O?zbekiston - Isroil bojxona idoralari o?rtasida axborot almashuvi yo?lga qo?yiladi

26.10.2022 11:02

“Dunyo” AA/. Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Jahon Bojxona tashkilotining «Konteynerda tashuvlarni nazorat qilish» global dasturi doirasida amaliy safar bilan Isroilda bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizda olib borilayotgan faol tashqi siyosat natijasida ko‘plab davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yurtimiz delegatsiyasining Isroilda yuqori saviyada kutib olingani ham buning yaqqol isbotidir.

Isroil bojxona boshqarmasi mamlakat soliq maʼmuriyati tarkibidagi tuzilma hisoblanib, ushbu davlatning tashqi savdo siyosatini belgilaydi. Import va eksport jarayonlarining qonuniyligini taʼminlaydi. Bunda noqonuniy hatti-harakatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratishi diqqatga sazovor. Isroil hozirga qadar 13 ta mamlakat bilan erkin savdo shartnomalarini, 33 ta davlat, shu jumladan, O‘zbekiston bilan bojxona masalalari bo‘yicha hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Isroil bojxonasida «Global Gate» hamda Yagona oyna — “Maslul” kabi ilg‘or axborot tizimlari joriy etilgan.

Xususan,  Isroil bojxonasi maʼmuriy binosida O‘zbekiston delegatsiya aʼzolari uchun ushbu mamakat bojxona xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishtirishga  bag‘ishlangan alohida seminar tashkil qilindi.

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev va mamlakatimiz elchisi Feruza Mahmudova ishtirok etdi.

Seminarda Isroilda bojxona tizimi ish jarayoni va o‘ziga xos xususiyatlari taqdim qilindi.

Tashrif doirasida, shuningdek,  Isroil bojxona xizmati bosh direktori Kfir Xen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Isroil davlati o‘rtasidagi tovarlarning tashqi savdo aylanishi hajmida o‘sishi kuzatilmoqda. O‘zbekistondan Isroilga ko‘proq to‘qimachilik, meva-sabzavot va farmatsevtika mahsulotlari eksport qilingan.

Ikkala mamlakat o‘rtasida tashqi savdoni yana-da rag‘batlantirish bojxona idoralarining o‘zaro izchil hamkorligini taqozo etadi. Hozirgi paytda amalda bo‘lgan O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida bojxona masalalarida o‘zaro yordam to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim bundan 24 yil muqaddam imzolangan hujjatdir. Bundan ko‘rinadiki, Isroil davlati bilan hamkorlikning huquqiy asoslarini hozirgi davr talablaridan kelib chiqqan holda yana-da mustahkamlashga zarurat mavjud.

Uchrashuvda mamlakatimiz delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston-Isroil bojxona idoralari o‘rtasida o‘zaro onlayn axborot almashuvini yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama statistik maʼlumotlarni taqqoslash, bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurash hamda transchegara noqonuniy moliyaviy operatsiyalarining oldini olish bo‘yicha (FATF) hamkorlik kelishuvlarini imzolash taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, xavflarni boshqarish, kiberxavfsizlik, profayling hamda kadrlar salohiyati va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, muntazam uchrashuvlar (masofaviy) o‘tkazish, Ben-Gurion aeroportiga o‘zbek bojxonachilarini, Davlat bojxona qo‘mitasi Situatsion markaziga esa Isroil bojxonachilarining xizmat safarlarini tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Tomonlar olib borilgan muzokaralar yakunida  hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzolashdi.

 Qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Isroil bojxonasi rahbarini O‘zbekistonga taklif qildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net