O?zbekiston prezidenti sog?liqni saqlash sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

13.11.2022 11:01

O‘zbekiston prezidenti sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Hurmatli shifokorlar!

Muhtaram soha faxriylari!

Avvalo, xalqimiz salomatligini asrashdek masʼuliyatli va sharafli yo‘lda o‘zini ayamasdan, fidokorona mehnat qilayotgan siz, azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

Mashhur yunon tabibi Gippokratning: “Tibbiyot va donishmandlik o‘zaro hamohang va chambarchas bog‘liqdir”, degan so‘zlarida katta maʼno bor.

Darhaqiqat, dunyodagi eng bebaho boylik, tengsiz neʼmat hisoblangan inson sog‘lig‘ini saqlash, bemor ko‘nglida umid va ishonch uyg‘otib, uni sog‘lom hayotga qaytarish uchun shifokor nafaqat chuqur bilim va tajriba sohibi, ayni paytda yuksak aql-zakovat hamda olijanob qalb egasi bo‘lishi darkor. 

O‘z hayotini ana shunday ulug‘ va savobli ishga bag‘ishlab, odamlarning dardiga darmon bo‘lishni muqaddas burch deb bilgan tibbiyot xodimlarining shaʼniga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi, albatta.

                                 

Aziz shifokor va hamshiralar!

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.

“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni jamiyatimiz hayotida to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida keyingi vaqtda yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan muntazam uchrashib, oldimizda turgan vazifalar va dolzarb muammolarning yechimlari haqida fikrlashib olish ibratli anʼanaga aylandi.

Joriy yilda sizlar bilan o‘tkazilgan muloqotlarimiz ham har tomonlama foydali bo‘ldi. Buning natijasida 2022 yilda sohaga oid yigirmadan ziyod qonun, farmon va qarorlar hamda boshqa zarur meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Bugungi kunda sizlarning faol saʼy-harakatingiz bilan tibbiyot xizmati bevosita mahallalarga, har bir yurtdoshimizning xonadoniga kirib bormoqda. Yuqori malakali shifokorlar, olim va mutaxassislar joylarga chiqqan holda, og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarning salomatligini tiklashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Bu yil hududlar bo‘ylab o‘tkazilgan salomatlik aksiyalari davomida yurtdoshlarimizning 210 ming nafari ambulator va 65 ming nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgani salmoqli natijalardan biri bo‘ldi. Biz bunday ezgu va xayrli ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

Inson hayoti va salomatligini asrab-avaylashdek g‘oyat muhim vazifani ado etishda biron-bir masalani eʼtibordan chetda qoldirish, muammolarning yechimini paysalga solish mumkin emasligini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Shu sababli, tibbiyot sohasini rivojlantirish jarayonida, avvalo, bu boradagi mavjud munosabat va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirib, “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga joriy  etish ustuvor masala bo‘lib qolmoqda.

Shu maqsadda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Xususan, birgina 2022 yilda joylarda 100 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, poliklinikalar hamda olis va chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Natijada qo‘shimcha ravishda yana 3,5 million aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmonlar uchun mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobarga oshirildi. Birlamchi tibbiyot muassasalari zamonaviy ultratovush, elektrokardiogramma uskunalari, stomatologik va jarrohlik to‘plamlari bilan jihozlanmoqda.

Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash o‘rinlari tashkil etilishi natijasida 740 ming kishi shifoxonaga bormasdan, bevosita o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish maqsadida ushbu klinikalarga soliq va bojxona imtiyozlari berilib, majburiy turistik yig‘imlar bekor qilindi hamda davlat mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat etildi.

Salomatlik posbonlarining og‘ir va masʼuliyatli mehnatini munosib qadrlash, ularning o‘z kasbidan manfaatdorligini oshirish masalasi ham davlatimizning doimiy eʼtibor markazida turibdi.

Yaqinda soha xodimlarining oylik maoshi 30 foizgacha oshirilib, ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish hamda ustama to‘lovlari joriy etilgani ham bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lganini qayd etish lozim.

Sog‘liqni saqlash tizimida erishilayotgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, hali oldimizda bajarishimiz zarur bo‘lgan vazifalar ham yetarli ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Bu haqda gapirganda, tibbiyot tizimini rivojlantirish yo‘lida boshlangan va xalqimiz salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi masalalarni taʼkidlab o‘tish o‘rinli, deb o‘ylayman. 

Bugungi kunda bemorlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda ularning tanloviga hurmat bilan qarash zarurligini hayotning o‘zi taqozo qilmoqda.

Ana shu zaruratdan kelib chiqib, bundan buyon tibbiyot tizimini “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” tamoyili asosida moliyalashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Yaʼni, mablag‘lar tibbiyot muassasalariga umumiy tarzda emas, balki davolangan bemorlarga sarflangan xarajatlardan kelib chiqqan holda yo‘naltiriladi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash, ularni malakali tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish masalalari bundan buyon ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. 

 

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Sog‘liqni saqlash sohasini tezkor va samarali, xalqchil tizimga aylantirish yo‘lidagi islohotlar jarayonida sizlar o‘z zimmangizdagi masʼuliyatni sharaf bilan ado etish uchun bor bilim va mahoratingiz, salohiyat va tajribangiz, azmu shijoatingizni namoyon etishingizga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz shifokorlar!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net