Oʻzbekiston Konstitutsiyasi: iqtisodiy islohotlar xalq ishonchini oqlashga qaratilgan

09.06.2023 16:56

Oʻtgan olti yilda mamlakatimizda iqtisodiyotni jadal rivojlantirish orqali barcha aholi qatlamining turmush darajasini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli jabhalarida liberallashtirish, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash borasida tizimli choralar koʻrildi.

Katta islohotlar uchun 5-6 yil qisqa vaqt hisoblanadi, lekin shu qisqa davrda iqtisodiy sohada soliq siyosati, byudjet tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish hamda pul-kredit tizimini tartibga solish borasida zamonaviy mexanizmlar joriy etildi. Iqtisodiyotda tizimli muammolarni va tarkibiy nomutanosibliklarni bartaraf etishda eng muhim qadamlardan biri valyuta bozorini liberallashtirish boʻldi.

Iqtisodiy islohotlarga mos soliq-byudjet siyosatini yuritish va byudjet mablagʻlarini samarali taqsimlash maqsadida yangi tahrirdagi Soliq va Byudjet kodekslari qabul qilindi. Davlat byudjeti qonun koʻrinishida qabul qilinmoqda. Qonunchilik darajasida tavakkalchiliklar va tashqi taʼsirlarni boshqarish uchun yetarlicha moslashuvchan shart-sharoitlarni taʼminlovchi yuridik normalar milliy qonunchiligimizga singdirilmoqda, fiskal qoidalar takomillashtirilmoqda.

Oʻtgan olti yil davomida soliq, byudjet, pul-kredit siyosati va boshqa iqtisodiy jarayonlarni muvofiqlashtirishning huquqiy asoslariga oid 14 ta yangi qonunlar qabul qilindi. 9 ta qonun oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi. Shuningdek, amaldagi 50 ta qonunlarga 273 ta oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Bularning barchasi keng qamrovli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Oʻzgarishlar natijadorligi

Soliq siyosatini takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirishga oid normalarning qonunlarda aks ettirilishi hisobiga soliq yuki sezilarli darajada kamaytirildi. Soliq stavkalarining pasaytirilishi bilan bir paytda soliq tizimini soddalashtirish tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshishiga imkon yaratdi.

Kamroq soliqlar tadbirkorlarga oʻz xarajatlarini kamaytirish, investitsiyalarni koʻpaytirish va biznesni kengaytirish imkonini berayotganligini statistik maʼlumotlardan ham koʻrishimiz mumkin. Soʻnggi olti yildagi asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi deyarli 4 marotabaga koʻpayib, uning tarkibida markazlashmagan investitsiyalar miqdori muttasil oshib bormoqda. Ayni paytda ularning jami investitsiyalardagi ulushi 85 foizga yetib qoldi.

Soliq yukini kamaytirish tadbirkorlarni yangi tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga undamoqda. Natijada 2018 — 2022-yillar mobaynida mamlakatimizda 424 mingdan ortiq kichik korxona va mikrofirmalar yangidan tashkil etildi. Bugungi kunda iqtisodiy faol aholining 67,2 foizi (10 million kishi) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgani ham tadbirkorlik iqtisodiyotning yetaklovchi kuchiga aylanganligining isbotidir.

Soliq tizimini soddalashtirish va byurokratik jarayonlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik faoliyati osonlashtirildi va soliq majburiyatlarini bajarish xarajatlari sezilarli kamaytirildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizga tushirildi. Xorijiy investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlar uch yil muddatga foyda soligʻidan ozod qilindi. Bu esa xorijdan kelib faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun qulay fiskal tizim yaratilganligini anglatadi.

Biznesni davlat tomonidan muvofiqlashtirishda ortiqcha maʼmuriyatchilikdan erkin bozor tamoyillariga asoslangan bilvosita boshqaruv usullariga oʻtish jarayonlari jadallik bilan olib borilmoqda. Qonunchilik hujjatlarida davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi, 70 tasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida oʻtkazildi. Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi boʻyicha xabardor qilish tartibi kiritildi.

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini keskin kamaytirish, iqtisodiyotda erkin raqobat muhitini yaratishga qaratilgan qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda. Xususan, “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi parlament palatalarining muhokamasidan oʻtkazilib maʼqullandi. Ushbu qonunning qabul qilinishi va kuchga kirishi bozor ishtirokchilari oʻrtasida tenglikni taʼminlashga hamda tovar va moliya bozorlarida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, ilgʻor bank tizimini joriy etish, sohada raqobat muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlar olib borildi. Bu borada bank tizimini isloh qilishning milliy strategiyasi qabul qilinib, tijorat banklarini transformatsiya qilish ishlari boshlangan. Ushbu jarayonda banklarning kapitallashuv darajasi va depozit bazasini oshirish, istiqbolli investitsiya loyihalarida tijorat banklari ishtirokini kengaytirish, bank tizimi barqarorligini taʼminlash va xatarlarni xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq boshqarishga asoslangan bank nazorati tizimida prudensial chora-tadbirlarni qoʻllashning qonunchilik asoslari takomillashtirildi.

Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida qator tizimli islohotlar amalga oshirildi. Tadbirkorlar uchun teng sharoit yaratish maqsadida biznesni rivojlantirish, maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish, tadbirkorlarning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va xususiy mulk huquqining daxlsizligini taʼminlashga oid bir qancha qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar samarasi oʻlaroq keyingi besh yilda xoʻjalik yurituvchi subyektlar soni 479 mingtaga yetdi yoki qariyb ikki baravar koʻpaydi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotining jozibadorligini oshirish borasida tashqi savdo-iqtisodiy hamkorlar bilan aloqalar yanada erkinlashtirilmoqda. Xususan, investorlar uchun zarur boʻlgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Yangi tashqi bozorlarga kirish maqsadida Oʻzbekistonning xalqaro moliyaviy va savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayoni jadallashtirilmoqda.

Qonun hujjatlarida chet ellik ishbilarmonlar va investorlar huquqlarining himoyasi kuchaytirildi. Ularga Oʻzbekistonda koʻchmas mulk sotib olish, kelib-ketish va yashash shartlarini soddalashtirishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Investorlar bilan davlat idorasi oʻrtasida yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar biznes subyekti foydasiga hal qilinishi qonunchilikda aks ettirildi.

Chet ellik tadbirkor va investorlarga berilayotgan bunday imkoniyat va kafolatlar oʻz natijasini koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda bir yilning ichida kiritilgan xorijiy sarmoyalar hajmi esa 10 milliard dollarga yetdi yoki 2017-yildagiga nisbatan 3 barobar oshdi. Bu esa iqtisodiyotimizga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan hamda eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar hajmini oshirish imkonini beradi.

Konstitutsiya huquqiy boʻshliqlarni toʻldirishga undaydi

Mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yoʻl ochish, tadbirkorlar erkin faoliyat olib borishi uchun sogʻlom raqobat muhitini yaratib berish, shaxsning mulk huquqi himoya qilinishini kafolatlash boʻyicha yaqindagina yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda huquqiy asoslar kuchaytirildi. Bir qancha yangi normalar qabul qilinishi iqtisodiyotda bozor mexanizmlarining toʻliq amal qilishi, tovar va moliya bozorlarida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlik faoliyati erkinliklarini taʼminlash borasidagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qiladi.

Birgina misol, Konstitutsiyaning 1-moddasida Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida talqin etilishi qonunchiligimizda bir qancha yangi huquqiy mezonlarning joriy qilinishini taqozo etadi. Chunki “Ijtimoiy davlat” tamoyili insonning munosib hayoti va erkin rivojlanishini taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan davlat siyosatini olib borishni taqozo qiladi.

Shu oʻrinda aholi farovonligini taʼminlashning iqtisodiy mexanizmlarini ishga solish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Xususan, mamlakatda rivojlangan ijtimoiy sugʻurta institutlari tizimi samarali faoliyat olib borishi, adolatli soliq siyosati oʻrnatilishi, ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada rivojlantirilishi, milliy daromad va milliy boyliklarning adolatli taqsimlanishi hamda ushbu jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi institutlar funksiyalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish borasida huquqiy bazani takomillashtirish taqozo etiladi.

Darhaqiqat, aholi barcha qatlamlarining munosib hayot kechirishini taʼminlash borasida soʻnggi yillarda mamlakatimizda xalqchil soliq va byudjet siyosati yoʻlga qoʻyildi. Bu eng avvalo, byudjet jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan bir qator ishlarda oʻz aksini topmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 148-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi. Ushbu moddaning amal qilishi byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlashning huquqiy asoslarini yanada kuchaytirishga undaydi. Byudjet jarayoniga oid tegishli maʼlumotlarning eʼlon qilib borilishi fuqarolarning axborot olishga doir huquqlarini taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish imkonini beradi.

Shuningdek, “ochiq byudjet” portali, shu jumladan, “tashabbusli byudjet”, “mening yoʻlim”, “obod qishloq” va “obod mahalla” loyihalarini shakllantirish, byudjet mablagʻlarini aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarga ustuvor ravishda yoʻnaltirish va ularning natijadorligini taʼminlash jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash mexanizmlari yanada takomillashtiriladi.

Tadbirkorlik erkinliklari kafolatlariga oid bir qancha normalarning Konstitutsiyada aks ettirilishi bu boradagi keng qamrovli islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga chetdan aralashish yoki toʻsqinlik qilish, ularning mol-mulki va mablagʻlaridan erkin foydalanishiga gʻayriqonuniy cheklovlar qoʻyishni bartaraf etishning huquqiy mexanizmlarini joriy qilishga huquqiy yoʻl ochadi.

Shu oʻrinda Konstitutsiyaning 41-moddasida nafaqat bankka qoʻyilgan omonatlarning, shuningdek, bank operatsiyalarining va hisobvaraqlarning ham sir tutilishi qonun bilan kafolatlanishi bank operatsiyalarining siri va bank hisobvaraqlari maxfiyligini taʼminlashga oid toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi konstitutsiyaviy norma sifatida qabul qilinganligi muhim ahamiyatga ega. Bank siri va bank hisobvaraqlari maxfiyligiga konstitutsiyaviy maqom berilishi bank mijozlarining shaxsiy maʼlumotlaridan noqonuniy yoki jinoiy maqsadlarda foydalanishning oldini olish borasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Tadbirkorlik erkinliklarini taʼminlash borasida Konstitutsiyaning 67-moddasi ikkinchi qismiga kiritilgan yangi norma tadbirkorlar uchun qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga oid haq-huquqlarini belgilaydi. Ushbu normaning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi tadbirkor uchun qonun hujjatlarida cheklov qoʻyilmagan iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shundan kelib chiqib, amaldagi qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini muvofiqlashtiruvchi huquqiy normalarni qayta koʻrib chiqish hamda tadbirkor oʻz biznes strategiyasini mustaqil ravishda belgilashi uchun yuridik asoslarni aniqlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida Konstitutsiyaga erkin tadbirkorlik tamoyillarining kiritilishi hamda tadbirkorlikni rivojlantirishning mamlakat ravnaqi uchun muhimligi muhrlab qoʻyilganligi tadbirkorning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga oid normalarni kiritishga asos boʻladi.

Keyingi yillarda islohotlar chuqurlashgan sari qonunchilikda mulk huquqi va uning qonun bilan himoyalanishi borasida huquqiy boʻshliqlar mavjudligi koʻzga tashlanib qolgan edi. Tadbirkorlik erkinligining muhim shartlari sifatida Konstitutsiyaning 65-moddasi uchinchi qismida “Mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas”, deb qatʼiy belgilab qoʻyilishi bir qancha qonunlarda, shu jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻQrisida”gi, “Intellektual mulk obyektlari toʻQrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻQrisida”gi va boshqa qonunchilik hujjatlarida mulk daxlsizligiga oid tegishli normalarni qayta koʻrib chiqishni talab etadi.

Shu oʻrinda mulk daxlsizligi nafaqat mulkning kafolatlari va himoyasini taʼminlashda, shuningdek, iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiyalarni jalb etishning asosiy talablaridan biri ekanligini hisobga olib, qonunchilikda tadbirkorlik faoliyati uchun biznes muhitining barqarorligi va ishonchliligini taʼminlovchi huquqiy bazaning toʻlaqonli shakllantirilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Erkin bozor tamoyillari asosida iqtisodiyotni rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Konstitutsiyaning 65-moddasi birinchi qismida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratib berishiga oid majburiyati belgilab qoʻyilgan. Ushbu normaning amal qilishi iqtisodiyotning erkin rivojlanishi tamoyiliga mos boʻlib, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini cheklagan holda, tadbirkorlarga erkin rivojlanish va bozorda halol raqobatlashishi uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatni yaratib berishini nazarda tutadi. Ushbu norma, oʻz navbatida, qonunchilikda davlat tomonidan bozorni tartibga solishning bilvosita usullarini qoʻllash borasidagi huquqiy asosni yaratishga yoʻl ochadi.

Shuningdek, ushbu moddada belgilangan halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi davlatning majburiyatlari esa tovar va moliya bozorlarida nafaqat raqobatga qarshi harakatlarni tiyib turish, shuningdek, bozorlarga yangi ishtirokchilarning kirib kelishini ham taʼminlaydigan, raqobatchilarni koʻproq innovatsiyalar asosida rivojlanishga undovchi normalarning tegishli qonun hujjatlarida aks ettirilishiga huquqiy zamin boʻlib xizmat qiladi. Shu jumladan, insofsiz va adolatsiz raqobatga qarshi kurashish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga undaydi.

Tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini shakllantirish nuqtayi nazaridan Konstitutsiyaning 67-moddasiga monopol faoliyatni tartibga solish va cheklashga oid norma kiritildi. Buning huquqiy ahamiyati nafaqat monopollashgan bozorlarda korxona, kompaniya yoki shaxslar guruhi tomonidan bozorning katta qismini yoki toʻliq nazorat qilinishi bilan bogʻliq qator salbiy oqibatlarning oldini olish, ayni chogʻda iqtisodiyot tarmoqlari, eng avvalo, sanoatga innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni olib kirish hamda yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga sarmoyalar kiritishni ham ragʻbatlantirish bilan bogʻliq.

Qonun ijodkorligida yangi vazifalar

Iqtisodiy islohotlarning konstitutsiyaviy tamoyillari iqtisodiyotda tadbirkorlik faolligini oshirish, mavjud resurs va salohiyatlardan samarali foydalangan holda jamiyatni barqaror rivojlantirishning maqsad va vazifalarini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatli. Shu oʻrinda davlatning jamiyatni barqaror rivojlantirishga oid vazifalari, yaʼni iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, ijtimoiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini joriy etish borasidagi majburiyatlari qonunchilikni takomillashtirish borasida bir qancha yangi vazifalarni kun tartibiga qoʻymoqda.

Ulardan eng muhimlari:

— hududlarda aholi bandligini taʼminlash va qashshoqlikni qisqartirish;

— milliy iqtisodiyotimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladigan normalarni qonunchiligimizga singdirish;

— milliy iqtisodiyotimizga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan sohalarga yoʻnaltirish imkonini beradigan huquqiy bazani takomillashtirishdan iborat.

Shuningdek, barqaror iqtisodiy oʻsishning muhim shartlaridan biri — makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda inflyatsiya darajasini bosqichma-bosqich qisqartirib borish, Davlat byudjeti taqchilligi va davlat qarzi miqdorlarini belgilangan meʼyorlardan oshmasligini taʼminlashga qaratilgan “fiskal qoidalar”ning Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun doirasida sifatli ijrosini taʼminlashdan iborat. Shu oʻrinda global siyosiy va iqtisodiy jarayonlardagi oʻzgaruvchan sharoitlar bu boradagi qonunchilik asoslarida islohotlarning moslashuvchanligini oshirishga imkon yaratuvchi huquqiy normalarni ham hisobga olishni taqozo qilishini unutmaslik lozim.

Bundan tashqari, xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, ilgʻor bank tizimini joriy etish va sohada raqobat muhitini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalari ustida ham ish olib boriladi. Ushbu jarayonda banklarning mustaqilligi, kapitallashuv darajasini hamda likvidlik salohiyatini oshirish, istiqbolli investitsiya loyihalarida tijorat banklari ishtirokini kengaytirish, islomiy bank xizmatlarini joriy qilish borasida huquqiy asoslarni shakllantirishni va takomillashtirishni talab etadi.

Xulosa oʻrnida aytganda, Konstitutsiyada tadbirkorlik erkinligi kafolatlanishi, sogʻlom raqobat muhitining yaratib berilishida davlatning majburiyatlari aniq belgilanishi, shaxsning mulk va boshqa haq-huquqlari qonunda belgilangan tartibda himoya qilinishi xalqimizning “Ijtimoiy davlat” tamoyilini roʻyobga chiqarishga qaratilgan davlat siyosati va islohotlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda. Yaʼni Oʻzbekistonning rivojlanib borishida “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarishning konseptual jihatlari Konstitutsiyamizda oʻz aksini topishi xalq ishonchini muqaddas tuygʻu sifatida qadrlab, uni oqlashga qaratilgan muhim qadam boʻldi. Endigi navbat Bosh qomusimizda bu borada belgilangan har bir huquqiy mezon va tamoyillarni hayotimizga singdirishdan iborat.

Iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, islohotlarning natijadorligini va samaradorligini taʼminlovchi huquqiy asoslarni maromiga yetkazish qonun ijodkorligida muhim oʻrin tutadi. Bu borada Qonunchilik palatasi va uning tegishli masʼul qoʻmitalari oʻzlariga aniq rejalarni belgilab olmoqda.

 

Sharofiddin Nazarov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net