojxona maʼmurchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarni sertifikatlash boʻyicha yagona elektron platformalar yaratish koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston yetakchisi boshqa dolzarb masalalarni ham koʻtardi. Masalan, yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning soʻnggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetmoqda. Dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkich esa 11 foizdan oshmaydi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish takliflarini kiritdi.

Oʻzbekiston Prezidentining shu va boshqa tashabbuslari ekspert doiralarda kuchli aks sado berdi. Masalan, Parij geosiyosat akademiyasi prezidenti Ali Rastbin fikricha, infratuzilmani takomillashtirish mamlakatlarning Markaziy Osiyo transport-kommunikatsiya bogʻliqligi boʻyicha saʼy-harakatlarini birlashtirishga hamda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari juda katta mintaqaviy qiziqish uygʻotdi, — deydi “Intellekt Orda” xalqaro ijtimoiy-gumanitar tadqiqotlar integratsiyasi instituti direktori, qozogʻistonlik akademik Sattor Majidov. — Oʻzbekiston davlat rahbarining Markaziy Osiyoda hamkorlikni yangicha mazmun bilan boyitish borasida kiritgan takliflari Dushanbedagi uchrashuvning asosiy leytmotivlaridan biri boʻldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotlar, parlamentlar­aro tajriba almashuv, hamkorlik uchun yangi platformalar keyingi yillarda oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatmoqda, deb hisoblaydi ekspert. Ulardan asosiysi — Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlikni mustahkamlash. Aslini olganda, mintaqa Buyuk Ipak yoʻli gullab-yashnagan davrdagi transport-logistika xabi boʻlgan tarixiy maqomini yana oʻziga qaytarib ola boshladi.

Mustaqil subyekt maqomida

Markaziy Osiyo boʻyicha rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnov yozning soʻnggi oyida taʼkidlagan ediki, mintaqa izchillik bilan oʻzining jahon siyosatida mustaqil subyekt sifatidagi maqomini qoʻlga kiritmoqda.

Ha, ekspert oʻz bilimi va tajribasiga tayangan holda kelgusidagi voqealar rivojini bashorat qilmasa, u ekspert emas. Oradan ikki hafta oʻtiboq, Markaziy Osiyo oʻzining boy tarixiy merosi va madaniyatlar xilmaxilligi bilan global hamjamiyat va dunyo davlatlari eʼtibori markazida boʻldi — u ham boʻlsa, Oʻzbekiston Prezidentining “beshlik”ni integratsiya qilish boʻyicha tashabbuslari tufayli. Deyarli 80 millionlik aholisi boʻlgan mintaqada hamkorlik rejalarini amalga oshirish uchun taklif etilgan gʻoyalar barqaror taraqqiyot sari hamqadam boʻlib, saʼy-harakatlarni birlashtirishni taqozo qiladi. Bundan tashqari, jahon sahnida oʻzini yagona subyekt sifatida namoyon etish Markaziy Osiyoning obroʻsini va geosiyosiy salmogʻini sezilarli darajada oshiradi.

Ana shu omillar tufayli dunyodagi yirik davlatlar ham oʻzining mintaqa bilan munosabatlaridagi avvalgi formatini oʻzgartirdi va unga vakillikning yanada yuqori darajasi sifatida yangi formula — “5+1”ni tanlashdi. Masalan, “AQSH — Markaziy Osiyo” degan koʻp tomonlama muloqotni olaylik. Ilgari, tashkil topganidan buyon oʻtgan sakkiz yil davomida bu formatdagi muloqot tashqi ishlar vazirliklari darajasida oʻtkazilgan boʻlsa, endi ilk bora prezidentlar darajasida tashkil etildi.

Davlatlar rahbarlari tashqi siyosat, mintaqaviy savdoni rivojlantirish, transport va energetika aloqalari, biznes-iqlimni yaxshilash, ekologik tahdidlarga va ekstremizmga qarshi kurashish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash kabi dolzarb masalalar boʻyicha fikr almashdilar. Mohiyatiga koʻra, mazkur uchrashuv AQSH Prezidenti Jozef Baydenning beshta Markaziy Osiyo davlati rahbarlari bilan shaxsan tanishishi uchun qulay imkoniyat boʻldi. Unda Qoʻshma Shtatlar mintaqada xavfsizlikni taʼminlash uchun moliyaviy koʻmakni koʻpaytirishi, xususiy sektor va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha biznes-platforma tashkil etishi, shuningdek, uzoq muddatli energetika xavfsizligini taʼminlash uchun muhim qazilma boyliklar sohasida hamkorlik qilishi haqida soʻz bordi. Jozef Bayden davlat rahbarlarining “5+1” formatidagi keyingi uchrashuvi “beshlik” mamlakatlarining birida boʻlib oʻtishini xabar qildi. Bu esa uning mintaqaga ilk tashrifini amalga oshirish haqidagi rejasidir.

Ekspertlarning geosiyosiy bashoratlashiga ixtisoslashtirilgan nashr boʻlmish “Geopolitic Futures” oʻz portalida xabar berishicha, AQSH oʻzining Markaziy Osiyoga munosabatini ancha oʻzgartirmoqda.

Nashrda yozilganidek, Yevroosiyoning yuragida joylashgan Oʻzbekiston — bu Markaziy Osiyodagi qolgan toʻrt davlat bilan ham umumiy chegaraga ega boʻlgan mamlakat. Nufusi 36 million boʻlgani uchun u aholi soni boʻyicha mintaqadagi eng yirik davlat hisoblanadi. Kelgusi yillarda aholi yanada tezroq oʻsishi kutilmoqda.

Portal tahlilchilarining fikricha, Oʻzbekiston mintaqadagi diqqatni tortuvchi markaz sifatida AQSHning Markaziy Osiyodagi rolini kengaytirish uchun platforma boʻla oladi. Shunday qilib, mamlakat samarali amerikacha strategiyaning Markaziy Osiyodagi asosiy komponenti boʻlishi kutilmoqda.

Qisqa muddat oʻtgach, mintaqa davlatlarining rahbarlarini endi Berlinda kutib olishdi. Vujudga kelgan anʼanadan chetda qolishni istamagan Germaniya “Markaziy Osiyo — Germaniya” formatidagi birinchi sammitni tashkil etdi.

“Beshlik” respublikalarining rahbarlari avval Germaniyaning Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashishdi. Keyin esa, Federal kansler Olaf Shols bilan muloqot davomida tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Sammit oʻtkazilgan kunlarda nemis tahlilchilari va ommaviy axborot vositalari Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy nuqtayi nazardan muhim ekanligi hamda dunyo mamlakatlari bilan hamkorlikni faol rivojlantirib borayotganini qayd etishdi. Bunda Germaniya avvallari mintaqa bilan faol sheriklikka jalb qilinmagani haqida afsus ham bildirildi.

“World Economy” nashridagi maqolada qayd etilganidek, Markaziy Osiyoda aholisi eng zich boʻlgan mamlakat — Oʻzbekiston bilan Yevropadagi eng boy mamlakat — Germaniya oʻrtasidagi savdo aylanmasi hammasi boʻlib bir necha milliard yevroni tashkil qiladi, yaqin paytgacha esa kamtargina 500 million yevroga teng edi, xolos.

— Bu hamkorlarning ulkan salohiyati ustidan hazillashishga oʻxshaydi, — deb yozadi ommaviy axborot vositasi muxbiri. — May oyida Oʻzbekiston Prezidenti Berlinda boʻldi va shunchalik koʻp yangilik yuz berdiki! Oʻn milliard yevrodan ortiq mablagʻga teng kelishuvlar, ikki yuzdan ortiq qoʻshma korxonalar, innovatsion energetik texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha rejalar, qitʼalararo yangi temir yoʻl yoʻnalishlari... Hali sayyohlik, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni qoʻya turaylik...

Oʻzbekiston va Germaniyaning ikki tomonlama munosabatlari alohida rol oʻynashi haqida “Heilbronner-Stimme” gazetasida ham yozishdi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning insonparvarlik tamoyillariga asoslangan islohotlari natijasida mamlakat oʻz ichki siyosatida demokratik yoʻl tutdi, tashqi siyosatda esa ochiqlikka intildi, — deb hisoblaydi maqola muallifi Yurgen Paul. — Oʻzbekistonning iqtisodiyoti jadal surʼatlar bilan oʻsmoqda, yaʼni 2022-yilda 5,7 foizga ortdi. Yaqinda BMT tomonidan oʻtkazilgan, innovatsion faol mamlakatlarni aniqlash boʻyicha tadqiqotda Oʻzbekiston innovatsion salohiyat nuqtayi nazaridan yaxshi rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiritildi. Va u xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirishga harakat qilmoqda.

Aytish joizki, Oʻzbekiston ana shunday siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan kursni butun Markaziy Osiyoga joriy etar ekan, uni ikki tomonlama formatda ham roʻyobga chiqarmoqda.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Dohaga davlat tashrifi doirasida Qatar davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi, unda ikki mamlakat hamkorligini yanada yuqori — strategik sheriklik darajasiga olib chiqish belgilandi.

Davlatimiz rahbarining shu kunlarda boʻlib oʻtgan Moskvaga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralar natijasi boʻlgan Keng koʻlamli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonotni qabul qildilar.

“Toshkent Rossiyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkoriga aylanmoqda”, deb yozadi Yuriy Sigov “Moskovskiy komsomoles” gazetasida chop etilgan maqolasida. Unda keyingi bir necha yil ichida ikki tomonlama munosabatlar qanday rivojlangani tahlil qilingan boʻlib, ushbu munosabatlar kelgusida ham mustahkamlanib, rivojlanib borishiga ishonch uygʻotuvchi bir nechta muhim jihatlar keltirib oʻtilgan. Ular qatorida — Oʻzbekiston tomonidan mustaqil tashqi siyosat yuritilishi, ikki tomonlama aloqalarning salohiyati, ayniqsa, iqtisodiyot, sayyohlik, taʼlim, hamkorlikning mintaqaviy va boshqa jihatlari koʻrsatib berilgan.

Muallifning fikriga koʻra, aholisi boʻyicha Markaziy Osiyoda eng yirik davlat boʻlgan Oʻzbekiston oʻzining barcha qoʻshnilari uchun birlashtiruvchi kuch vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, oʻzining mustaqil tashqi siyosatini yuritishga sodiqligini saqlab qoladi.

Oʻzbekona trend

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqi Oʻzbekistonning va butun mintaqaning global miqyosda mustahkamlanishida soʻnggi yillardagi pragmatik tashqi siyosat kursidagi muhim, oʻziga xos voqelik, bosqich boʻldi.

Koʻpgina tahlilchilar eʼtirof etganidek, davlatimiz rahbari oʻz nutqi bilan nafaqat islohotchi Prezident ekanini mustahkamladi, balki oʻzi haqida global maqsadlar yoʻlidagi hamkorlik tarafdori, deb aytishlariga undadi.

Prezidentimiz jahondagi bosh minbardan turib Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi haqida batafsil maʼlumot berar ekan, Markaziy Osiyoda hamkorlik va barqarorlikning muhimligini yana bir bor taʼkidladi. Mintaqa iqtisodiy rivojlanish markaziga, dunyoning turli hududlarini bogʻlaydigan transport-kommunikatsiya koʻprigiga aylanib borayotganini aytib oʻtdi. Oʻzbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, barqarorlik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yoʻlidan qatʼiy borishini qayd etdi.

Hindistonning “The Economic Times” nashri xalqaro sharhlovchisi Dipandjan Roy Chaudxuru yozganidek, Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat, inson manfaatlariga mos davlat barpo etishga sodiqligini taʼkidladi.

Bunda Prezident dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilib, uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini, Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini koʻrsatib oʻtdi. Shu bois ekologiya muammolarini hal qilish uchun maxsus mexanizm va platformalarni yaratish va faoliyatini qoʻllab-quvvatlash lozimligini, buni esa hamkorlikda, muloqot asosida amalga oshirish kerakligini aytdi.

Afgʻoniston taqdiri kun tartibidan tushmasligi kerak. Prezident bu gal ham ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirish masalasiga toʻxtalib oʻtdi. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan boʻlib, u afgʻon masalasini hal etishda oʻziga xos yondashuvlarni talab qilmoqda. Prezidentimiz afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik lozim, degan fikrni bildirdi. BMTning yuksak minbaridan turib dunyo hamjamiyatini Afgʻoniston muammosini hal etish yoʻlida birlashishga va bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afgʻoniston boʻyicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilashga chaqirdi.

“Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida soʻzlagan nutqi shiddatli va kuchli tashabbuslarga boy boʻldi, ekologik xususiyatdagi muammolarni yechishdan tortib taʼlim, gender tengligi, diniy bagʻrikenglik mavzularigacha boʻlgan ijtimoiy masalalarni qamrab oldi, — deb qayd etdi San-Pablo universiteti qoshidagi Gumanitar tadqiqotlar instituti professori Antonio Alonso. — Oʻzbekiston yetakchisining takliflari oʻz muhimligi darajasi boʻyicha faqat mintaqaviy yoki milliy daraja bilan cheklanmaydi, balki global xususiyatga ega”.

Markaziy Osiyo tadqiqotchisi Oʻzbekiston rahbarining nutqi haqida fikr bildirar ekan, “oʻzbekona trend” degan atamani ishlatdi. “Nutqning asosiy jihatlari Prezident tomonidan keyingi bir necha yilda xalqaro minbarlardan turib aytilgan tashabbuslarining mantiqiy davomi boʻldi. Oʻzbekiston yetakchisi xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini doimo jiddiy tahdid va xatarlarga qaratadi, ularga nisbatan kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrishga chaqiradi. Bunday yondashuv zamonaviy dunyodagi global va ustuvor vazifalar, anʼanalarni chuqur tushunishdan darak beradi”, dedi tadqiqotchi.

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo faol islohotlar va hamkorlikni mustahkamlash maydoniga aylandi. Shavkat Mirziyoyevning mintaqadagi eski kelishmovchiliklarni bartaraf etishga, “beshlik” mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga, boy madaniy merosga ega xalqlarni deyarli 80 millionlik aholisi boʻlgan mintaqani barqaror rivojlantirish maqsadi atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Bu saʼy-harakatlar esa Markaziy Osiyoga geosiyosiy qudrat baxsh etib, dunyo davlatlarining eʼtiborini oʻziga qaratadi, mintaqa global miqyosda dadil harakat qilishiga imkon yaratadi.

 

Oʻtkir Rahmat

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net