O?zbekiston Prezidenti Ostona shahrida bo?lib o?tgan MDH davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi

14.10.2022 19:32

“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  bugun Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tayotgan sammit ishida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu borada erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yana-da kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini bayon qildi.

Taʼkidlanganidek, jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etmoqda.

Hamdo‘stlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy o‘sishga erishish muhimligi qayd etildi.

Mavjud xatarlarga qaramasdan, MDH doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy o‘sish surʼatlarini taʼminlashga muvaffaq bo‘linayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Xususan, O‘zbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar aylanmasi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 35 foizga oshdi, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga o‘sdi.

Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgina so‘nggi oylarning o‘zida MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.

Madaniy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha taʼsirchan choralar ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari narx-navoning sunʼiy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

Mamlakatlarimizning transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhimdir. Bu o‘rinda gap «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» hamda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘llarini qurish loyihalari haqida bormoqda. Ular MDHni transqitʼaviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga ko‘maklashadi.

MDH makonidagi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri madaniy-gumanitar sohadir.

O‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz kelgusi yilda O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining «Yoshlar innovatsiya tarafdori» shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazishni taklif qildi.

O‘zbekiston taʼlim, fan, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va sanʼat borasidagi qo‘shma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yana-da faol ko‘maklashish va ishtirok etishga tayyorligi taʼkidlandi.

2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb eʼlon qilinishi to‘g‘risidagi qaror ko‘llab-quvvatlandi. 2024 yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi. 

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazishni taklif qildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini maʼqulladi hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga 2023 yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Majlisda yetakchilar MDH doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va muhim hamkorlik loyihalarini ilgari surish yuzasidan fikr almashdi. Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilishda MDH Parlamentlararo assambleyasi salmoqli o‘rin tutishi qayd etildi.

Sammit natijalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikning turli sohalariga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net