O'zbekiston Prezidenti: Endi iqlim o'zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o'zgartirishimiz kerak

18.11.2023 01:44

/"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanidagi Habib Abdullayev mahallasida bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, bu mahallada 4 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ellikka yaqin savdo do'konlari va xizmat ko'rsatish shoxobchalari, ta'lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. 38 ta ko'p qavatli uy va to'rtta ijtimoiy obyektga "Madaniyatli hudud" boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko'rsatadi.

 

Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda otalar choyxonasi, amfiteatr, "Wi-Fi" hudud barpo etildi, ichki yo'llar va bolalar maydonchalari ta'mirlandi.

Mas'ullarning e'tibori, aholining hamjihatligi sabab hududning manzarasi tubdan o'zgardi. "Yashil makon" loyihasi doirasida shu kuzda 2 ming tupdan ortiq manzarali va mevali ko'chatlar ekildi. Ikkita artezian quduq qazilib, yashil maydonlarni sug'orish tizimi yaratildi.

 

Davlatimiz rahbari shu yerda tuman faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular o'z mahallalari obod bo'lgani, energiya tarmoqlari ta'mirlanib, qishga puxta tayyorgarlik ko'rilganini aytishdi.

Prezident energiyani tejash, xonadonlardagi issiqlikni asrash, har bir insonda bunga daxldorlikni shakllantirish zarurligini ta'kidladi.

 

- Dunyodagi iqlim o'zgarishlari bizdan uzoqda, deb bo'lmaydi. O'tgan yilgi sovuq buni ko'rsatdi. Endi iqlim o'zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o'zgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro «bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening Vatanim» deb yashasa, natija biz kutgandek bo'ladi, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Bu mahallada ham qish oldidan o'nta transformator ta'mirlandi, elektr simlari almashtirildi. Ko'p qavatli uylarning kirish yo'laklar kapital ta'mirlandi, yangi eshiklar o'rnatildi. Uylarning yerto'lasidagi issiqlik quvurlari yangilandi.

 

Davlatimiz rahbariga Chilonzor tumaniga tashrif chog'ida berilgan topshiriqlarga muvofiq qishga ko'rilgan tayyorgarlik haqida axborot berildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net