O'zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga safari boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif O'zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri o'rtasida may oyida Toshkent shahrida o'tkazilgan oliy darajadagi muloqot davomida erishilgan kelishuvlarning ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Delegatsiya tarkibidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari o'rin olgan.
Tashrifning asosiy maqsadi – ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul idoralari o'rtasida o'zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va sohada amaliy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Safarning birinchi kuni Malayziya Parlamenti Senatining Davlat boshqaruvi, halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha maxsus qo'mitasi raisi Arman Azxa Abu Xanifa bilan uchrashuv o'tkazildi. Korrupsiyaga qarshi samarali kurashishni ta'minlashda shaffof va hisobdor davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishda parlamentning o'rni, ikki mamlakatning bu boradagi tajriba va yondashuvlari xususida o'zaro fikr almashildi.
Malayziya parlamenti vakillari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va joriy yil oktyabr oyida davlat vakillik organlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayoni bilan batafsil tanishtirildi.
O'zbekiston tomoni, shuningdek, "Transparency International Malaysia" tashkiloti va "Korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashish markazi" rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazdi.
Malayziya tomoniga O'zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va uning asosiy yo'nalishlari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ushbu jarayonlarda Agentlikning o'rni xususida batafsil axborot berildi.
Mazkur tashkilotlar vakillari bilan doimiy tajriba almashish mexanizmlarini ko'rib chiqish, qo'shma loyihalarni ishga tushirish hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
"Transparency International" xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2023-yil natijalariga ko'ra, Malayziya 180 ta davlat orasida 57-o'rinni egallagan. Mamlakatdagi islohotlar natijasida hukumat oldida 10 yil muddatda 25-o'ringa chiqish vazifasi qo'yilgan.