/“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvdan boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining amaliy jihatlariga, eng avvalo, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bu borada qo‘shma Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammiti kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Mintaqaviy hamkorlikning boshqa jihatlari ham ko‘rib chiqildi.