O'zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg shahrida bo'lib o'tgan MDHning norasmiy sammitida ishtirok etdi

27.12.2023 03:32

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha Sankt-Peterburg shahrida MDHga a'zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashdi.

Uchrashuvda 2023-yilgi ko'p tomonlama hamkorlikning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yilga mo'ljallangan ustuvor vazifalar ko'rib chiqildi. MDH doirasida ko'p qirrali munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda mamlakatimiz Hamdo'stlikda faol ishtirok etmoqda.

O'zbekiston 20 dan ortiq tarmoq bo'yicha hamkorlik organlariga hamda ustuvor soha va tarmoqlar bo'yicha 24 ta muhim bitimga qo'shildi.

MDH mamlakatlari kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo'yicha loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi va deyarli barcha tarmoqlarni qamrab olgan.

Davlatimiz rahbari MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni tubdan kengaytirish va hamkorlikning amaldagi institutsional mexanizmlari samaradorligini oshirish zarurligini alohida qayd etdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net