O?zbekiston Prezidenti Butunjahon turizm tashkiloti bilan ko?p qirrali hamkorlik darajasini yuqori baholadi

16.10.2023 18:00

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi.

O‘zbekiston turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha BMTning ixtisoslashtirilgan instituti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turizm tarmog‘ini isloh qilishda O‘zbekistonning strategik hamkoriga aylangan YUNVTO bilan hamkorlikda misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Ipak yo‘lida turizm” brendini keng yoyish, jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizga turizm yo‘nalishlarini ommalashtirish, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar yuqori baholandi.

Mamlakatimizda YUNVTO Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi o‘tkazilishi, uning doirasida Samarqand shahrida Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yo‘li” tematik ofisining ochilishi hamkorlikning muhim amaliy natijalari bo‘ldi.

YUNVTO bosh kotibi O‘zbekiston Prezidentiga turizm sohasining joriy yilgi bosh xalqaro tadbiri yuksak saviyada tayyorlanishi va tashkil etilishiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Forumda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan yuqori darajali delegatsiyalar ishtirok etayotgani global va mintaqaviy turizm markazlaridan biri sifatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Bosh Assambleya doirasida turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalar, oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar ishtirokida investitsiya va ta’lim forumlari ham bo‘lib o‘tadi. Ular yakunida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidani aniq shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Uchrashuv yakunida yubiley sessiyaning asosiy yakunlarini amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net